Langarota masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
masjid
Langarota masjidi
Langar ota masjidi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Qashqadaryo viloyati
Tuman Qamashi tumani
Masjid turi Jomeʼ-Masjid
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Asoschi Shayx Abul Xasan
Binokorlik 1448-yil—{{{Qurilib bitkazildi}}}
Soʻngi imom Sarmonov Ismoil[1]

Langarota masjidi — Qashqadaryo viloyati Katta Langar qishlogʻidagi meʼmoriy yodgorlik (16-asrning birinchi yarmi). Masjid Oʻrta Osiyo togʻli hududiga xos, ikki xonaqohli, oldi peshayvonli qilib bunyod etilgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalq orasida „Xazrati Langar ota“ nomi bilan mashxur boʻlgan mazkur masjid tarixiy manbalarga koʻra 1448-yilda Abul Xasan shayx ismli kimsa tomonidan bunyod etilgan. Masjid qurilishi xayriya-hashar va sahovatpeshalar koʻmagi asnosida amalga oshirilgan[2]. Ayrim rivoyatlarda aytilishicha Abul Xasan Buxorodagi piridan maktub olgach shu harakatni boshlangan.

Joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Langar ota masjidi Qamashi tumanining Langar qishlogʻidagi tepalik ustida joylashgan. Qishloq Hisor togʻ tizmasi orasida, Qiziltepa qishlogʻidan 25-30 km uzoqlikda qad rostlagan[3].

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid tarkibida 1 ta ayvon, 4 ta mehrob, 2 ta xonaqoh, 7 eshik va 19 ustun mavjud. Ilk qurilgan masjid avvaliga kichik boʻlib, keyinchalik kattalashtirilgan degan taxminlar mavjud. Shunga koʻra, 2 ta xonaqoh katta va kichik masjid deb ataladi.

Ayvon sahniga ikki qator qilib baland oʻymakor ustunlar oʻrnatilgan. Shiftiga anʼanaviy tartibda toqi terilib, toʻsin va vassalari chiroyli (gullar solinib) boʻyalgan, ular kichik xonaqohda 4 ustunga, katta xo-naqoxda 5 ustunga tayangan. Kichik xonaqoh ancha qadimiy hisoblanadi. Uning koʻhna devori sinchli boʻlib, keyinroq unga tutashtirib katta xonaqoh va umumiy peshayvon barpo etilgan.

Masjidning balandligi 11 metrni tashkil etadi. Umumiy maydon esa 32x32 metr.

Mehrob atrofida suls yozuvida yozilgan bitiklr bilan bezatilgan. Uning ichidagi bezakli yozuvlarda 1519—1520, 1562—1563, 1748 va 1807—1808-yillar (qurilgan va taʼmir qilingan sanalar) yozuvi saqlangan. Devor boʻylab koshinlar mozaika uslubida joylashtirilgan. Shuningdek, arab va nomaʼlum tildagi yozuvlar bilan jilolangan.

Katta xonaqohning zeb-ziynatidagi taʼsirchanligi koshinkori bezaklaridagi gullaridadir. Mehrob va devoridagi naqsh bezaklari yaxshi saqlangan. Izora jiyaklarida qora zaminga sariq va havorang koshin parchalari yopishtirilgan, koʻk, havorang va oq hoshiyalar berilgan. Izoralar sathi 3 xil tuzilishda yulduzchali girihlar va kora rangli „sakkizliklar“ bilan qoplangan, oʻrtasiga tillarang boʻyokdar ishlangan. Quyi qismi asosiy satxdan kulrang marmarli silliq hoshiyalar bilan ajratilgan, zarhal bilan qoplangan.

Masjidning yuksak mahorat bilan ishlanganligi uning derazalaridagi oʻyma ganch panjaralaridan, ustunlari, marmar poyustun va boshalaridan ham maʼlum.

Langarota maqbarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Langarota maqbarasidagi yodgorliklar 15-asr oxiri — 16-asr oʻrtalarida bunyod etilgan. Nufuzli Langar shayxlari Muhammad Sodiq (1465—1545), Abul Hasan (1491—1592 yillarda vafot etgan) va boshqalarning sagʻanalari, shuningdek, Temuriy malikalar sagʻanasi va ulardagi yozuvlar saqlangan.

Maqbara (umumiy maydoni 140x12,5 m) peshtoqi gumbazli, bir xonali (umumiy maydoni 5,2x5,2 m), toʻrt tomonlama kesishgan ravoqqa tayangan. Qalqonsimon bagʻallari toʻrsimon, tokchalari muqarnas naqshli, ravoqlari ikki qavatli rangli oʻyma ganch bilan qirqma usulida bezatilgan. Maqbara sirtiga gʻishtlar „bandak“ va „mavj“ uslubida terilgan[4].

Taʼmirlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid katta xonaqohidagi ustunning yuqori qismidagi yozuvlarga koʻra, bu masjid usta Muhammadiyor tomonidan hijriy 1362-yil (milodiy 1905-yil) da taʼmirlangan[5].

Sovet ittifoqi davrida hokimiyat mazkur hududni taʼmirlash uchun bir qator ishlar amalga oshirilgan[6].

Bugungi kunda bu masjida kufiy yozuvida yozilgan Qur’oni karimning mashhur nusxasi Katta Langar Qur’oning faksimili nusxasi saqlanib kelinmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Qashqadaryo viloyati“. masjid.uz. Qaraldi: 08-2023.
  2. „Qashqadaryo viloyati“. uzbekistan.travel.uz. Qaraldi: 08-2023.
  3. „Langar ota masjidi haqida eshitganmisiz?“. vaqf.uz. Qaraldi: 08-2023.
  4. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 5-jild (Konimex — Mirzoqush). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003 — 704 bet. 
  5. „Langar ota masjidi haqida eshitganmisiz?“. sammuslim.uz. Qaraldi: 08-2023.
  6. „Langar-Ota“. meros.uz. Qaraldi: 08-2023.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Langarota masjidi“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 5-jild (Konimex — Mirzoqush). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]