Sherali Joʻrayev
Sherali Joʻrayev | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Tavalludi |
12-aprel 1947-yil |
Fuqaroligi |
![]() |
Kasbi | Qoʻshiqchi, musiqachi, bastakor, aktyor |
Mukofotlari |
![]() ![]() ![]() |
Janr | Oʻzbek milliy musiqasi |
Faoliyat yillari | 1972-yildan |
Sherali Joʻrayev (1947-yil 12-aprelda tugʻilgan) — taniqli oʻzbek qoʻshiqchisi, bastakori, shoiri va aktyori. 1987-yil Joʻrayevga Oʻzbekiston xalq artisti unvoni berilgan. 2018-yilda Tojikiston xalq artisti unvoni berilgan[1][2] 1991-yil unga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berilgan. 2022-yilning 12-aprelida Prezident farmoniga binoan oʻzining 75 yillik yubileyida Joʻrayev „El-yurt hurmati“ ordeni bilan ham taqdirlangan.[3] Joʻrayevning qoʻshiqlarni oʻzbeklar orasida yaxshi tanilgan.
Joʻrayev tabiatan shirali ovozga ega. Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan. Uning ijrosidagi qoʻshiqlar xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardliligi bilan ajralib turadi. Joʻrayev repertuari koʻp qirrali va rang-barang. Qoʻshiqlari asosini Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jomeʼ va boshqalar) va zamonaviy (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqalar) shoirlarning sheʼrlari tashkil etadi.[4]
Joʻrayev eng mashhur va eng nufuzli oʻzbek qoʻshiqchilaridan biri boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston hukumati uning ijodini 2002-yildan beri barcha oʻzbek TV kanallarida namoyish qilishni man qilib hamda qoʻshiqchining katta sahnaga chiqishiga yoʻl qoʻymay kelmoqda.[5][6]
Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimovga Joʻrayevning tanqidiy qoʻshiqlari maʼqul kelmagan, degan fikr keng tarqalgan. Qoʻshiqchi oʻzi bu haqida ochiqcha gapirishni istamagan.[7] Ijodi man qilingan boʻlsa-da, Sherali Joʻrayev boshqa mamlakatlarda va toʻy-marosimlarda qoʻshiq kuylab turgan.
Lekin 2017-yildan boshlab qoʻshiqchiga qoʻyilgan senzura olib tashlanadi va televideniye va sahnalarda koʻrinish bera boshlaydi. 2021-yil ogʻir hastalikka uchrash sababli yana sanʼatdan vaqtinchalik ketadi va hozirda davolash jarayonida.
Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]
Sherali Joʻrayev 1947-yil Asakada tugʻilgan. Uning qaysi kunda tugʻilgani nomaʼlum. Qoʻshiqchi 12-aprelni ramziy ravishda oʻz tugʻilgan kuni qilib tanlagan. 12-aprelda rus kosmonavti Yuriy Gagarin fazoga uchgan. Qoʻshiqchiga koʻra, uning bu sanani oʻz tugʻilgan kuni oʻlaroq tanlashiga yana bir sabab u oʻquvchilik davrida 12-aprel kuni boʻlib oʻtgan velopoygada gʻolib boʻlgan.[8]
Joʻrayev 1972-yil Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. 1976-yil Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini yakunlagan.
Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Joʻrayev oʻzbek davlat estradasi (1972-1973), „Shodlik“ ashula va raqs ansambli (1972-1979), Andijon viloyati filarmoniyasi (1979-1986), Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1986-1996), „Oʻzbeknavo“ birlashmasi (1999-yildan)da yakkaxon xonanda boʻlgan.
Joʻrayev tabiatan shirali ovozga ega. Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan. Uning ijrosidagi qoʻshiqlar xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardliligi bilan ajralib turadi. Joʻrayev repertuari koʻp qirrali va rang-barang. Qoʻshiqlari asosini Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jomeʼ va boshqalar) va zamonaviy (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqalar) shoirlarning sheʼrlari tashkil etadi. 2008-yil Joʻrayev uyida Rumiyxonlik kechalarini uyushtirgan.[9]
Sherali Joʻrayev oʻzining uzoq yillik ijodi davomida yuzlab qoʻshiq yozib, ijro etgan. Uning eng mashhur ashulalari orasida „Bahor ayyomi“ (Bobur sheʼri), „Birinchi muhabbatim“ (Abdulla Oripov sheʼri), „Inson qasidasi“ (Erkin Vohidov sheʼri), „Karvon“, „Meni kutgil“ (Konstantin Simonov sheʼri), „Oshiqlar sardori“ (Rasul Hamzatov sheʼri), „Oʻzbegim“ (Erkin Vohidov sheʼri), „Oʻxshamas“ (Alisher Navoiy gʻazali) qoʻshiqlari bor.
Joʻrayevning „Oʻzbegim“ qoʻshigʻi World Music Network britan leybli 2005-yil chiqargan „Oʻrta Osiyo musiqasi boʻyicha umumiy qoʻllanma“ (inglizcha: Rough Guide to the Music of Central Asia) albomiga kiritilgan. 2004-yil 23-aprelda Britaniya qirolichasi Yelizaveta IIning 78 yoshga toʻlish munosabati bilan Britaniya elchisi Craig Murray mingdan oshiq mehmonni elchixonaga chaqirgan. Toshkentdagi tadbirga Sherali Joʻrayev, Sevara Nazarxon va Vladimir Neimer dirijorlik qilgan orkestr chaqirilgan. Oʻsha paytda yana Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Shotlandiyalik Battlefield guruhining Oʻzbekiston boʻylab turini uyushtirgan. Bu guruh bilan Joʻrayev ham birga qoʻshiq kuylagan.
Joʻrayev aksar qoʻshiqlari kuyini oʻzi bastalagan (jumladan, „Birinchi muhabbatim“, „Oʻzbegim“, „Karvon“, „Achchiq haqiqat“, „Yaralgan“, „Oshiqlar sardori“, „Inson qasidasi“, „Oshiq boʻling“ va boshqalar). Baʼzi qoʻshiqlarining matnini ham oʻzi yozgan. Bular orasida „Bobo Dehqon“, „Zamon“, „Qarashlarga“, „Ona Turkiston“, „Sohibqiron“, „Doʻst boʻlsang, yonimda tur“, „Qayon ketmoqdasiz?“ ashulalari bor.
1992-yilda Oʻzteleradiokompaniyasi Joʻrayev ijodiga bagʻishlangan „Bir ulugʻ el bor jahonda“ film-esse yaratgan. Qoʻshiqchi Yevropa, Osiyo mamlakatlarida gastrolda boʻlgan.
Joʻrayev 1990-yildan 1995-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi aʼzosi boʻlgan. U „Sherali va Oybarchin“ filmiga ssenariy yozgan va filmda bosh rolni oʻynagan. 1998-yil „Bola yerning sultoni“ (ruscha: Ребенок — султан Земли) deb nomlanuvchi kitob yozgan.[10]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ „Sherali Joʻrayev: „Biz toʻxtab qolmadik. Biz hali bormiz““. Bi-Bi-Si (13-aprel 2007-yil). Qaraldi: 12-iyun 2012-yil.
- ↑ Toshpoʻlatova, Feruza „Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev yosh qoʻshiqchi bilan qarindoshligi haqidagi mish-mishlardan gʻazabda“ (ruscha). Ferghana News (28-noyabr 2007-yil). Qaraldi: 12-iyun 2012-yil.
- ↑ https://qalampir.uz/news/preziden-sherali-zhurayevni-tak-dirladi-59428
- ↑ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
- ↑ „Propaganda sanʼati“ (ruscha). EurasiaNet (7-oktabr 2009-yil). Qaraldi: 12-iyun 2012-yil.
- ↑ „Oʻzbekiston: Milliy qoʻshiqchi Sherali Joʻrayev oltmish yoshga toʻldi. Uning konsertlari — rasmiylar tomonidan man etiladi“ (ruscha). Ferghana News (26-042007). Qaraldi: 12-iyun 2012-yil.
- ↑ „Sherali Joʻrayev oʻgʻillarining oʻz yoʻlini istaydi“. Bi-Bi-Si (25-avgust 2009-yil). Qaraldi: 12-iyun 2012-yil.
- ↑ „Sherali Joʻrayev 64 yoshda“. Ozodlik radiosi (13-aprel 2011-yil). Qaraldi: 12-iyun 2012-yil.
- ↑ „Sherali konsert berdi“. Ozodlik radiosi (30-dekabr 2008-yil). Qaraldi: 30-yanvar 2012-yil.
- ↑ „„Bola yerning sultoni”“ (ruscha). Biblus. Qaraldi: 12-iyun 2012-yil.
Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- http://www.battlefieldband.co.uk/uzbek_diary.htm Wayback Machine saytida arxivlandi (2012-05-17).
- Sherali Joʻrayevning Sayyod.com nashriga bergan intervyusi
- Sherali Joʻrayev qoʻshiqlarining matnlari Wayback Machine saytida arxivlandi (2009-02-03).
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |