Turob Jumayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Turob Jumayev Jumayevich
Tavalludi 10-may 1938-yil (1938-05-10) (85 yosh)
Sherobod, Surxondaryo okrugi, OʻzSSR[1]
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi Geograf
Sohasi Geografiya, iqtisodiyot, ekologiya
Ish joylari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Ilmiy darajasi professor
Ilmiy unvoni dotsent
Akademik rahbarlari O.Jamolov, K.Xapkin
Mukofotlari „Mehnat faxriysi“
Dini Islom

Turob Jumayevich Jumayev (1938-yil 10-may, Sherobod, Surxondaryo okrugi, OʻzSSR) – oʻzbek iqtisodiy geograf olimi, togʻshunos olim, geografiya fanlari nomzodi, professor. Iqtisodiy geografiya, ekologiya iqtisodiyoti va mintaqa iqtisodiyoti sohalari boʻyicha taniqli olim.Togʻ mintaqalarini kompleks tadqiq etishning metodologik asoslarini ishlab chiqqan olim. Gidrometereologiya ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi nomzodlik dissertatsiyalari boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faxriy professori. „Mehnat faxriysi“ medali sohibi[2].

Yoshligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jumayev Turob Jumayevich 1938-yil 10-mayda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Tupor qishlogʻida tugʻilgan. 1956-yilda Sheroboddagi 1-oʻrta maktabni „a’lo“ baholar bilan tamomlab, oʻsha yili Termiz pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdi[3]. XX asrning 50—60-yillarida Surxondaryo viloyatidan yetishib chiqqan qator fan va ta’lim arboblari mazkur bilim yurtida tahsil olishgan. Shu bois olimning xotiralashicha, „bilim yurtida oʻtgan ikki yil uning uchun dastlabki katta hayot maktabi boʻlgan edi“[2]. Bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tugallagan Turob Jumayev 1958-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) Geografiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Iqtisodiy geograflar tayyorlashga taniqli iqtisodchi olimlar-professorlar O.Jamolov, K.Xapkin va boshqalarning jalb qilinishi boʻlajak olimning iqtisodiy geografiya sohasini tanlashiga turtki boʻldi. Talabalik davrida bajargan „Sherobod tumaniga iqtisodiy-geografik ta’rif“ mavzusidagi diplom ishi ustozlari tomonidan yuqori baholanadi. Turob Jumayev 1963-yilda universitetni iqtisodchi-geograf iqtisosligi boʻyicha imtiyozli diplom bilan tomomlagach, amaliy faoliyatini 1963—1965-yillarda Sherobod tumanidagi maktabda geografiya oʻqituvchisi sifatida boshladi[4]. Yosh iqtidorli mutaxasis ilmiy tadqiqotlarini davom ettirish maqsadida 1965-yilda Toshkent davlat xalq xoʻjaligi institutiga (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) aspiranturaga oʻqishga kiradi. Ana shu vaqtdan buyon olimning ilmiy pedagogik faoliyati shu dargoh bilan bevosita bogʻliq[2].

