Fargʻonada ocharchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Fargʻonada ocharchilik
Mamlakat: O'zbekiston
Hudud: Fargʻona
Fojea turi: Ocharchilik
Boshlandi: 1917-yil oxiri
Tugadi: 1923-yil
Halok boʻlgan: 1 mlndan ortiq

Fargʻonada ocharchilik — Fargʻona viloyatida 1917—1923-yillarda yuz bergan mudhish falokat. Ocharchilik yuz berishi natijasida Fargʻona vodiysining oʻzida 1 milliondan ortiq odam qurbon boʻlgan.

Boshlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1917-yilda Rossiyada bolsheviklar hokimiyatni egallagandan keyin xususiy mulkchilikni yoʻq qilishga, iqtisodiy hayotining hamma sohalarida sotsialistik ruhdagi davlat mulkchiligini oʻrnatishga kirishganlar. Birinchi jahon urushi va 1917-yilgi oktyabr inqilobidan soʻng yuzaga kelgan fuqarolar urushi natijasida mamlakat hududida katta inqiroz kelib chiqdi. Natijada iqtisodiy-ijtimoiy hayot izdan chiqib, Rossiyaning bir qancha hududlarida ocharchilik roʻy berdi. Turar Risqulov 1919-yil Fargʻonadagi vaziyatni ogʻirligini aytib o'tgan edi. Fargʻonada Sovet hokimiyati rus aholisi bor shaharlarga eʼtibor qaratayotgani, musulmon qishloqlarida sovetcha hukumati emas, Nikolay podsho zamonidagi tartiblar hukm surishi, pristav va volost boshqaruvchilarining oʻrniga qaroqchilar toʻdasi kelganini afsus bilan tilga oladi. Oʻlka oziq-ovqat direktoriyasi 1918-yilning 15-iyunida tashkil qilinadi. uning tarkibiga 3 kishi kiritilgan. Turkistonda 1919-yilning 4-iyuniga kelib oziq-ovqat diktaturasi joriy etilgan.

„Sinfiy non payogi to‘g‘risida“gi dekretga koʻra, Turkistonda kartochka tizimi joriy etilgan. Buning uchun hududdagi aholi uchta toifaga ajratilgan:

  • I guruh qizil askar, ishchi va mas’ul xodimlar kuniga 1 funt (1 funt — 409,5 gr)
  • II guruh qora ishlarni bajaruvchi ishchilar, xizmatchilar 0.5 qadoq (205 gr)
  • III guruh ishchilar va burjuaziya chorak qadoq (102 gr) non olishi mumkin edi[1].

Mahalliy aholi koʻpincha o‘zining kichkina ulushi bo‘lgan 100—200 gramm nonni olishdan ham mosuvo qilingan. Bu dekret, eng avval, rus aholisidan iborat ishchilar sinfini taʼminlashni nazarda tutgan. Namangan uyezdining oziq-ovqat bo‘limida aholiga taʼminot uchun payok berilganda, uyezdning mahalliy aholisiga undan birorta ham ulush ajratilmagan. Oziq-ovqatni taqsimlashda qo‘llanilayotgan milliy tengsizlik siyosati Turkiston ASSR sovetlarining VIII syezdida (1919-yil sentyabr—oktyabr) mahalliy delegatlar tomonidan qattiq tanqid qilingan va nazorat ostiga olingan. Andijondan kelgan delegatning taʼkidlashicha, oziq-ovqat bo‘limiga kelayotgan barcha mahsulotlar viloyatning yevropalik aholisiga tarqatilgan. Mahalliy aholiga hech narsa berilmagan.

Farg‘ona viloyatidagi ocharchilik 1917-yil oxiri 1918-yil boshlarida boshlangan. Ocharchilik 1921—1923-yillarda choʻqqisiga chiqdi. Ochlik natijasida eng ko‘p kichik yoshdagi bolalar halok boʻlgan. Bu davrda vodiydagi shaharlar va eski shahar qismlari och qolgan odamlar bilan to‘lib ketgan. Ular masjid, qabristonlar hamda ko‘cha-ko‘ylarda tilanchilik qilib aylanib yurgan. Qishloqlar va shaharlardagi ko‘chalar har kuni ochlik tufayli vafot etgan o‘nlab va yuzlab odamlarning murdalariga to‘lib ketgan.

Farg‘onada ochlik oqibatlarini tugatish komissiyasiga 1922-yilda qishloqdan kelgan vakilning maʼlumot berishicha, markazga yetib kelguncha 30 chaqirim yo‘l ustida badani hali sovib ulgurmagan 17 nafar jasadni yostiq, odeyal, ketmonlarni quchoqlagancha o‘lib yotgan holida ko‘rgan. Bu odamlar ro‘zg‘orlaridagi oxirgi narsalarini olib, yeyishga biror nimaga ayirboshlash uchun bozorga otlanganlar va yo‘lda ochlikdan vafot etishgan. Farg‘ona viloyati sovetlarining XIII syezdida viloyat inqilobiy qo‘mitasi raisi vodiydagi ocharchilik to‘g‘risida to‘xtalib "1917—1918-yildagi ocharchilik Farg‘ona viloyati xo‘jaligining vayron bo‘lishida kuchli taʼsir ko‘rsatgani, birgina Qo‘qon va Marg‘ilon uyezdida ocharchilik oqibatida 1917—1923-yillarda yarim million odam o‘lganini qayd etgan.

