Ega

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Egagapning bosh boʻlaklaridan biri; gapni tashkil etishda muhim rol oʻynaydi. E. fikrning kimga, nimaga qarashli ekanligini anglatadi, shu jihatdan kesim bilan oʻzaro yaqin bogʻlangan. E., odatda, kesim orqali, kesim esa E. orqali, bir-biriga nisbat berish bilan belgilanadi. Grammatik jihatdan E. boshqa boʻlaklarga nisbatan hokim vaziyatni egallaydi (baʼzi ilmiy adabiyotlarda mutlaq hokim sifatida gapning kesimi koʻrsatiladi). E. vazifasida kelgan soʻz egalik va koʻplik qoʻshimchalarini qabul qila oladi va bosh kelishlik shaklida qoʻllanadi. U koʻpincha ot, olmosh, otlashgan soʻz va soʻz birikmasi bilan ifodalanadi. E., asosan, kesimdan avval keladi; bunday soʻz tartibi E.ning grammatik belgilaridan biridir. Baʼzan kesimdan keyin ishlatilishi ham mumkin; bu hodisa inversiya deyiladi. E. baʼzan birgina soʻzdan, baʼzan esa bir necha soʻzdan, yaʼni sintaktik birlikdan iborat boʻladi. Mas: T i n ch l i k urushni yengadi. Ishlagan tishlar, ishlamagan kishnar (Maqol). Otlarning otxonaga olib oʻtilmagani Ziyodillani taajjublantirdi (H.Gʻulom).

E. gapda har doim biror soʻz yoki soʻzlar birikmasi bilan ifodalanishi shart emas. Baʼzi gaplarda E. tushib qolishi, yashirin boʻlishi mumkin. E.ning gapda qoʻllanishi yoki qoʻllanmasligi gapning mantiqiy mundarijasi, grammatik shakli va nutq uslubi bilan bevosita bogʻliq.Ega ishtirokiga ko'ra gaplar 2 ga bo'linadi: 1.egali gap; 2. Ega ishtirok etmagan gaplar. Gapda ega ishtirok etmasa ham uning ma'nosi anglashilib turishi mumkin.Bunday holda gapning mundarijasi kesim orqali ifodalanadi.Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, ega va belgisiz kelgan tushum kelishigini olgan so'zni farqlash lozim bo'ladi. Bunda, asosan, so'roq berish yo'lidan foydalanamiz. Ammo faqat so'ro berish bilan aniqlash kamchiliklarga olib keladi. So'zning gapda qanday ma'no ifodalashi ham muhimdir.


Neʼmat Mahkamov.