Ocharchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Ocharchilik — iqtisodiy tanazzul, inqiroz va tanglik oqibatida jamiyat mikyosida yuzaga keladigan keskin ozik,-ovqat tanqisligi. O. ijtimoiy hodisa boʻlib, urushlar, qurgʻoqchiliklar, tabiiy ofatlar, zilzilalar, har xil ekologik falokatlar va boshqa tabiiy hodisalar natijasida muayyan mamlakatda ommaviy tus olishi mumkin. O. 2 xil: ochiq (mutlaq O.) va yashirin (nisbiy O. — toʻyib ovqat yemaslik, ovqatlanish ratsionida hayotiy zarur oziq-ovqat turlarining yetishmasligi) koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Har ikki shaklda ham O. ogʻir oqibatlarga — turli yuqumli va ruhiy kasalliklarga, akliy va jis-moniy rivojlanish jarayonlarining izdan chiqishiga, nogironlarning koʻpayishiga, koʻplab bevaqt oʻlimga olib keladi.

O. ibtidoiy jamoa tuzumi davrida ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiyotining pastligi va insonning tabiatga nihoyatda qaramligi oqibatida sodir boʻlgan. Jamiyatda ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasiga qarab bu qaramlik tobora kamayib bordi. Sobiq Sovet davlatidagi qurgʻoqchilik natijasida 1921—22, 1927, 1931—32 yillarda sodir boʻlgan dahshatli O. millionlab odamlarning yosti-gʻini quritdi. Ikkinchi jahon urushi (1939— 45) yillarida butun Yevropa O. komiga tortilgan edi.

BMT maʼlumotlariga qaraganda 1975 yilda dunyoda 500 mln., 1990 yilda salkam 620 mln. axrli O.ka mubtalo boʻlgan va 1998 yilda 841 mln.ga yaqin aholi toʻyib ovqatlanishdan mahrum boʻldi. Qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi past va qoloq texnikaga ega boʻlgan Afrika va Jan.-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida millionlab aholi O.dan qutilgan emas. Jahon hamjamiyati, jumladan, taraqqiy etgan mamlakatlar — AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirishda va tabiiy ofatlarni hamda fuqarolik urushlari oqibatlarini bartaraf etishda yaqindan yordam bermokda.

Jahonda aholi sonining ortib borishi bilan oziq-ovqat muammosi tobora dolzarb muammoga aylanadi. Mamlakatlarda oqilona demografik siyosat, ekin maydonlarini kengaytirish, texnologiyalarni mukammallashtirish hisobiga ekinlar hosildorligini va yalpi hosilini muttasil oshirish O. muammosini bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega.

Muhammadjon Ishmatov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil