Fathnomayi sultoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Fathnomayi sultoniy
Muallif(lar) Mir Olim Buxoriy
Til fors

Fathnomayi sultoniy (Sulton fathnomasi, Tarixi amir Nasrulloxon) – tarixiy asar. Muallifi Mir Olim Buxoriy. U Buxoro amiri Amir Nasrulloxon (1826–1860) davrida Gʻuzor hokimi Muhammad Olimbekning xizmatida boʻlgan va uning topshirigʻiga koʻra ushbu asarni yozgan[1]. Mazkur asar Buxoro amiri Amir Shohmurod (1785–1800) hukmronligi davridan to Amir Nasruloxongacha boʻlgan davr tarixini yoritib beruvchi manbalardan biri hisoblanadi. Asar „Tarixi amir Nasrulloxon“ nomi bilan ham ataladi[1]. „Fathnomayi sultoniy“ asari soʻz boshi, 29 bob va bayondan iborat. Asar XVIII asrning boshlaridagi voqealar bilan boshlanadi. „Fathnomayi sultoniy“ asarida Buxoro amirlari Amir Shohmurod va Amir Haydar (1800–1826) hukmronlik davri, Amir Nasrulloxon va uning yurishlari, Qoʻqon xoni Umarxon bilan munosabatlari, Shahrisabzni bosib olish uchun qilgan yurishlari, hokimiyat uchun olib borgan yurishlari haqida maʼlumotlar keltirilgan[1]. „Fathnomayi sultoniy“ asari koʻproq Amir Nasrulloxon davri yoritilgan[2]. Asar Buxoro amiri Amir Nasrulloh hukmronligining dastlabki yillarida Mir Olim Buxoriy koʻrgan va shaxsiy kuzatuvlari natijasida yozib tugallangan[1]. „Fathnomayi sultoniy“ asari qoʻyozma nusxalaridan biri Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi[3]. Mazkur asarning birinchi jildi boʻlib, ikkinchi jildi maʼlum sabablarga koʻra yozilmay qoladi[2]. „Fathnomayi sultoniy“ asari Buxoro amirligi davri tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Akademik olim Boʻriboy Ahmedov tadqiqotlariga koʻra „Fathnomayi sultoniy“ asarining maʼlum qismlari Chexovich tomonidan rus tiliga tarjima qilingan va chop etilgan[4].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Зияева 2022, s. 38.
  2. 2,0 2,1 Doniyorov Alisher 2020, s. 219.
  3. Doniyorov Alisher 2020, s. 218.
  4. Аҳмедов 2001, s. 239.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Зияева Доно. Ўзбекистон тарихига оид манба ва тадқиқотлар. Тошкент: Nurafshon business, 2022 — 456 bet. ISBN 978-9943-6044-2-1. 
  • Doniyorov Alisher. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi. Toshkent: NIF MSH, 2023 — 444 bet. 
  • Аҳмедов Б. Ўзбекистон тарихи манбалари. Тошкент: Ўқитувчи, 2001 — 352 bet.