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mamlakatimiz hududining 22 foizini tashkil etuvchi togʻli mintaqni tabiiy va iqtisodiy-geografik jihatdan oʻrganish muhim amaliy ahamiyat kasb etadigan ilmiy yoʻnalishlardan biridir. Shuning uchun respublikamizning togʻ mintaqasiga bevosita tutash Toshkent, Fargʻona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari geograflari tomonidan ushbu muammo chuqur oʻrganilgan. Shu oʻrinda ilmiy salohiyatini togʻli hududlar iqtisodiy geografiyasini oʻrganishga, ekologik va mintaqaviy iqtisodiyot masalalariga bagʻishlagan olim, geografiya fanlari doktori, professor Turob Jumayevich Jumayevning xizmatlarini alohida takidlash joiz[3]. Ilmiy-pedagogik faoliyatini iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun yuqori malakali iqtisodchi mutaxasislar tayyorlash ishiga baxshida etgan olim oʻzbek geografiyasining fidoyilaridan biri sifatida salmoqli ilmiy asarlarni yaratadi. 1965-yildan 2013-yil oktabr oyigacha, pensiyaga chiqqunga qadar qariyib 50 yillik ilmiy pedagogik faoliyati Toshkent xalq xoʻjaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) bilan uzviy bogʻliq boʻldi. 1965—1968-yillarda „Iqtisodiy geografiya“ kafedrasini aspiranti. 1968-yildan irrigatsiya muammolari labaratoriyasining katta ilmiy xodimi, 1969-yildan „Iqtisodiy geografiya“ kafedrasining assistenti, 1971-yildan katta oʻqituvchisi, 1974-yildan dotsent, 1989-yildan „Mintaqa iqtisodiyoti va ekologiya“ kafedrasi dotsenti. 2005-yildan „Mehnat iqtisodiyoti va aholishunoslik“ kafedrasi professori, 2006-yildan „Tarmoqlar iqtisodiyoti“ kafedrasi professori, 2012-yildan 2013-yil oktabr oyigacha „Sanoat iqtisodiyoti“ kafedrasi professori lovozimlarida ishladi. Turob Jumayevich Jumayev mohir pedagog sifatida va oʻzining ilmiy salohiyati kengligi, nazariy tahlilning chuqurligi, tadqiqotlarning ilmiy-amaliy ahamiyati boʻyicha ajralib turadi. 2018-yilda Oʻzbeksiton Geografiya jamiyati Turob Jumayevich Jumayevni 80 yillik yubleyi bilan samimiy qutlagan va Oʻzbekiston Geografiya jamiyatining 53-jildli axbarotnomasida ham buni eslab oʻtadi. Olim 2014-yildan nafaqada[3].

Ilmiy ishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turob Jumayevich Jumayev 1971-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institut ilmiy kengashida iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun „Surxondaryo viloyati togʻ zonasi qishloq xoʻjaligining rivojlanishi va joylashishi muammolari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi. Mazkur ilmiy tadqiqot ishida Surxondaryo viloyati togʻoldi mintaqasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va joylashtirishning holati va uning iqtisodiy samaradorligiga oid qator masalalar kompleks oʻrganilgan va shu asosda tegishli ilmi-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. 1977-yilda dotsent ilmiy unvonini oladi. 2004-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti ixtisoslashgan ilmiy kengashida iqtisodiy va ijtimoiy geografiya yoʻnalishi boʻyicha „Oʻzbekiston togʻ zonasining barqaror rivojlanishi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Mazkur tadqiqot ishida olim quyidagi ilmiy-metodologik va amaliy ishlanmalarni asoslab bergan[3]:

  1. Togʻlar va ular hosil qiluvchi tizimlariga barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan Yer yuzasining oʻziga xos tabiiy-ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarga ega boʻlgan qismlari sifatida kompleks taʼrif berilgan.
  2. Togʻlarda jamiyat hayotini tashkil etishning tuzilma va tizim shakllantiruvchi asosi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy balandlik zonalligi obyektiv qonuniyatining mavjudligi isbotlanib, uning togʻ barqaror rivojlanishiga oid muammolarni hal etishda hisobga olinishi muqarrar ekani asoslab berilgan.
  3. Tabiat-aholi-xoʻjalik tizimining „togʻliligi“ nuqtai nazaridan togʻ hududlarining barqaror rivojlanishi muammolarini tadqiq etishning prinsipial yondashuvlari ilmiy-metodik jihatdan asoslab berilgan. Togʻ hududlarini iqtisodiy-geografik turlarga ajratish va kompleks rayonlashtirishning prinsipial chizmasi tavsiya etilib, shu asosda togʻli hududlarni iqtisodiy-geografik rayonlashtirish amalga oshirilgan.
  4. Oʻzbekiston togʻ mintaqasining tabiiy sharoiti va resurslariga baho berilib, uning tabiiy-ekologik xilma-xilligi va farqlari (rayonlari) aniqlangan, togʻlardagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanishning yoʻnalishlari koʻrsatilgan.
  5. Togʻ mintaqasi barqaror rivojlanishining hozirgi holati tahlil qilinib, undagi asosiy muammolar aniqlangan, aholi turar joylarini rivojlantirish, tabiatdan foydalanish, uni muhofaza qilishni takomillashtirish va sifat jihatdan yaxshilash boʻyicha istiqbolga moʻljallangan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan.
  6. Togʻlarning „togʻ-tekislik“ va „tekislik-togʻ“ tizimida tutgan oʻrni aniqlanib, ularning oʻzaro ta’sirini hududiy boshqarishni takomillashtirish boʻyicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Mamlakat togʻ zonasini barqaror rivojlantirish uchun moʻljallangan kompleks „Togʻ dasturi“ ishlab chiqilib, tavsiya etilgan.
Oʻzbekiston hududining balandlik zonalari.

2005-yil TDIU ilmiy kengashi qaroriga asosan kafedra professorligiga saylanadi. Togʻ mintaqalarini kompleks tadqiq etishning metodologik asoslarini ishlab chiqqan olim oʻzbek geograflari oʻrtasida togʻshunos olim sifatida taniladi. Olimning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasiyalarida hamda „Oʻzbekiston togʻlari: tabiati, xoʻjalgi, dam olish (mintaqaviy muammolar)“ (1989), „Oʻzbekistonning togʻli joylarida qishloq xoʻjaligi“ (1982) kabi asarlarida Oʻzbekiston togʻli mintaqalari geografiyasiga oid masalalar kompleks ravishda yoritiladi[2].

Pedagogik faoliyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turob Jumayevning „Iqtisodiy geografiya“ (hammualiflikda) kitobi muqovasi. Kitob 2005-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyotida 500 nusxada chop etilgan.

Turob Jumayevning pedagogik faoliyati toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtish kerak. Olim koʻp yillar davomida talabalarga iqtisodiy geografiya va ekologiya, ekologiya iqtisodiyoti, ekologik menejment, ekologik ekspertiza va boshqa fanlardan chuqur mazmunli maʼruzalar oʻqigan va yuqori darajada amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazgan. Iqtisodiyot (ekologiya) yoʻnalishi boʻyicha qator namunaviy ishchi dasturlar, modellar tayyorlashda faol ishtirok etgan. Olimning bozor iqtisodiyoti va munosabatlari har tomonlama toʻla hisobga olib yozilgan va nashr qilingan „Ekologiya iqtisodiyoti“ darsligi, „Ekologik ekspertiza“, „Ekologik menejment“ (hammualliflikda), „Tabiatdan foydalanishni strategik rejalashtirish“, „Ikkilamchi resurslardan foydalanishni tartibga solish“ kabi oʻquv qoʻllanmalari iqtisodchi ekologlarni oʻqitishda va tayyorlashda muhim manba boʻlib xizmat qildi. Shuningdek, „Iqtisodiy geografiya“ (hammualliflikda) oʻquv qoʻllanmasidan davlat oliy oʻquv yurtlari talabalari foydalanmoqdalar. Turob Jumayev „Iqtisodiy geografiya“ fani boʻyicha taʼlim texnologiyasi va oʻquv metodik kompleksini (2 ta kitob) ishlab chiqqan va nashr ettirgan. Turob Jumayevich oʻzi taʼlim-tarbiya va bilim bergan va respublikamiz va boshqa mamlakatlarda xizmat qilayotgan koʻp sonli shogirdlarining muvaffaqiyatlari bilan faxrlanishga haqlidir[2].

Ilmiy tadqiqotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tadqiqotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turob Jumayevich Jumayevning ilmiy tadqiqotlarining asosiy yoʻnalishi togʻ hududlari iqtisodiyoti, geografiyasi, ekologiyasi hamda Oʻzbekiston milliy iqtisodiyotini hududiy tashkil etishning fundamental—metodologik, amaliy muammolari hisoblanadi. Olim togʻ zonalarini kompleks oʻrganishning chuqur nazariy metodik asoslarini ishlab chiqishga katta hissa qoʻshgan. U Oʻzbekiston togʻ zonasini barqaror rivojlantirish zarurati va yoʻnalishlarini hamda ularni amalga oshirishning samaradorligini har tomonlama chuqur ilmiy asoslab bergan. „Olimning chuqur bilimi va qobiliyati toʻxtovsiz izlanish, oʻrganish, taqqoslash, tahlil va ularning natijalarini doimiy hisobga olib borishga asoslanishi gʻoyat ibratlidir“ — deb aytadi Toshkent davlat iqtisodiyoti universiteti rektori[5].

Oʻzbekiston Respublikasining orografik sxemasi

Turob Jumayevich Jumayev Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasi ishlab chiqqan va 2020-yil 27-noyabrda qabul qilingan „Model qonun. Togʻ hududlari rivojlanishi va muhofazasi toʻgʻrisida“ qonunning 2019—2020-yillardagi loyihasi muhokamasida oʻzining qator taklif va tavsiyalari bilan faol ishtirok etdi. Olim tavsiya etgan qator qoʻshimcha va tuzatishlar maʼqullanib, qabul qilindi va ular mazkur qonunga kiritiladi. Bunda shuni alohida taʼkidlash kerakki, Turob Jumayevich Jumayev 2005-yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga yoʻllagan „Oʻzbekistonning togʻ mintaqalari: rivojlanishi holati va muammolari“ deb nomlangan ilmiy-amaliy maʼruzasida MDH Parlamentlararo Assambleyasi qonunidan (2020) 15 yil ilgari „Oʻzbekiston Respublikasining togʻ hududlari toʻgʻrisida“ qonun, Milliy togʻ siyosati va maqsadli togʻ dasturini ishlab chiqish zarurligini ilmiy asoslab bergan edi[2]. 2021-yilda Turob Jumayev oʻzining koʻp yillik ilmiy tadqiqot natijalarini jamlagan “Bizning ulugʻvor togʻlarimiz: Yangi Oʻzbekiston togʻ zonasining barqaror rivojlanishi. Nazariya va amaliyot” nomli monografiyasini yozib tamomlab, nashrga tayyorlaydi[2].

Ekologik iqtisodiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turob Jumayev iqtisodchi-ekologlarni tayyorlashga moʻljallangan qator namunaviy va ishchi dasturlani, modellarni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan. Olim oʻzining ilmiy ishlarida, asosan, atrof-muhitni ifloslantiruvchi an’anaviy iqtisodiyotning kamchiliklarini ochib berib, fan va amaliyotning nisbatan yangi yoʻnalishi — ekologiya iqtisodiyotining afzalliklari va unga oʻtish zaruriyatini ilmiy asoslab beradi[3].

Ekologiya iqtisodiyoti — kishilarning yashashi va farovon turmushini ta’minlash uchun tabiat bilan iqtisodiyot oʻrtasidagi optimal muvozanatni ta’minlash masalalarini oʻrganuvchi fandir[6]. Turob Jumayev yaratgan oʻquv adabiyotlarda tabiat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarining aynan ana shu jihatlari keng yoritib beriladi[2].

T.Jumayevning „Ekologik eskpertiza“ kitobi muqovasi. Kitob 2004-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot Jamgʻarmasi nashriyotida 500 nusxada chop etilgan.

Ilmiy nashrlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olimning koʻp yillik ilmiy-pedagogik natijalari 160 dan ortiq nashr qilingan ishlarda, shu jumladan, 2 ta monografiya, 3 ta risola, 1 ta darslik, 10 ga yaqin oʻquv qoʻllanmalar, koʻplab ilmiy maqolalarda bayon qilingan[3].

T.Jumayevning „Ikkilamchi resurslardan foydalanishni tartibga solish“ kitobi muqovasi. Kitob 2004-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot Jamgʻarmasi nashriyotida 500 nusxada chop etilgan.

2015-yilda Turob Jumayevning „Ekologiya iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot“ nomli monografiyasi „Iqtisodiyot“ nashriyotida nashr etiladi. Qator ilmiy ishlari xorijiy mamlakatlarda (Rossiya, Latviya, Armaniston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston, Koreya Respublikasi) nashr etilgan. Olim koʻplab respublika va xalqaro konfrensiyalar, simpoziumlarda faol ishtirok etgan. Ilmiy tadqiqot ishlari natijalari boʻyicha qator vazirlik va tashkilotlarga tavsiyanomlar yoʻllagan[3].

Asosiy ilmiy ishlar roʻyxati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Monografiya va risolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Горы Узбекистана: природа, хозяйство, отдых. Региональные проблемы. – Ташкент: Мехнат, 1989. – 250 с.
  2. Oʻzbekistonning togʻli joylarida qishloq xoʻjaligi. – Toshkent: Fan, 1982. – 64 bet.
  3. Ekologiya iqtisodiyoti – barqaror rivojlanishning asosiy yoʻnalishi. – Toshkent, 2012. – 62 bet.
  4. Ekologiya iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot. Monografiya. – Toshkent: Iqtisodiyot, 2014. – 232 bet.
  5. Джумаев Т.Д. Горные регионы Узбекистана: состояние и проблемы развития. Научно-практический доклад. Адресован: Законадательную палату Олий Мажлис Республики Узбекистан. Спикеру Э.Х.Халилову от ректора Ташкентского государственного экономического университета академика С.С.Гулямова. (№ 58-1051. 02.05.2005). – 54 страниц. Рукопись.
  6. Bizning ulugʻvor togʻlarimiz: Yangi Oʻzbekiston togʻ zonasi- ning barqaror rivojlanishi. Nazariya va amaliyot. Monografiya. Toshkent: Iqtisodiyot, 2021. – 587 bet.

Darlik va qoʻllanmalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ekologiya iqtisodiyoti. Darslik. – Toshkent: TDIU, 2004. – 288 bet.
  2. Ekologik ekspertiza. Oʻquv qoʻllanma. – Toshkent: TDIU, 2004. – 128 bet.
  3. Tabiatdan foydalanishni strategik rejalashtirish. Oʻquv qoʻllanma. –Toshkent: TDIU, 2004. – 96 bet
  4. Ikkilamchi resurslardan foydalanishni tartibga solish. Oʻquv qoʻllanma. – Toshkent: TDIU, 2004. – 96 bet.
  5. Ekologik menejment. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: TDIU, 2004. – 112 bet (hammualliflikda).
  6. Iqtisodiy geografiya. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: TDIU, 2005. – 160 bet (hammualliflikda).
  7. Джумаев Т.Д. Технология обучения в экономическом обра- зовании. Учебно-методический комплекс по дисциплине „Экономи- ческая география“ (для бакалавров). – Ташкент: ТГЭУ, 2006. – 203 с.
  8. Iqtisodiy taʼlimda oʻqitish texnologiyasi. „Iqtisodiy geografiya va ekologiya“ fanidan oʻquv-uslubiy majmua. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti. – Toshkent: Iqtisodiyot, 2010. – 291 bet (hammuallif Rajabov N.).

Ilmiy maqollardan namunalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Togʻ zonasi iqtisodiyotini rivojlantirish muammolari. Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. 1996. № 123. 10-16-betlar.
  2. Проблемы социально-экономического развития горных райо- нов. Доклады Академии наук Азербайджана. 1998, № 34, с. 130-137.
  3. Central Asean Huglands: Vertikal Zonality and problems of socio-economic development. Jornal of studeo of Korea, China and Russia. 1998, № 3. P. 1-8.
  4. Перспективы устойчивого развития горных районов Узбекистана. Известия Российской Академии наук. Сер. геогр. 2002, № 2, с. 104-106.
  5. Джумаев Т. Узбекистан − прекрасная горная страна Интервью с корреспондентом Н.Полянской. //Правда Востока, 10 декабря 2004 года.
  6. Ekologiya iqtisodiyoti: fan va amaliyot rivojlanishining yangi bosqichi. Ekologiya xabarnomasi. 2001, № 11, 14-20-betlar.
  7. Iqtisodiyotni ekologik barqaror rivojlantirishda tikla- nadigan muqobil energiya manbalaridan foydalanish muammolari. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston iqtisodiyoti: ustuvor yoʻnalishlar, muammolar va yechimlar. Ilmiy maqolalar toʻplami. 1-qism. – Toshkent: TDIU, 2011. 109-114-betlar.
  8. Oʻzbekiston togʻ zonasining ekoturistik salohiyati xususiyatlari va ulardan oqilona foydalanish muammolari. //Oʻzbekistonda ekoturizmni rivojlantirish istiqbollari. Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning maʼruza tezislari toʻplami. 2019-yil 2-noyabr. – Toshkent: TDIU, 2012, 192-195-betlar.
  9. Стратегия социально-экономического развития горной зоны Узбекистана на долгосрочную перспективу. // Iqtisodiyot va taʼlim. 2013, № 2, с. 112-116.
  10. Экономико-географические аспекты устойчивого развития горных территорий Узбекистана. O‘zbekiston Geografiya jamiyati axboroti. 53-jild. –Toshkent, 2018, 84-88-betlar.

Mukofatlar va yutuqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turob Jumayevich Jumayev koʻp yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-oʻqituvchilari, talabalarning katta hurmatiga sazovor boʻladi, universitet rektorining koʻp marta rahmatnomalarini oladi, respublika oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining faxriy yorligʻi bilan taqdirlanadi. Olim ko’p yillik mehnatlari evaziga „Mehnat faxriysi“ medali bilan mukofotlanadi. Olim Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Iqtisodiyot fakulteti, Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi faoliyati va jamoat ishlarida faol ishtirok etadi. Shuningdek, Gidrometereologiya ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi nomzodlik dissertatsiyalari boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi sifatida ilmiy kadrlarni tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshadi. Qator doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalariga rasmiy opponent boʻladi[2].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • T.J.Jumayev. Bizning ulugʻvor togʻlarimiz. Yangi Oʻzbekiston togʻ zonasining barqaror rivojlanishi. Nazariya va amaliyot. –Toshkent: „Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi“, – 2021, 700 bet.
  • Gadoyev K., Berdiyeva S. Oʻzbek geografiya fani fidoiylari. – Toshkent: Oʻzbekiston,
  • Jumayev T. Ekologiya iqtisodiyoti: darslik. – Toshkent, 2004.
  • Jumayev T. Ekologik ekspertiza. Oʻquv qoʻllanma. – Toshkent: TDIU, 2004. – 128 bet
  • Jumayev T. Ikkilamchi resurslardan foydalanishni tartibga solish. Oʻquv qoʻllanma. – Toshkent: TDIU, 2004. – 96 bet.
  • Jumayev T. Ekologiya iqtisodiyoti: nazariya va amaliyot. Monografiya. – T., 2014
  • I.Xotamov, M.Sultаnov, A.Yadgarov. Atrof - muhit va tabiiy resurslar iqtisodiyoti. „Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi“, 2021. 312 bet.
  • A.Xodjimatov, N.Sultonova, D.Qambarova.Geografiya taʼlimi jonkuyarlari. „Adabiyot uchqunlari“, 2016. 127 bet.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Allanov, Q. Surxondaryo viloyati geografiyasi. Termiz: TerDU, 2017 — 216 bet. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 2,8 Jumayev, T. Bizning ulugʻvor togʻlarimiz. Yangi Oʻzbekiston togʻ zonasining barqaror rivojlanishi. Nazariya va amaliyot.. Toshkent: Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi, 2021 — 700 bet. ISBN 978-9943-7684-0-6. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 Gadoyev, K; Berdiyev, S. Oʻzbek geografiya fani fidoyilari. Toshkent: OʻZBEKISTON, 2015 — 232 bet. ISBN 978-9943-28-366-4. 
  4. „Oʻzbekiston Geografiya jamiyati; axborot va nashrlar“. Oʻzbekiston Geografiya jamiyati axborotnomasi 53-jildi. Qaraldi: 12-avgust 2023-yil.
  5. Xodjimatov, A; Sultonova, N; Qambarova, D. Geografiya ta'limi jonkuyarlari. Toshkent: Adabiyot uchqunlari, 2016 — 127 bet. 
  6. Jumayev, T. Ekologiya iqtisodiyoti, Toshkent, 2004.