Abdulquddus al-Ansoriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulquddus al-Ansoriy

Al-Ansoriy (1960-yillar)
Asl ismi عبد القدوس الأنصاري
Tavalludi tax.12-fevral 1907-yil
Vafoti 5-aprel 1983-yil(1983-04-05)
(76 yoshda)
Jidda, Saudiya Arabistoni
Ijod qilgan tillari Arab tili
Fuqaroligi Usmonli imperiyasi, Hijoz Qirolligi, Najd va Hijoz Qirolligi va Saudiya Arabistoni
Faoliyat yillari 1928-1983
Imzosi

Abdulquddus al-Ansoriy (arabcha: عبد القدوس الأنصاري; tax. 1907-yil 12-fevral — 1983-yil 5-aprel) — Saudiya Arabistoni tarixchisi, jurnalist va yozuvchi. Usmoniylar va Hoshimiylar hukmronligi ostida Madinadagi Xazrajiylar oilasida tugʻilib-oʻsgan. 1928-yilda mahalliy madrasani tamomlagandan soʻng hukumat lavozimlaridan biriga ishga qabul qilingan, 1928-1954-yillarda bir qancha rasmiy lavozimlarda ishlagan. Oʻz ustida ish olib borgan tarixchi va arxeolog[1] Abdulquddus al-Ansoriy Madina tarixiga oid bir qancha asarlar muallifi boʻlgan hamda, asosan, oʻz mintaqasi, Hijozga oid turli mavzularida qalam tebratgan. 1937-yilda Ansoriy „Al-Manhal“ oylik jurnaliga asos solgan[2]. Uning „Egizaklar“ (1930) kabi romanlari ham mavjud, biroq uning professional faoliyati yozuvchining adabiy faoliyatiga toʻsqinlik qilgan[3][3][4]. Ansoriy 76 yoshida bedavo kasallik tufayli Makkada vafot etgan va al-Mualla qabristoniga dafn qilingan.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yoshlik yillari va taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻliq ismi Abdulquddus ibn al-Qosim ibn Muhammad ibn Muhammad al-Ansoriy al-Baramiy boʻlib, ota-ona tomondan ota-bobolari Banu Xazraj qabilasiga mansub boʻlishgan va al-Ansor nomi bilan ham tanilishgan[5]. Ansoriy taxminan 1907-yil 12-fevralda (hijiry 1324-yil Zulhijja oyi) Madinada tugʻilgan va oʻsha yerda katta boʻlgan[6]. Otasi Al-Masjid an-Nabaviyda muallimlik qilgan, onasi Amina binti Muhammad ibn Zayn al-Ansoriy Tombuktudan boʻlgan[7]. Abdulquddus al-Ansoriy taxminan toʻrt yoshlarida onasidan, olti yoshlarida esa otasidan ayrilgan[5]. Shundan keyin amakisi Muhammad at-Toyib ibn Isoq al-Ansoriy uning qonuniy vasiyiga aylangan[8][9].

Al-Ansoriy Al-Masjid an-Nabaviyda bir guruh ulamolar qoʻlida tahsil olgan, ularga masjid hovlilarida, maktabxonaga oʻxshash joyda dars berilgan. Uning eng koʻzga koʻringan ustozlari orasida amakisi ham bor edi. Ansoriy yetti yoshida qiroatda ilk saboqlarni olgan, oradan ikki yil oʻtib Qur’onni yod olgan. U masjidda turli diniy fanlarni, shuningdek, arab xattotligini ham oʻrgangan[9]. Oʻn olti yoshga toʻlgach, 1922-yilda Madinadagi Ahmad al-Fayd Abadiy tomonidan asos solingan Shariat ilmlari maktabiga („Al-Madrasat ul-ulum ash-Shar’iya“) borgan. Amakisi Muhammad at-Toyib aynan oʻsha maktabda nazoratchi va direktor boʻlib faoliyat yuritgan. 1927-yilda Shariat maktabi bitiruv guvohnomasini olgan[3][4]. Madina amirligining Najd va Hijoz Qirolligi devoni rahbari Ismoil Hifziy tomonidan talabalar uchun oʻtkazilgan ommaviy imtihonida ishtirok etgan. U yerda Ismoil Xifziyning eʼtiborini tortgan va uni Devon maʼmuriyatiga taklif qilishgan[5]. Amakisi bilan maslahatlashganidan soʻng al-Ansoriy ushbu taklifga rozi boʻlgan va 1928-yil 21-fevralda oʻqishni tugatganidan soʻng Madina amirligi devonida eng yosh xodim sifatida oʻz faoliyatini boshlagan[5].

Karyerasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hukumatdagi lavozimlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Ansoriy uzoq yillar davlat xizmatchisi va amaldor sifatida xizmat qilgan. Madina amirligi devonida 1940-yilgacha[5] faoliyat olib borganidan soʻng, amirlik boshqaruv kengashi raisining oʻrinbosari etib tayinlangan. Bundan tashqari, Qarzlarni toʻlash qoʻmitasi, Tibbiy yordam qoʻmitasi, Xayriya qoʻmitasi kotibi va Madinadagi devon boshligʻining yordamchisi lavozimlarida ham ishlagan. Shuningdek, oʻzi tugatgan maktabda arab adabiyotidan dars bergan[8][9].

1940-yilda podshoh Abdulaziz ibn Abdurahmon as-Saud oʻsha vaqtdagi Saudiya Arabistoni davlat arbobi Faysal ibn Abdulaziz as-Saudga al-Ansoriyni „Umm al-Qura“ hukumat gazetasini tahrir qilish uchun Makkaga kelishini taʼminlashni buyurgan. Al-Ansoriy Makkada 1942-yilgacha ushbu gazetaning bosh muharriri lavozimida ishlab, uni adabiy materiallar bilan boyitgan va rivojiga katta hissa qoʻshgan. Shu bilan birga yosh qalamkashlarni gazeta sahifalarida oʻz ijodiy ishlarini chop etishga undagan. 1942-yildan 1954-yilga qadar vasiylik kengashi kotibi, davlat loyihalari va qoidalari boʻyicha direktor, sudda Qirollik moliya ishlari boʻyicha direktor, Bosh vazir devonida maslahatchi[3] kabi bir qancha lavozimlarda faoliyat yuritgan. Ansoriy Muhammad ibn Moniy raisligidagi Maorif kengashi aʼzosi etib ham tayinlangan[8]. U koʻplab konferensiyalar va hukumat qoʻmitalarida ishtirok etgan, Ibn Saud davrida Ar-Riyod shahri aloqalari, statistikasi va qarorgohi ishlarini tashkil qilish bir qancha yuqori lavozimlarga tayinlangan. Shundan soʻng, davlat lavozimlaridan voz kechib, oʻzini adabiy faoliyatga bagʻishlagan[8].

Saudiya Arabistoni adabiyotshunoslarining tarjimai hollarini yozgan Mustafo Ibrohim Husaynning aytishicha, al-Ansoriyning davlat lavozimlaridan olgan maoshi uning adabiy va intellektual faoliyatini davom ettirishiga yordam bergan[3].

Jurnalistika[tahrir | manbasini tahrirlash]

1928-yilda al-Ansoriyning „Arablarni qoʻzgʻolonga nima majbur qiladi?“ asari Misrdagi „Al-Sharq al-Adna“ jurnalida chop etilgan[5]. Shundan soʻng u jurnalistlik faoliyatini boshlagan va „Al-Murshid al-Arabiy“, „Al-Sharq al-Adna“, „Al-Muqtataf“, „Ar-Risolah“ va „Savt al-Hijoz“ „Umm al-Qura“ „Al-Manhal“ jurnallarida turli janrlardagi ijod namunalarini chop etgan[8].

