Bibi ona ziyoratgohi
Bibi ona ziyoratgohi | |
---|---|
Joylashuv | Namangan viloyat Chust tumani |
Turi | Arxeologik yodgorlik |
Qurilish tamomlangan | 1950-yil |
Xarita |
Bibi ona ziyoratgohi — Namangan viloyat Chust tumanida joylashgan ziyoratgoh[1]. Bronza davriga oid arxeologik yodgorlik hisoblanadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Chust madaniyati nomi bilan YUNESKO himoyasiga olingan. Ziyoratgoh 1950-yilda arxeolog M. E. Voronets tomonidan kashf etilgan. Ziyoratgoh 1951 — 1961-yillarda arxeolog V. I. Sprishevskiy tomonidan,1974-yil va 1982-yillarda tarix fanlari doktori, Yu. A. Zadneprovskiy, 1982 — 1984-yillarda tarix fanlari doktori, professor Ahmadali Asqarov rahbarligida bir necha olimlar tomonidan tarixiy hamda arxeologik jihatdan oʻrganilgan. Bibiona ziyoratgohining xronologik sanasini M. E. Voronets miloddan oldingi ІІІ — ІІ ming yilliklar, A. N. Bernshtam eramizdan oldingi ІІ ming yilliklar, akademik Ya. Gʻ.Gʻulomov miloddan avvalgi ІІ ming yilliklarning oxiri — І ming yilliklarning dastlabki asrlari deb koʻrsatganlar. Keyingi tadqiqotlar natijasida Bibiona yodgorligining yoshi miloddan oldingi ІІ ming yillikning oxirlari — miloddan oldingi X-VІІІ asrlarga toʻgʻri kelgan[3].
Ziyoratgoh 2800 — 3000-yillik tarixga ega. Arxeolog V. I. Sprishevskiy Bibionadagi bronza asriga — bundan 4 ming yillar avvalgi davrlarga oid turarjoy va qabrlarni qazib, anchagina uy-roʻzgʻor ashyolari, sopol idishlar, ibtidoiy kishilarning suyaklarini topib tekshirgan. U Bibiona yodgorligini ibtidoiy qishloq deb hisoblagan. Oʻsha vaqtda Yahyo Gʻulomov ham shu fikrda boʻlgan. Ammo keyingi tadqiqotlar natijasida Bibiona Buvanamozor qishloq emas, shahar boʻlganligini, dastlabki Chust shahri oʻrni ekanligini qayd etganlar. Buvanamozordagi qadimiy buloq suvi ham ilohiylashtirilgan. Qadimgi dehqonlar ana shu buloq atroflarini makon tutishgan. Bibiona moʻtabar ayol boʻlib Qosimshayxning singillari boʻlgan ekan. Ular XVІ asrda yashab oʻtgan chustlik mashhur alloma Mavlono Lutfullohga zamondosh boʻlganlar. Bibiona Chustning ilk sivilizatsiya markazi boʻlib, bundan 40 asr avval yuzaga kelgan. Qadimda qabilalarni ayol kishi boshqargan. Shuning uchun ham qabila boshligʻini ,,bibiona" deb atashgan. Oʻsha davrda aholi toʻkinchilik, shodu xurramlikda yashagan ekan. Ana shunday kunlarning birida Bibionaning yurtiga dushmanlar bostirib keladi. Aholini oʻldira boshlaydi. Shunda Bibiona yaratganga nola qilib koʻz yosh toʻkadi. Uning nolalari Allohga yetib borib, Bibiona yer ostiga gʻoyib boʻladi va u yerdan buloq chiqadi. Oʻsha paytda u yerlar choʻl va dashtliklardan iborat boʻlgan ekan. Tarixchi olim Y. Qosimov manzilgohda hayot miloddan oldingi XVІІІ asrlarda toʻxtagan, turar joylar esa vaqtlar oʻtishi bilan shamol, qor va yomgʻirlar taʼsirida yemirilib tepalikka aylanib qolgan. Mahalliy aholi kerakli narsalarni oʻzlari bilan birga olib ketib, boshqa qulay joyga oʻrnashganlar. Vaqtlar oʻtishi bilan bu tepalik katta ona yoki boshliq ona — "Bibi ona " deb yuritilib, keyinchalik odamlar unga sigʻina boshlagan. Manzilgohni qazish vaqtida 4 ta qabr topilgan. Ulardan ikkitasi buzilgan, ikkitasi butun holda boʻlgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Namangan viloyatidagi ziyoratgohlar“. Qaraldi: 2023-yil 11-iyun.
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2023-yil 11-iyun.
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 11-iyun.