Qamashi tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qamashi tumani
Камашинский район
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Qamashi
hokim Xurshid Usmonov
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (01.05.2023) 286,5 ming kishi
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 2,66 ming km2 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Rasmiy sayti https://qamashi24.uz/
Xaritada
Qamashi tumani xaritada
Koordinatalari: 38°47′35″N 66°28′29″E / 38.79306°N 66.47472°E / 38.79306; 66.47472 G O

Qamashi tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi tuman, 1937-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Qarshi tumaniga qoʻshilgan. 1964-yil 31-dekabrda yana qaytadan tashkil etilgan. Shimoldan Chiroqchi, Yakkabogʻ, Shahrisabz tumanlari, gʻarbdan Koson tumani, janubdan Gʻuzor, Dehqonobod tumanlari, sharqdan Surxondaryo viloyatining Boysun tumani bilan chegaradosh. Maydoni 2,66 ming km2. Aholisi 280,6 ming kishi (2022). Tumanda 60 ta mahalla fuqarolar yigʻini bor. Markazi — Qamashi shahri[1].

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman hududi gʻarbdan sharqqa 150 km, shimoldan janubga 40–45 km ga choʻzilgan. Hududining gʻarbiy qismi relyefi, asosan, tekislikdan iborat. Umumiy maydonining ʻ/4qismini Qarshi dashti egallagan. Tuman relyefi sharqqa tomon koʻtarila boradi, tekisliklar, qir-adirlar, soʻngra past va balandroq togʻlar almashinib keladi. Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqdaridan boʻlgan Chaqchar togʻi viloyatdagi eng baland togʻ boʻlib (Katta Xuroson, asli Katta Xarsang choʻqqisi, 3749 m), Qashqadaryo havzasini Surxondaryo havzasidan ajratib turadi. Tumanda qazilma boyliklardan — turli xil qurilish materiallari mavjud. Qashqadaryo (tumanning eng gʻarbiy tekislik qismida 30 km masofada oqib oʻtadi) va uning irmogʻi Langar asosiy suv manbalaridir. Qashqadaryo havzasiga kiruvchi Yakkabogʻdaryo va Gʻuzordaryoning yuqori qismlari (Qizildaryo, Tirnasoy, Katta Oʻradaryo) ham tuman hududidan suv oladi. Qashqadaryo viloyatidagi eng yirik Chimqoʻrgʻon suv ombori tuman hududida joylashgan. Xoʻjaliklarni suv bilan taʼminlovchi ariq va kanallar (Chim, Janbuz, Tayoqli, Sagʻanak kabilar) shu suv omboridan boshlanadi. Iqlimi kontinental. Oʻrtacha yillik harorat 7,2°. Yanvar oyining oʻrtacha harorati —4,6°, iyulniki 20,1°. Vegetatsiya davri tekislik qismida 240 kun, togʻli qismlarida 200 kun. Yillik yogʻin 327 mm dan (tekislikda) 612 mm gacha (togʻlik qismida). Tuproqlari ham tekislikdan togʻlarga tomon oʻzgarib boradi: tipik boʻz tuproq, qoʻngʻir boʻz tuproq, qumoq boʻz tuproq; daryo vodiylarida oʻtloqi tuproqlar tarqalgan.

Turli xil efemeroidlar — qoʻngʻirbosh, yaltirbosh, noʻxatak, lolaqizgʻaldoq, shuningdek, kovrak, bugʻdoyiq, oqquray, qoramurcha, yantoq, qizilmiya, yulgʻun, tol, archa, zarang, pista, bodom, doʻlana, itburun, qatrangʻi, yovvoyi olcha, yongʻoq va boshqalar oʻsadi. Tulki, quyon, qobon, togʻ ayigʻi, kiyik, boʻrsiq, jayra, kalamush, sichqon, turli xil zaharli ilonlar, echkemar, kaltakesak; parrandalardan kaklik, kaptar, chil, soʻfitoʻrgʻay, zargʻaldoq, chumchuq, chugʻurchiq, bedana, lochin, burgut, qirgʻovul va boshqalar bor.

Qorako‘z qishlog‘i

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km. kv.ga 105,5 kishi. Shahar aholisi 66,4 ming kishi, qishloq aholisi 214,2 ming kishi (2022).

Iqtisodiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda 3,5 mingga yaqin korxona, jumladan sanoat, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish va h.k. faoliyat koʻrsatmoqda. Paxta tozalash, gʻisht zavodlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxonalar, kichik, oʻrta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar bor. 3 ta qoʻshma korxona ishlab turibdi. Qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan. Togʻli hududlarda bahorikor gʻallachilik (bugʻdoy, arpa) rivojlangan. Pillachilik bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachilikning muhim sohasi qoramolchilik (asosan, sugʻoriladigan zonada), qoʻychilik (togʻ zonasida) hisoblanadi. Tumanda dehqon, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalari bor. Ekin maydonlarining 9,8 ming ga yeriga paxta, 25,6 ming ga yeriga gʻalla, shuningdek, sabzavot va kartoshka, yem-xashak ekinlari ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 61,4 mingga yaqin qoramol, 110,3 mingdan ziyod qoʻy va echki, 130,2 mingdan ziyod parranda, 3,4 mingga yaqin yilqi boqiladi.

95 umumiy taʼlim maktabi (52,5 ming oʻquvchi), 1ta ixtisoslashgan maktab, bolalar musiqa maktablari, mehribonlik uyi, 12 kasb-hunar kolleji (3,2 ming talaba), markaziy kutubxona, 12 klub muassasalari, madaniyat uylari bor. „Egachim“ folklor etnografik, „Qizgʻaldoq“ bolalar etnografik, „Mingbarg“, „Boʻyrachi“, „Boʻston“, „Mahallada duv-duv gap“ ashula va raqs ansambllari faoliyat koʻrsatadi. Tuman markaziy kasalxonasi, tugʻruqxona, poliklinika, ambulatoriya, 12 qishloq vrachlik punkti, 35 feldsher-akusherlik punktida 257 vrach, 1637 oʻrta tibbiy xodim aholiga xizmat koʻrsatadi. Tuman hududidan Qarshi — Kitob temir yoʻli, Katta Oʻzbekiston trakti oʻtadi. Qamashi shahridan Qarshi shahri va boshqalar tumanlar markazlariga avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. 1941-yil 16-iyundan „Qamashi haqiqati“ gazetasi chop etiladi.

Qiziqarli maʼlumotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Tuman hududidan „Katta Langar Qur'oni“ deb nomlanuvchi Qur'oni Karimning eng qadimgi nusxalaridan biri topilgan[2]. Qurʼonning bu nusxasi sufiylarning „Ishqiya“ deb atalmish tariqati vakillariga tegishli boʻlgan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Qamashi tumani" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. http://www.uza.uz/uzb/news/?id1=15122[sayt ishlamaydi]
  3. http://www.ref.uz/download.php?id=15338[sayt ishlamaydi]