Botir Qodirov
Botir Qodirov | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Tavalludi |
Botir Sheraliyevich Qodirov 6-may 1981-yil |
Fuqaroligi | SSSR → Oʻzbekiston |
Botir Qodirov (1981-yil 6-may, Andijon, Oʻzbekiston SSR[1]) — taniqli oʻzbek qoʻshiqchisi. Shou-biznes sohasida 2005-yildan buyon professional sanʼatkor sifatida faoliyat yuritadi. Pop va folklor janrida ijod qiladi. Madaniyat va sanʼat fidokori koʻkrak nishoni sohibi (2020).
2019-yilda Xitoyda oʻtgan XVIII Xalqaro Pekin festivalida Oʻzbekiston vakillari, yaʼni Botir Qodirov ijodiy jamoasi oliy mukofotni qoʻlga kiritgan.
Kelib chiqishi va yoshlik yillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Botir Qodirov sanʼatkorlar oilasida tugʻilib oʻsgan. Bolaligidanoq qoʻshiq kuylashga ishtiyoqmand boʻlgan va sanʼat taʼsiri ostida ulgʻaygan. Oilasining deyarli barcha vakillari sanʼatkor boʻlishgan. Ona bobosi Nabijon Qodirov bastakor hamda changchi sozanda boʻlgan. Ona buvisi Tojixon Axmedjonova Andijondagi Oxunboboyev nomli teatrda aktrisa boʻlib ishlagan. U Botir Qodirovning sanʼat sohasidagi ilk ustozi edi. Kichkinaligida sanʼat haqida ilk tushunchalarni buvisidan olgan. Onasi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan aktrisa Zulxumor Qodirovadir[1].
Koʻp yillar mobaynida Botir Qodirov otasining ismi muhlislariga nomaʼlumligicha qolib keldi. Manbalarga koʻra, Zulxumor Qodirova Sherali Joʻrayevning raqqosasi sifatida faoliyat koʻrsatgan. Botir Qodirov xonandaning oʻgʻli boʻlishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar tarqalgan. Lekin Zohirshoh Joʻrayev 2019-yilda Milliy telekanalining „Nishondasiz“ koʻrsatuvida ishtirok etib, quyidagi gaplarni aytib oʻtdi[2]:
Bu yolgʻon. Biz bu mish-mishlarni kulgi bilan qabul qilamiz. Oʻylaymanki, bu kabi mish-mishlarning tarqalishi Botir Qodirovning onasiga nisbatan katta hurmatsizlik[2].
Botir Qodirov maktabni tamomlagandan soʻng 2000-yil[3] Toʻxtasin Jalilov nomidagi Andijon davlat sanʼat bilim yurtida tahsil olgan. U yerda andijonlik, maqom yoʻnalishidagi qoʻshiqlar ijrochisi Azizbek Zaynobiddinovga shogird tushgan. Keyin esa, Toshkent davlat madaniyat institutining anʼanaviy xonandalik fakultetiga oʻqishga kirgan. Ashula va raqs estrada boʻlimida tahsil olgan. Institutda Orolmirzo Safarov, Rahmatjon Tursunov kabi ustozlardan tahsil olgan. Keyinchalik taniqli oʻzbek bastakori Musaxon Nurmatovdan milliy estrada yoʻnalishidagi qoʻshiqchilik sirlarini oʻrgangan. Institutni 2005-yil bitirgan[1].
Sanʼat sohasidagi faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Botir Qodirov 2005-yildan boshlab professional sanʼatkor sifatida televideniye va radioda oʻzining ilk qoʻshiqlarini ijro eta boshlagan. Qoʻshiqchi ilk yakkaxon konsertini 2006-yilda bergan va keyinchalik koʻplab musiqiy albomlar chiqargan[1]. Xit taronalari „Seni oʻylayman“ va „Adashdim“ qoʻshiqlaridir[3].
2019-yilda Xitoyda oʻtgan XVIII Xalqaro Pekin festivalida Oʻzbekiston vakillari, yaʼni Botir Qodirov ijodiy jamoasi oliy mukofotni qoʻlga kiritdi[4]. Botir Qodirov 2020-yilda Madaniyat va sanʼat fidokori koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi[5].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „BBC mehmoni — isteʼdodli sanʼatkor Botir Qodirovga savol yoʻllang“. BBC.com (2012-yil 16-yanvar). Qaraldi: 2022-yil 9-may.
- ↑ 2,0 2,1 „Zoxirshoh Joʻrayev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qoʻydi (video)“. Zamin.uz (2019-yil 8-noyabr). Qaraldi: 2022-yil 9-may.
- ↑ 3,0 3,1 „Kun chaqaloqlari“. Kun.uz (2016-yil 6-may). Qaraldi: 2022-yil 9-may.
- ↑ „Xitoyda oʻtgan XVIII Xalqaro Pekin festivalida Oʻzbekiston vakillari oliy mukofotni qoʻlga kiritishdi“. Kun.uz (2016-yil 5-oktyabr). Qaraldi: 2022-yil 9-may.
- ↑ „Botir Qodirov Sheraliyevich koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi“. Hordiq.net (2020-yil 27-dekabr). 2022-yil 17-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 9-may.