Arxiv hujjatlarida qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatida 1917-yildan 1923-yilgacha ocharchilik oqibatida bir million va hatto undan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Turkiston ASSRdagi ocharchilik falokati boshqa viloyatlar hududlariga ham yetib borgan. Misol uchun Samarqand viloyati hududida joylashgan Jizzax uyezdida aholining 70 foizi ochlik natijasida halok boʻlgan. Boshqa uyezdlar hududlarida ham aholi shunday qiynalgan. Birgina Samarqand uyezdida yetmish ming odam ocharchilik natijasida vafot etgan. Turkiston ASSR sovetlarining favqulodda VIII syezdida (1919-yil mart oyida boʻlib oʻtgan) Turar Risqulov butun bir millatning yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi toʻgʻrisida soʻz yuritgandi[2].

Ocharchilik shu qadar kuchayib ketganidan Turkiston tarixida hali deyarli yuz bermagan odam go‘shtini isteʼmol qilish kabi kannibalizm hodisalar uchragan. „Turkiston xalq xo‘jaligi“ jurnalida qayd etilishicha, Turar Risqulov maʼruzalarida bu xususda kuyinib gapirgan. Turar Risqulov ocharchilik respublika aholisining yarmini, yaʼni taxminan 2,5 million kishini o‘z domiga tortganligini taʼkidlaydi. Bu haqda Turkiston ASSR oziq-ovqat komissari, bolshevik V.Lapin „Markaziy Rossiyadagi ocharchiliklar Turkistondagi dahshatlar oldida hech narsa emas“, degan edi[3].

Ocharchilikka qarshi kurash[tahrir | manbasini tahrirlash]

1918-yilning noyabr oyida Turkiston ASSR prezidiumi huzurida Ocharchilikka qarshi kurash markaziy komissiyasida (komissiyaning birinchi raisi Turar Risqulov bo'lgan) tashkil qilingan va samarali ish olib borgan. Natijada musulmon aholi va kommunistlar Turkistonda ocharchilikdan qirilib ketayotgan yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qoladi.

Komissiyaning Turkiston ASSR viloyatlaridagi mahalliy bo‘limlari boshchiligida Toshkent shahridan boshqa yana Samarqand, Farg‘ona, Sirdaryo, Yettisuv viloyatlarida turli tashkilotchilik ishlari amalga oshiriladi. Ochlikni boshdan kechirayotgan odamlarni kiyim-kechak, oziq-ovqat va poyabzallar bilan taʼminlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

1917-yilda boshlangan va 1923-yilga qadar cho'zilgan ocharchilik natijasida Farg‘ona viloyatining oʻzida 1 milliondan ortiq kishi qirilib ketgan. 1917—1920-yillarda Buxoro amirligi va Xiva xonligi, 1920—1924-yillarda BXSR va XXSR hududida ocharchilik holatlari deyarli yuz bermagan. Bolsheviklar olib borgan iqtisodiy siyosatning mevasi bo‘lgan ocharchilik sovet Rossiyasining boshqa hududlarida ham koʻp qurbonlarga sabab boʻldi. Misol uchun, 1921—1922-yillarda Rossiyaning markaziy qismlari, yaʼni Volgabo‘yi va unga yaqin atroflarda bo‘lgan ocharchilik sababli besh million kishi halok bo‘lgan. Qozog‘iston ASSRda 1921-yilning noyabr oyida och qolganlar soni 1,3 million, 1922-yil martga kelib 1,5 million kishiga yetgan[4].

1922-yil 10-oktyabrda ocharchilik bilan kurashish boʻyicha komissiya tugatiladi. 20-yillar boshlarida ahvol sekin-asta yaxshilanib, ekin maydolari kengayib boradi[5].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qahramon Rajabov. ТУРКИСТОНДА ОЧАРЧИЛИК ОҚИБАТЛАРИ. O'zbekiston adabiyoti va san'ati gazetasi, 2021-yil 29-oktyabr — 5 bet. 
  2. Hamid Ismoilov „Turkiston 1917 yilda.“. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  3. „Ocharchilik“. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  4. Qahramon Rajabov „Bir asr muqaddam hozirgi O‘zbekiston hududida dahshatli ocharchilik kuzatilgan: minglab odamlar qirilib ketgan, kannibalizm holatlari qayd etilgan“. daryo.uz. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  5. „Очарчилик ЁҲУД ТУРКИСТОН ФОЖЕАЛАРИДАН БИР ЛАВҲА“. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.