Ernazar elchi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ernazar elchi, Mulla Muhammad Ernazarbiy Maqsud oʻgʻli (18-asr, Buxoro) — Buxoro amirligining Rossiyaga yuborgan elchilari rahbari. Oʻzbeklarning Qatagʻon qabilasidan boʻlgan.

Yirik savdogar. Madrasada oʻqigan. 1745-yildan boshlab, Rossiyaga bir necha marta tijorat maqsadida borib, imperator Yelizaveta Petrovna qabulida boʻlgan. Savdo ishlari bilan Xuroson va Hindistonga ham borgan. Keyinchalik Buxoro hukmdori Doniyolbiy otaliq tomonidan Rossiyaga yuborilgan 2 ta elchilik missiyasi (1774-76 va 1779—80) ga boshchilik qilgan.

Birinchi elchilik tarkibida 64 kishi va 20 ta ozod qilingan rus asirlari boʻlgan. Ular 1774-yil 1-sentabrda Ashtarxon (Astraxon) shahriga kelishgan va Astraxon generalgubernatori P.Krechetnikov huzurida boʻlishgan. Soʻngra Moskvaga yetib kelishgach (1775.14.3), Rossiya imperatori Yekaterina II tomonidan rasmiy ravishda qabul qilingan (1775.5.4). Bu elchilik natijasida Buxoro bilan Rossiya oʻrtasida mustahkam savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilgan, savdo karvonlari xavfsizligi uchun Emba daryosi boʻyida qalʼa qurilgan. Rossiyaning chegara shaharlari: Orenburg, Astraxonda Buxoro savdogarlaridan olinadigan bojxona soligʻi kamaytirilgan, ichki shaharlarda Oʻrta Osiyo savdogarlarining erkin harakat qilishi kafolatlangan.

Ikkinchi elchilik 1779-yil oʻrtalarida boshlangan, elchilik tarkibida 28 kishi boʻlgan. Ernazar elchi boshchiligida elchilar 1780-yil yanvarda Moskva va Peterburgga yetib kelishgan. Elchilik natijasida buxorolik savdogarlar Rossiyadan koʻp miqdorda mis, poʻlat va choʻyan sotib olishga muvaffaq boʻlganlar. Ernazar elchi Rossiyada oʻz vazifasini toʻliq uddalagach, Turkiyaga ham elchilik maqsadida borgan. Ernazar elchioʻsha yerda vafot etgan. Ernazar elchi Buxoroda madrasa qurdirgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Gulamov X.G., Iz istorii diplomaticheskix otnosheniy Rossii s Buxarskim xanstvom XVIII v., T., 1992.
  • Qahramon Rajabov.