Oʻzbekiston davlat bayrogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Flag of Uzbekistan.png

1991-yil 18-noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i to’g’risidagi qonun qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i ramzi mamlakat hududida ilgari mavjud bo’lgan g’oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo’lgan eng yaxshi an’analarni daaom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy o’zligini ham aks ettiradi.

Bayroqdagi havorang – zangori osmon va musaffo suv ramzidir. Moviy - lojuvard – havorang Sharqda azaldan qadrlanadi, vaqtida buyuk Amir Temur ham o’z bayrog’iga bu rangni tanlagan.

Oq rang – tinchlik va poklik timsolidir. Yosh mustaqil davlat o’z yo’lida baland dovonlardan oshib o’tishi kerak. Bayroqdagi oq rang O’zbekiston Respublikasi tanlagan yo’lning musaffo va charog’on bo’lishi uchun yaxshi niyat ramzidir.

Qizil yo’llar – bu har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, hayot ramzidir.

Yashil rang – serne’mat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda; uning ramzi ham yashil rangdir.

Yarimoy – O’zbekiston xalqining ko’p asrlik an’analariga muvofiq keladi. Yarimoy va yulduzlar musaffo osmonning va tinchlikning ramzlaridir. Bayroqdagi 12 yulduz tasviri mukammallik belgisidir.