Zulkifl maqbarasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zulkifl maqbarasi
Muqobil nomlari Zul Kifl maqbarasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi maqbara
Shahar Termiz
Mamlakat Oʻzbekiston, Afgʻoniston
Zulkifl maqbarasi

Zulkifl maqbarasi — Termiz yaqinida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (11 — 12-asrlar). Rivoyat qilinishicha, bu yerga paygʻambar Zulkifl dafn etilgan. Tarixiy manbalarda abbosiylarning atoqli lashkarboshlaridan Ishoq ibn Kunaja (992/993-yillarda vafot etgan) ham shu yerda dafn etilgani qayd qilingan. Maqbaraning ayni qurilgan yillari mavjud emas, lekin binolar 11-12-asrlarga tegishli boʻlib, Mahmud Gʻaznaviy davrida bunyod etilgan.

Nomlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu maqbarada paygʻambar Zul Kifl dafn etilgan degan taxminlar mavjud. Zul Kifl paygʻambar Ayyubning oʻgʻli hisoblanadi. Qur’on va hadisda bu zot haqida maʼlumotlar deyarli berilmagan. Paygʻambar Zul Kifl haqida Anbiyo (85-48-oyatlar) va Sod suralarida aytib oʻtiladi[1].

Zul Kifl soʻzi „kafolat egasi“ degan maʼnoni anglatadi.

Joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zul Kifl maqbarasi Amudaryo boʻyidagi Paygʻambar oroli[2] — Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi hududida joylashgan. Paygʻambar Zul Kifl ayni shu yerda dafn etilganligi sababli ham orol Paygʻambar oroli deb nomlana boshlangan.

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amudaryodagi Paygʻambar orolning janubiy qismida joylashgan masjid, goʻrxona va ularga tutash 2 xonadan tarkib topgan. Binolar turli davrlarda bunyod etilgan. Masjid murabba tarxli (maydoni 6,95 x 6,95 metr), gumbazli, oldi peshtoqli qilib qurilgan. Mehrobiga ganchkori giri naqsh ishlangan. Goʻrxona (maydoni 6 x 4 metr) masjid sathidan 1 metrcha baland qilib qurilgan, unda sagʻana saqlangan. Goʻrxonaning ikki eshigi orqali tutash qurilgan ikki xonaga oʻtish mumkin. Xonalar devoriga gʻishtlar mavjli shaklda terilgan[3].

Balxlik olim Muhammad ibn Valiy XVII asrda yozgan asari „Baxrul axror“ da paygʻambar Zul-Kiflning qabri haqida yozilgan.

Xalq orasida yurgan afsonalarda esa paygʻambar Zul-Kifl oʻz tanasini Amudaryoga tushirib, tobut qayerda toʻxtasa, oʻsha yerda dafn etishni vasiyat qilgan[4].

Paygʻambar oroli[tahrir | manbasini tahrirlash]

Paygʻambar oroli jami 4000 gektar maydonni egallaydi. Orolning uzunligi sakkiz kilometr, kengligi esa taxminan besh-olti kilometrga teng. Mutaxassislarning fikricha, Amudaryo ayni shu orol hududiga yaqinlashganda oʻz tabiatini oʻzgartiradi. 1971-yilda bu hududa qoʻriqxona tashkil etilgan. Hozirda hudud Surxon davlat qoʻriqxonasi tarkibiga kiradi. Orolning 970 gektar maydonini oʻrmonzorlar tashkil etadi[5].

Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi Amudaryo sohilida joylashgan boʻlib, uning janubiy qismida kichik ansambl shaklida maqbara bunyod etilgan. Shuningdek, u yerda katta gumbazli masjid, janubiy qirgʻoqqa tutash hududda kichik ibodatxona, gʻarbiy qismda esa ikki xona barpo etilgan.

Taʼmirlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zul Kifl maqbarasi 2018-yil boshida qayta taʼmir qilingan. Lekin hozirda mazkur hudud Afgʻoniston Oʻzbekiston chegarasida joylashganligi uchun ham ziyorat qilish imkoni mavjud emas.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Зулкифл алайҳиссалом“. islom.uz (2019-yil 10-mart). Qaraldi: 08-2023.
  2. Nosir Muhammad. Turon davlatlari hukmdorlari. Toshkent: Dizayn-Press nashriyoti, 2013-yil — 98 bet. ISBN 978-9943-20-117-0. 
  3. "Zulkifl maqbarasi" OʻzME. Z-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. „Zul-Kifl maqbarasi“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
  5. Obirahmat Abdulg'oniy. „ZUL-KIFL payg'ambar qabri“. Advokat jurnali (2019-yil 8-may). Qaraldi: 08-2023.