1936-yil oxirida al-Ansoriy Saudiya Arabistonining boshqa jurnallariga salbiy taʼsir oʻtkazgan inqirozlarga qaramay, uzluksiz chop etilib kelayotgan „Al-Manhal“ oylik jurnaliga asos solgan va uni „Al-Hilol“dan keyingi oʻrinda turuvchi eng qadimgi arab jurnaliga aylantirgan. Al-Ansoriy „Al-Manhal“ jurnalining birinchi sonini 1937-yil 11-fevralda Madina shahrida rasmiy xodim boʻlganida nashr ettirgan. U oʻz qarorgohini al-Anbar koʻchasida, Al-Masjid an-Nabaviyga yaqin joyda tashkil etgan[9]. „Al-Manhal“ yosh saudiyalik yozuvchilarga, jumladan, taniqli boʻ Husayn Arab, Muhammad Said al-Amudiy, Ahmad Rida Huhu, Ibrohim Amin Fuda, Solih Shata, Hamza Shehata, Abdulvahhob Ashiy va boshqa koʻplab yozuvchilarga nisbatan ochiq munosabatda boʻlgan[3]. „Al-Manhal“ hech qanday mashhur reklamalar berilmaydigan, faqatgina madaniy va adabiy ishlar bilan shugʻullanishga ixtisoslashgan jurnalga aylangan[9]. Ushbu jurnal faoliyati 1963-yilda Saudiya matbuoti uchun yangi qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra toʻxtatilgan, unga koʻra matbuot mulki shaxslardan institutlarga oʻtkazilgan[9].

Al-Ansoriy, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi adabiy mukofotlar asoschilaridan biri sanaladi[8], u adib adabiyotshunoslarni turli yoʻnalishdagi adabiy mukofotlar bilan taqdirlash taklifini bergan. Ansoriy xalifa Umarning soʻzlariga asoslangan holda, mukofotlar ikki maqsad yoʻlida xizmat qilishini aytgan: faxriy (takrimiya) va bir dalda beruvchi (tashji’iya)[10]. „Al-Manhal“ jurnali Saudiya Arabistonida mamlakat tashqarisida ham tarqatiladigan birinchi adabiy jurnal hisoblangan. U boshqa arablarning ham eʼtiborini tortgan va hozirgi zamonda ham Hijoz adabiyotini oʻrganishda asosiy manbalardan biri hisoblanadi[8]. „Al-Manhal“ har bir hijriy oyning birinchi kunlarida (Ikkinchi jahon urushi yillari bundan mustasno) matbaa qogʻozining qimmatligi tufayli toʻxtovsiz chiqarilar edi. Urushdan keyin jurnal qayta nashr etila boshlagan va to al-Ansoriy vafotiga qadar bu ish davom etgan[11]. Jurnal Ansoriyning qarashlarini ifoda etuvchi maydonga aylangan, yaʼni unda Saudiya universitetlarini tashkil etish, Saudiya shaharlaridagi yodgorlik va koʻchalarga rasmiy nomlar berish, ilmiy tadqiqot qoʻmitasini tashkil etish kabi muhim ishlar borasida soʻz va takliflar berib borilgan. Shuningdek, al-Ansoriy radiostansiya tashkil etish taklifini bergan ilk saudiyaliklardan biri boʻlgan[12].

Adabiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Ansoriy va uning hamkasbi, doʻsti Ubayd Madaniy Madinada arab adabiyotini modernizatsiya qilish yoʻlida ilk qadamni qoʻyishgan. Ular 1920-yildan boshlab zamonaviy adabiyot va uning tushunchalarini oʻrgana boshlaydilar. Shariat fanlari maktabida arab tili oʻqituvchisi boʻlib faoliyat yuritganidan soʻng Ansoriy har payshanba kuni tushdan keyin yigʻiladigan maktab oʻquvchilari uchun ekspromt nutq toʻgaragini tashkil qilgan[10].

1930-yil 26-iyulda Ansoriyning „Egizaklar“ romani Damashqda nashr etiladi[13]. Bu uning badiiy adabiyot sohasidagi birinchi urinishi edi. Keyinchalik „Sawt al-Hijoz“ gazetasida chop etilgan „Merham al-Tanasi“ nomli boshqa bir hikoyasi bilan oʻzining adabiyot sohasidagi ijodini davom ettirgan[14]. Roman muqovasida taʼkidlanganidek, ushbu asar Saudiya adabiyoti tarixida, aniqrogʻi Hijozda yaratilgan birinchi roman sanaladi, chunki asar Najd va Hijoz Qirolligi davrida nashr etilgan[6][15][16].

1934-yilda Ansoriy hamkasblari bilan Madinada „Saudiya Arabistoni bilimli yoshlari uchun adabiy forum“ga asos solib, shu klubda maʼruza va suhbatlar oʻtkaza boshlagan. Saudiya Arabistoni birlashganidan keyin birinchi marotaba „Saudiya“ soʻzi adabiy guruh bilan bogʻlangan[10].

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Ansoriy sogʻligidagi jiddiy muammolar tufayli Jidda va Ar-Riyoddagi kasalxonalarga tez-tez borib turgan. 1403-yilning Jumodissoni oyi 22-kunida (milodiy 1983-yilning 5-aprelga oʻtar kechasi) 76 yoshida Jiddada vafot etgan va janoza namozining ertasi kuni peshindan keyin Makkada Al-Mualla qabristoniga dafn qilingan[9].

Ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyot

  • arabcha: التوأمان (roman, 1928-1930-yillar)
  • arabcha: إصلاحات في لغة الکتابة والأدب (nashr etilgan yili:1933-yil)
  • arabcha: السيد أحمد الفيض آبادي (nashr etilgan yili: 1946-yil)
  • arabcha: بناة العلم في الحجاز الحديث (biografik lugʻat, 1946-yil)
  • arabcha: الأنصاريات (sheʼrlar toʻplami, 1964-yil)
  • arabcha: حصاد العيد: أربعة أيام مع شاعر العرب عبد المحسن الكاظمي (nashr etilgan yili: 1969-yil)
  • arabcha: الملك عبد العزيز في مرآة الشعر, (nashr etilgan yili: 1974-yil)
  • arabcha: مع ابن جبير في رحلته, (nashr etilgan yili: 1974-yil)
  • arabcha: رحلة في کتاب من التراث, (nashr etilgan yili: 1978-yil)

Tarix

  • arabcha: منى وحدودها (nashr etilgan yili: 1957-yil)
  • arabcha: آثار المدينة المنورة (nashr etilgan yili: 1959-yil)
  • arabcha: تحقيق أمکنة مجهولة في الحجاز وتهامة (nashr etilgan yili: 1959-yil)
  • arabcha: تاريخ مدينة جدة (nashr etilgan yili: 1963-yil)
  • arabcha: التحقيقات المعدة بحتمة ضم جيم جُدة (nashr etilgan yili: 1964-yil)
  • arabcha: تاريخ العين العزيزية بجدة، ولمحات عن مصادر المياه في المملکة العربية السعودية (nashr etilgan yili: 1969-yil)
  • arabcha: بين التاريخ والآثار (nashr etilgan yili: 1971-yil)
  • arabcha: بنو سليم، بحث في التاريخ والأدب (nashr etilgan yili: 1971-yil)
  • arabcha: طريق الهجرة النبوية (nashr etilgan yili: 1978-yil)
  • arabcha: الطائف : تاريخا وحضارة، ومصادر ثراء وآثار وأعلاما، وعلماء وشعراء (nashr etilgan yili: 1977-yil)
  • arabcha: رحلتنا الثانية الى منطقة الباحة (nashr etilgan yili: 1979-yil)
  • arabcha: رحلة الباحة (nashr etilgan yili: 1979-yil)
  • arabcha: موسوعة تاريخ مدينة جدة (nashr etilgan yili: 1980-yil)
  • arabcha: الصيام وتفاسير الأحكام : تقديمات تلاوات آي من الذكر الحكيم (nashr etilgan yili: 1981-yil)
  • arabcha: التاريخ المفصل للكعبة المشرفة قبل الاسلام(nashr etilgan yili: 1981-yil)
  • arabcha: أدبنا الحديث كيف نشأ و كيف تطور (nashr etilgan yili: 1007-yil)

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Exell, Karen. Museums in Arabia Transnational Practices and Regional Processes. Abingdon: Taylor Francis, 2016 — 55 bet. ISBN 978-1-317-09277-3. 2022-yil 5-avgustda qaraldi. 
  2. Ahmed, Chanfi. West African ʿulamāʾ and Salafism in Mecca and Medina Jawāb Al-Ifrῑqῑ - The Response of the African. Leiden: Brill, 2016 — 43 bet. ISBN 9789004291942. 2022-yil 5-avgustda qaraldi. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Hussein 1994.
  4. 4,0 4,1 Ibn Silm 1992.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 Taqi al-Din 1986.
  6. 6,0 6,1 Al-Harithi 2015.
  7. Al-Naqshbandi. „ترجمة الشيخ عبد القدوس الأنصاري“ (ar). alithnainya. 2022-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-avgust.
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 8,5 8,6 Qunbus 1996.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 9,4 9,5 9,6 Maghribi 1993.
  10. 10,0 10,1 10,2 Sasi 1968.
  11. „الأنصاري.. الرائد العملاق..“ (ar). alriyadh. Qaraldi: 2022-yil 4-avgust.
  12. „عبد القدوس الأنصاري: ريادة صحافية وحوارات حيوية قبل نصف قرن“ (ar). archive.aawsat.com. 2022-yil 4-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 4-avgust.
  13. Saudi Arabia and the Gulf Arab States Today: An Encyclopedia of Life in the Arab States Vol. 2 Maisel: . Westport, CT: Greenwood Publishing Group, 2009 — 267 bet. ISBN 978-0313344428. 2022-yil 5-avgustda qaraldi. 
  14. „الرواية الأولى "التوأمان"“ (2007-yil 25-dekabr). 2017-yil 13-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 26-fevral.
  15. „بدء الرواية المحلية بين "التوأمان" والانتقام الطبعي د. عبد العزيز السبيل“. 2013-yil 6-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 26-fevral.
  16. Anishchenkova, Valerie. Modern Saudi Arabia. Santa Barbara, California: ABC-CLIO, 2020 — 234 bet. ISBN 9781440857058. 

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Sasi, Abd al-Salam Tahir. al-Mawsūʻa al-adabiyya : dāʼirat maʻārif li-abraz udabāʼ al-Mamlaka al-ʻArabiyya al-Suʻūdiyya, first (ar), Mecca, Saudi Arabia: Dar Quraysh, 1968. ISBN 9789779102146. 
  • Taqi al-Din, al-Sayyid. Majallat al-Manhal wa-atharuhā fī al-nahḍah al-Saʻūdīyah, first (ar), Cairo, Egypt: Dar al-Nihda, 1986. 
  • Ibn Silm, Ahmad Sa'id. Mawsuʻat al-udabaʼ wa-al-kuttab al-Saʻudiyin: khilala sittin ʻaman, 1350 H-1410 H, first (ar), Medina, KSA: Dar al-Minar, 1992. ISBN 9789775254221. 
  • Maghribi, Muhammad Ali. Aʻlām al-Ḥijāz fī al-qarn al-rābiʻ ʻashar lil-Hijrah, first (ar), Jedda, KSA: Tahama, 1993. 
  • Hussein, Mustafa Ibrahim. Udaba' Sa 'udiyun, tarjamat shamilah li-sab 'at wa-'ishrin adiban, first (ar), Riyadh, Saudi Arabia: Dar al-Rifa'i, 1994 — 29–49 bet. ISBN 9789960662008. 
  • Qunbus, Akram Jamil. ʻAbd al-Quddūs al-Anṣārī, min rūwād al-adab wa-al-fikr al-ʻArabī wa-al-Islāmī, first (ar), Damascus, Syria: Dar al-Fara'id, 1996. 
  • Basalamah, Farooq bin Saleh. Min ruwad al-adab al-Saudi, first (ar), Amman, Jordan: Dar Ammar, 2013. ISBN 9789953542744. 
  • Al-Harithi, Muhammad Musa. Qāmūs al-Adab al-ʻArabi al-Hadith, first (ar) Hamdi: , Cairo, Egypt: General Egyptian Book Organization, 2015. ISBN 9789779102146. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]