Geraklit Efeslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Geraklit Efeslik
Tavalludi mil. avv. 535
Vafoti 470 до н. э.
Fuqaroligi Efes

Geraklit Efeslik (qadimgi yunoncha: Ἡράκλειτος ὁ Ἐφέσιος - Herakleitos Ephesios) (mil. av. taxminan 544—483) — yunon faylasufi, Ioniya faylasuflaridan biri. Oliy aristokratlar oilasida tugʻilgan. Falsafa tarixida birinchi boʻlib obyektiv dialektika tamoyillarini koʻrsatib bergan. Uning dunyoqarashiga Sharq falsafasi, xususan zardushtiylik falsafasi jiddiy taʼsir koʻrsatgan.

G.ning asarlarida zardushtiylik, "Avesto"aa bayon etilgan gʻoyalarga, qad. hind upanishadlariga oid lavhalar uchraydi.

G.ning "Tabiat haqida" asaridan bizgacha 130 parcha (fragment) yetib kelgan. U bu kitobni juda murakkab tilda, ilmning magʻzini chaqa oladigan, farosatli va dono kitobxonlarga moʻljallab yozganligini aytadi.

G. olamni toʻxtovsiz alangalanib va soʻnib turuvchi olovdan iborat deb bildi. Uning fikricha, hamma narsalar olovdan paydo boʻlgan va hamma narsa olovga aylanadi. G. olovni olamning asosida yotuvchi birlamchi element, jonli va aqlli kuch deb hisoblaydi, boshqa narsalar esa olovning turli shakllariga aylangan koʻrinishlaridir. Barcha narsalar olovning quyuqlashuvi va siyraklashuvi oqibatida vujudga keladi. G. dunyodagi hamma narsa abadiy harakat jarayonida, hamma narsa tabiat qonuniyati — "logos"ga boʻysunib, oqib, oʻzgarib turadi, deydi (mas, "ayni bir daryoga 2 marta tushib boʻlmaydi", "biz koʻrib turgan har kungi Quyosh yangi Quyosh", "biz oʻzimiz ham har bir lahzada yangilanamiz").

G.ning eng muhim falsafiy gʻoyasi — qarama-qarshiliklarning kurashi va uygʻunligidir. Uning fikricha, oʻzgarishlar qarama-qarshi kuchlarning taʼsiri natijasidir, qaramaqarshiliklar abadiy kurashda, hamma narsa kurash va zaruriyat oqibatida vujudga keladi. G. taʼkidlashicha, urush — hamma narsaning otasi va podshosidir; u ayrimlarga xudolar, boshqalarga odamlar sifatida namoyon boʻladi, ayrimlarni u qulga aylantiradi, ayrimlarni esa qullikdan ozod qiladi. G. fikricha, olamni bilishning asosida sezgilar yotadi. Faqat tafakkurgina donolikka olib boradi. Sezgilar bilan idrok etiladigan har qanday mohiyat aqldan yashirina olmaydi. U olamdagi roʻy beruvchi jarayonlarning ichki mohiyatini stixiyali dialektika vositasida chuqur tahlil etib bera oddi. G. taʼlimoti yunon falsafiy tafakkuriga katta taʼsir koʻrsatdi. Bu taʼlimotni stoiklar qabul qilib oldilar va ular orqali xristianlik va gʻarb falsafasiga tarqaldi. Yangi davrda asosan Gegel, Shleyermaxer, Lassal, Nitsshe rivojlantirdilar.

Baxtiyor Toʻrayev.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil