Abu Abs

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Abs Abdurrahmon ibn Jabr ibn Amr al-Ansoriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi taxminan milodiy 584-yil
Vafoti milodiy 654-yil (hijriy 34-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • (otasi)
  • Laylo bint Rofe’ (onasi)
Tanilgan sohasi sahoba

Abu Abs (arabcha: أبو عبس — Abu Abs Abdurrahmon ibn Jabr ibn Amr al-Ansoriy) — sahoba.

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Avs qabilasining Bani Horisa urug‘idan. Islomdan avvalgi Abduluzzo ismi Payg‘ambar tomonlaridan Abdurrahmon, deb o‘zgartirilgan. Sahoba Muhammad ibn Maslamaning pochchasi bo‘lgan Abu Abs hijratdan avval Islom dinini qabul qiladi. Onasi Laylo bint Rofeʼ va xotini Ummu Iso Rasulullohga ilk bay’at qilgan ayol sahobalardan bo‘lganlar. Payg‘ambar bilan birga Badr, Uhud, Xandaq va boshqa barcha g‘azotlarda ishtirok etgan.

Islomning ilk davrida savodlilar ozchilikni tashkil qilgan. Shu bois ulardan biri bo‘lgan Abu Absning Islom madaniya­ti taraqqiyotiga ulushi katta bo‘lgan. Hijratning ilk kunlarida makkalik muhojirlarga yordam qo‘lini uzatgan. Payg‘ambar Umarning qizi Hafsani avvalgi turmush o‘rtog‘i, shuningdek, Uhudda shahid bo‘lgan Xunays ibn Xuzofa bilan Abu Absning orasida birodarlik rishtasini bog‘laganlar. U musulmon bo‘lganidan so‘ng yaqin do‘sti Abu Burda ibn Niyor bilan birga o‘zlari mansub bo‘lgan Bani Horisa qabilasining butlarini yashirin tarzda sindirishga kirishadilar. Badr mag‘lubiyatini ko‘tara olmay, sheʼrlari, taʼsirli so‘zlari va boyligi bilan arab xalqini, ayniqsa, makkaliklarni Payg‘ambarga qarshi qayragan yahudiy shoiri Kaʼb ibn Ashrafning o‘ldirilishiga maʼmur etilgan hay’at ichida Abu Abs ham bo‘lgan.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Abs Umar va Usmonlar davrida soliq yig‘uvchi vazifasida bo‘lgan va Usmon xalifaligining so‘nggi yillarida kasallikka chalinib, yetmish yoshlarida vafot etgan. Badrda ishtirok etganlarga yuqori darajada hurmat bilan yondashgan xalifa, Abu Absning kasallik chog‘ida ziyo­ratida bo‘lgan, vafotidan so‘ng janoza namozini xalifaning o‘zi ado qilgan. Abu Abs „Jannat al-baqi’“ qabristoniga dafn etilgan.

Hadisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Abs Payg‘ambardan faqatgina bitta hadis rivoyat qilgan. Muhammad, Mahmud, Ubaydulloh, Zayd va Humayd ismli farzandlari uning muborak yo‘li va naslini Madina va Bag‘dodda davom ettirganlari haqida manbalarda maʼlum qilinadi[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. III, 450-451;
  2. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. IV, 122-123;
  3. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. III, 431;
  4. Az-Zahabiy. Siyar. I, 188-189;
  5. M. Mustafo al-Aʼzamiy. Kuttāb an-nabӣ. — Riyoz: 1981. 40-41;
  6. Ali Yardım. „Ebu Abs“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 87.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.