Abu Homid Muhammad ibn Muhammad Amiydiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Homid Muhammad ibn Muhammad Amiydiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi faqih; matematik

Abu Homid Muhammad ibn Muhammad Amiydiy (vaf. 1218-yil) — faqih.

Toʻliq ismi — Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad boʻlib, Ahmad, Abu Homid, Abu Humayd, faqih Samarqandiy Hanafiy ismlari bilan nomlangan. Nima uchun Amiydiy kunyasi bilan nomlangani va qaysi yilda tugʻilgani haqida aniq maʼlumot yoʻq. 615 Jumadul axir/1218-yil avgust oyida Buxoroda vafot etgan[1]. Alloma nihoyatda tavozeli va xulqi chiroyli kishi boʻlgan. AllomaRuknuddin“ („dinning rukni“) degan nomga ham sazovor boʻlgan va usul ilmi faqihi va matematik boʻlgan. Bahs va munozara fani, xususan, tadqiqotda imomlik darajasiga etgan. Kitob tasnif etish bilan birga ilm ustida tadqiqot olib borishni boshlagan birinchi kishi ekani manbalarda keltiriladi. Oldingi oʻtgan allomalarning asarlarini bir-biriga solishtirib ijod etgan. U Rizo Naysaburiyning mashhur shogirdlaridan biri boʻlgan[2]. Alloma munozara faniga olib boruvchi yoʻllarni tasnif etgan. Faqihlarni qoʻllab-quvvatlagani bois, tadqiqot borasida koʻrsatgan yoʻllari tezda mashhur boʻlgan. AllomaIrshod“ („Yoʻllanma“) asarini tasnif qilgan. Ushbu asarga fiqh arboblari, jumladan, Damashq qozisi Qoziy Shamsuddin Abulabbos Ahmad ibn Xalil Xubiy, Manbij qozisi Qoziy Avhadud-din Duniy, Najmuddin Marandiy, Badruddin Maro-gʻiy va boshqalar sharh yozishgan. Bundan tashqari u „An-nafois“ („Nafis narsa-lar“) asarini ham yozgan, kitobni yuqorida aytib oʻtgan Shamsuddin Xubiy muxtasar qilib taʼlif qilgan va „Aroisu-n-nafois“ („Nafislarning parisi, sarasi“) deb nomlagan. Alloma yana „Al-just“ („Tadqiq yoʻnalish“), „At-tariqatu-l-amidiyya“ („Amiydiyga xos uslublar“) „Havzu-l-hayot“ („Hayot havzi“) asarlarining sohibidir. Bundan tashqari mubohasaga tegishli qiziqarli asarlarni yozib qoldirganligi manbalarda keltirilgan. Uning ilmiy asarlarini koʻpchilik oʻrgangan va foydalangan.



Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Шамсуддин Заҳабий. Сияру аъломи-н-нубало. Ж. 22. – Байрут. 1993. – Б.97.
  2. Шамсуддин Заҳабий. Тариху-л-ислом ва вафаёту-л-машоҳир ва-л-аълом. Ж. 44. – Байрут: Дору-л-китоби-л-арабий, 1987. – Б. 263.