Darslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Darslik — muayyan fanga doir bilim asoslarini maʼlum tartibda bayon etadigan va yuqori maʼnaviy-gʻoyaviy, ilmiy uslubiy saviyada yozilgan kitob, oʻquv adabiyotining asosiy va yetakchi turi. Darsliklar 2 asosiy guruhga boʻlinadi: oʻquvchilar uchun darsliklar va talabalar uchun darsliklar. Oʻzbekistonda oʻquvchilar uchun moʻljallangan darsliklardan umumiy oʻrta taʼlim maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab, akademik litsey, kasb-hunar kolleji, maxsus taʼlim maktablari va maxsus internat maktablarning oʻquvchilari; talabalar uchun nashr etilgan darsliklardan oliy oʻquv yurtlari talabalari mustaqil hamda oʻqituvchilar rahbarligida foydalanadilar.

Darsliklar muayyan fanga oid asosiy fakt, ilmiy tushuncha, qonun va nazariyalar mazmunini tegishli oʻquv yurtining dasturi hajmida taʼlim vazifalari hamda oʻquvchi (talaba)larga mos tarzda ochib beradi. Darsliklar taʼlim, tarbiya vazifalarining imkoni bor darajada hal etilishiga, yaʼni bilimning muntazam, mustahkam va ongli oʻzlashtirilishiga, oʻquvchi (talaba)larda fanning muayyan sohasiga qiziqish uygʻotishga, ularda ilmiy tafakkurning tarkib to-pishiga yordam beradi. Darslikning tili ravon va tushunarli boʻlishi, oʻquvchilar nutqining oʻsishiga yordam berishi lozim.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Darsliklar tarixi qadim zamonlardan boshlanadi. Sharqda, xususan Frot va Dajla daryolari oraligʻida yashagan qad. shumerlar davrida sopol taxtachalarga bitilgan matnlar miloddan avvalgi 2-ming yillikka oid boʻlib, ular „qoʻllanma“ va „daryoliklar“ vazifasini oʻtagan. Keyinchalik boshqa sharq xalqlarida, ulardan keyin esa qadimgi dunyoda papirus yoki pergamentga bitilgan qoʻlyozma oʻquv kitoblari vujudga kela boshlagan va ular maʼlum bir sohaga, kasbga oʻrgatish uchun asosiy manba vazifasini oʻtagan. Kitob nashr etish ishi yuzaga kelgach, darsliklar hammabop boʻla boshladi. Ped. va psixologiya fanlarining taraqqiyoti bilan darsliklarning mazmuni va metodik tuzilishi tobora mukammallashib bordi.

Oʻrta Osiyoni Rossiya bosib olgunga qadar bu yerda mavjud boʻlgan maktab va madrasalardagi taʼlimtarbiyaning asosiy mazmuni islom taʼlimotini oʻrgatishdan iborat boʻlgan va ularda arab, fors, eski turk tillarida yozilgan diniy kitoblar darslik vazifasini oʻtagan. Bu darsliklar Qurʼon oyat va suralaridan, boshqa diniy kitoblarning turli qism va parchalaridan iborat boʻlgan. Maktabxonalarda „Haftiyak“, „Chor kitob“ va b. kitoblar oʻqitilgan. Madrasalarda ham musulmon diniy qoidalari toʻplami — „Avvali ilm“ (fors tilida savol-javob tarzida tuzilgan), arab tili grammatikasiga oid „Bidon“, „Qofiya“ kabi qoʻllanmalardan foydalanilgan. Baʼzi madrasalarda talabalar qad. kitoblarni mustaqil oʻqib oʻrganishi natijasida geogr., astronomiya, tibbiyot va b. fanlarga oid ayrim maʼlumotlardan xabardor boʻla borganlar, mumtoz shoirlarning asarlari bilan tanishganlar.

Oʻrta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olingandan keyin rus metodistlari taʼsirida mahalliy tillarda maktab darsliklari yaratila boshlandi. 19-asrning 70-y.laridan Toshkentda rus va rus-tuzem maktablari uchun ayrim darsliklar nashr etildi. 1875-yil A. A. Terentyevning „Russkaya azbuka dlya shkol Sredney Azii“ („Oʻrta Osiyo maktablari uchun rus alif-bosi“), 1885-yil V. P. Nalivkinning „Azbuka dlya russko-musulmanskix shkol osedlogo naseleniya Turkestanskogo kraya“ („Turkiston oʻlkasidagi oʻtroq aholiga moʻljallangan rus-musulmon maktablari uchun alifbo“) D. lari pay-do boʻldi. 1887-yil V. P. Nalivkinning „Terma kitob“ nomi bilan oʻzbekcha-tojikcha xrestomatiyasi, 1896-yil uning „Turkiston viloyatining Toshkand shahridagi seminariya degan madrasada oʻqiydurgan terma kitob“ asari nashr qilindi. 1898-yildan S. M. Gramenitskiyning 3 qismdan iborat „Kniga dlya chteniya“ („Oʻqish kitobi“) kitobi qoʻllanila boshlandi.

