Gul

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gul (fl os) — yopiq urugʻli oʻsimliklar (q. Gulli oʻsimliklar)ning generativ (jinsiy urchish) organi. G. oʻsishi cheklangan, shaqli oʻzgargan novda hisoblanadi G. gulband, kosachabarglar, tojbarglar, changchilar va urugʻchidan tashkil topgan. Kosachabarglar — G.ning sirtida — birinchi qatorda joylashadi bargchalardan iborat. Kosachabarglar, odatda, yashil, oʻsimlik turiga qarab soni har xil boʻladi. Baʼzi oʻsimliklarda (marmarak, rayhon, noʻxat va b.) kosachabarglar bir-biri bilan qoʻshilib, birikkan bargli tutash kosacha, boshqalarida (turp, shaftoli, oʻrik va b.) birikmasdan, ayrikosacha hosil qiladi. Gultoj barglar — kosachabarglardan ichki qavatga joylashgan gulbarglardan iborat. Rangi har xil. Tojbarglar ham tutash (pechak, karnaygul, kartoshka va b. gulida) va ayritoj (oʻsma, ayiqtovon, naʼmatak va b. gulida) boʻladi. Changchilar G.ning chang (mikrospora) hosil qiluvchi qismi. Ular uchinchi qavatni tashkil qiladi. Urugʻchi G.ning urugʻkurtak (makrospora) hosil qiluvchi qismi boʻlib, markazda joylashgan. Kosachabarglar bilan tojbarglar gulqoʻrgʻon deyiladi. Kosachabarglar bilan tojbarglarga aniq ajralgan gulqoʻrgʻon (oʻrik, olcha, sholgʻom va b. gulida) murakkab, bunday ajralmay, rangi bir xil boʻlgan gulqoʻrgʻon oddiy gulqoʻrgon deyiladi. Tojbarglarga oʻxshash, ochiq rangli oddiy gulqoʻrgʻon gultojsimon (lola, piyoz gulida), kosachaga oʻxshash yashili esa (lavlagi, shoʻra, otquloq va b. gulida) kosachasimon gulqoʻrgʻon deb yuritiladi. Hasharotlar vositasida changlanadigan G.lar gulqoʻrgʻoni yaxshi rivojlangan, shamol yordamida changlanadigan G.larniki esa uncha rivojlanmagan yoki butunlay yoʻqolib ketgan. Gulqoʻrgʻonsiz yoki faqat urugʻchi va changchilardan iborat gullar (tol, terak, yongʻoq kabilarning guli) yalangʻoch yoki gulqoʻrgʻonsiz G.lar deyiladi. G.ning barma qismlari oʻrindiqqa joylashgan. Oʻrindiq keng va yassi (ayiqtovon, malina), konussimon yoki choʻziqroq (yerchoy) yoki, aksincha, botiq (raʼno, naʼmatak va b.) boʻladi. Har bir G.da gulband bor. Baʼzan gulband deyarli rivojlanmay, G. toʻpgul oʻqidan oʻsib chiqadi (mas, tizimgul, sebarga guli). Bunday G.lar bandsiz yoki oʻtroq G.lar deyiladi. G.da urugʻchilar va changchilar boʻlsa, ikki jinsli (behi, lolaqiz-gʻaldoq, piyoz va b.), faqat bittasi boʻlsa (yongʻoq, makkajoʻxori, tol, qayin va b.), ayrim jinsli yoki bir jinsli G. deyiladi. Bir jinsli G. faqat urugʻchilardan iborat boʻlsa — urugʻchili (makkajoʻxori soʻtasi), faqat changchilardan iborat boʻlsa (makkajoʻxori roʻvagi, yongʻoq kuchalasi va b.) — changchili G. deyiladi. G. markazidan ikki va undan koʻp chiziq oʻtkazilganda teng simmetrik qismlarga boʻlinsa, toʻgʻri — aktinomorf (olma, oʻrik, naʼmatak va b.), faqat bitta chiziq bilan simmetrik qismlarga boʻlinsa, qiyshiq — zigomorf G. (rayhon, yalpiz, itogʻiz, jambil va b.) deyiladi. G.larda nasldan-naslga oʻtadigan doimiy belgilar (G. qismlarning shaqli, rangi, katta-kichikligi, bir-biriga nisbatan tutgan oʻrni va soni) gʻoyat xilma-xil. Oʻsimliklarning urugʻdoshligi va evolyutsiyasini aniqlashda G.larning ahamiyati katta. G. shamol yoki hasharotlar vositasida changlanadi. G. changlanishga turlicha moslashgan. Mac, hasharotlar yordamida changlanadigan oʻsimliklarning G.i yirik, hidli, xilma-xil rangda boʻlib, nektar bezlari shira (nektar) ajratadi. Nektar bezlari G.ning ichki qismida boʻlib, hasharotlar shira olishga qoʻnganda tanasiga changni yopishtirib olib tarqatadi. Koʻp oʻsimliklar (mas, yongʻoq, terak, kanop, makkajoʻxori va b. gʻalladoshlar) shamol vositasida changlanadi. Ularning G.i mayda, koʻrimsiz, rangsiz va hidsiz, changlari quruq va yengil boʻladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Xoliqov S., Pratov Oʻ., Oʻsimliklar anixushgichi, T., 1970; Mavlonov O., Qosimov A., Siddiqov J., Biologiya (maʼlumotnoma), T., 1999.