Abdumalik masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Abdumalik masjidi
Abdumalik masjidi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Namangan viloyati
Tuman Chust tumani
Yoʻnalishi sunniy
Mulkdor davlat mulki. Namangan viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida.
Asosiy sana:
Maqomi davlat muhofazasida
Holati jiddiy zarar yetkazilgan


Abdumalik masjidi — Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxitektura yodgorligi. 1913-yilda Turkiston general-gubernatorligi Fargʻona viloyatining Namangan uyezdida bunyod etilgan. Hozirda Namangan viloyati Chust tumani Gʻova qishlogʻining Yangi Hayot mahallasida joylashgan.

Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2014-yilda Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxatiga kiritilgan boʻlgan[1]. Shunga qaramay tarixiy bino 2018-yilda Chust tuman hokimi Bahodir Oxunovning[2] qarori bilan „hashar yoʻli bilan qurilgan, hozirda qarovsiz qolgan, egasi aniqlanmagan bino“ degan asossiz vaj bilan Madaniy meros inspeksiyasi balansidan hokimiyat balansiga oʻtkazilgan. Hokimiyat ixtiyoriga oʻtgan tarixiy obidani tuman hokimligining tashabbusi bilan auksion savdolari orqali Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan bir tadbirkorga 61 million soʻmga sotib yuborilgan. Tuman hokimining 2019-yilning 30-aprel sanasidagi qarori bilan ushbu obyektni qayta qurishga noqonuniy ravishda ruxsat berilgan. Oqibatda tarixiy binoning yangi egasi tomonidan Abdumalik masjidining 61,1 kvadrat metr shift qismi qaytadan taʼmirlanib, tusi oʻzgartirilgani natijasida unga 806,5 million soʻmlik jiddiy zarar yetkazilgan[3][4][5][6][7][8][9][10].

Abdumalik masjidi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — arxitektura yodgorligi sifatida davlat muhofazasiga olingan. Soʻnggi qarorga asosan, hozirda madaniy meʼros obyekti rasmiy ravishda davlat mulki hisoblanib, Namangan viloyati madaniy meros boshqarmasining balansida operativ boshqaruv huquqi asosida turibdi[11][12][13].

2022-yilda tarqalgan xabarlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy meros vazirligining Madaniy meros agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tekshiruvlarida maʼlum boʻlgan noqonuniy harakatlar yuzasidan Chust tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda[3][4][5][6][7][8][9][10].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-dekabrdagi 335-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  2. „Namanganda hokim masjidni sotib yubordi“. Azon.uz. 2022-yil 22-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
  3. 3,0 3,1 „Chust tumani hokimligi mansabdorlari „Abdumalik“ masjidini tadbirkorga sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi“. Kun.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  4. 4,0 4,1 „XX asr boshiga mansub „Abdumalik“ masjidi auksion orqali sotib yuborilgani aniqlandi“. Yuz.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  5. 5,0 5,1 „Namanganda tuman hokimligi tarixiy masjidni 61 mln soʻmga sotib yuborgani aniqlandi“. Uzreport.news. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  6. 6,0 6,1 „Madaniy meros obyektini sotib yuborgan Chust tumani mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi“. Gazeta.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  7. 7,0 7,1 „Chust hokimligi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi“. Xabar.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  8. 8,0 8,1 „Chust hokimligi mansabdorlariga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi“. Bugun.uz. 2022-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  9. 9,0 9,1 „Chust hokimligi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi“. Zamin.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  10. 10,0 10,1 „Namanganda hokim XX asrga oid madaniy meros ob’ektini sotib yuborgani aniqlandi“. Qalampir.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  11. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  12. „Meʼmoriy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylar“. Namangan.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  13. „Namangan viloyatida madaniy meros joylari (reklamadan holi hududlar)“. Consumer.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.