20-asrning boshlarida yangi usul maktablarining ayrim muallimlari ham oʻz ish tajribalarini umumlashtirib, oʻquv kitoblari tuza boshlashdi. Masalan, 1902-yil Toshkentda Saidrasul Saidazizovning „Ustodi avval“ alifbesi, 1903-yil Aliasqar Kalininning „Muallimi soniy“ xrestomiyasi, Rustambek Yusufbek oʻgʻlining „Taʼlimi avval“ va „Taʼlimi soniy“, Abdulla Avloniyning „Birinchi muallim“, Hamza va b.ning oʻquv qoʻllanmalari bosilib chiqdi. Lekin fizika, geom. singari koʻpgina fanlardan oʻzbek tilida darsliklar yoʻq edi. Oktyabr toʻntarishidan keyin barcha fanlar yuzasidan darsliklar tuzish ishiga jadal kirishildi. Mas, Shokirjon Rahimiyning 1919-yilda chiqarilgan „Sovgʻa“ alifbesi, M. Qodirov va boshqalarning 1920-yilda katta yoshli kishilar uchun chiqarilgan „Kattalarga oʻqish“ alifbesi, I. Husanxoʻjayev va F. Ergʻoziyevning maktab yoshidan oʻtgan oʻsmirlar uchun chiqarilgan „Oʻsmir“ alifbesi, ozarbayjon tilidan oʻzbekchaga tarjima qilingan „Handasa“, „Fizika“ kitoblari, V. Flerovning 1918-yilda „Yasnoye utro“ („Musaffo tong“) nomi bilan chiqarilgan ikki oʻqish kitobi, Ye. D. Polivanov va L. I. Palminning „Mak“ („Lolaqizgʻaldoq“) nomli oʻqish kitobi, K. A. Voskresenskaya, N. P. Arxangelskiy, O. F. Topolskayalarning Oʻrta Osiyodagi ruscha boʻlmagan maktablar uchun „Mak“ nomi bilan chiqarilgan birinchi ruscha alifbesi, shuningdek, mazkur mualliflarning Oʻrta Osiyodagi 1-bosqich maktablar uchun chiqarilgan „Malenkiy turkestanets“ („Yosh turkistonlik“) oʻqish kitobi Oktyabr toʻntarishidan keyingi dastlabki davrlarda chiqarilgan darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari jumlasidandir. O. Sharafiddinov yozgan „Alifbe“ 1938-yildan 1970-yil gacha 1sinf oʻquvchilarining asosiy oʻquv qoʻllanmasi boʻlib keldi. 1970-1971 oʻquv yilidan mazkur muallifning Q. Abdullayeva bilan yozgan yangi „Alifbe“ kitobi qoʻllanila boshladi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, taʼlim muassasalarida qoʻllanilayotgan darsliklarni qayta ishlash borasida katta ishlar olib borildi. 1997-yilda kabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining „Taʼlim toʻgʻrisida“gi qonuni, „Kadrlar tayyorlash milliy dasturi“ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil yanvarda qabul qilingan „Uzluksiz taʼlim tizimini darsliklar va oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlashni takomillashtirish toʻgʻrisida“gi qarori muhim ahamiyatga ega boʻldi. Yetuk mutaxassislar tomonidan bir qator darsliklar mazmunan kayta ishlandi. Jumladan, tarix, adabiyot, geogr., mat.dan yangi mazmundagi darsliklar joriy etildi. Shu davrgacha umumiy oʻrta taʼlim tizimining oʻquv rejasida boʻlmagan oʻquv fanlari (tabiiyot, odobnoma)dan original darsliklar yaratildi. Taʼlim amaliyotiga „Alifbo“, „Tabiatshunoslik“dan muqobil darsliklar tatbiq etildi.

Oʻzbekistonda darsliklar nashr etish ishi keng yoʻlga qoʻyilgan. Darslik tayyorlashga ixtisoslashgan „Oʻqituvchi“, „Oʻzbekistan“, „Mehnat“, Ibn Sino nomidagi nashriyotlar, „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa nashriyotlar darsliklar nashr etadi. 2000-yil Oʻzbekistonda 375 nomda 14 mln. 406,6 ming nusxada darslik nashr etilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil