Kontent qismiga oʻtish

Zirabuloq makoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zirabuloq makoni
Mamlakat Oʻzbekiston
Joy Kattaqoʻrgʻon, Samarqand
Davr Oʻrta paleolit
Tadqiqotchilar N. X. Toshkenboyev
M.Joʻraqulov
Topilgan ashyolar 1000 dan ziyod

Zirabuloq makoni – Zarafshon vohasida joylashgan yodgorlik. Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Zirabuloq chashmasi boʻyidan topilgan[1].

Zirabuloq Qoʻtirbuloqdan 1 km sharqroqda, dengiz sathidan 475 m. balandlikda joylashgan. Zirabuloq makoni 1971-yili roʻyxatga olingan. Makonda dastlab arxeologik qazishma ishlari 1972, 1978 va 1984-yillarda Samarqand davlat universiteti dotsenti Neʼmat Toshkenboyev tomonidan amalga oshirilgan. Yodgorlik hududida uchta shurf qazilgan[2]. 1977—1978-yillarda Samarqand davlat universitetining arxeologlar jamoasi arxeolog M.Joʻraqulov boshchiligida tadqiqotlar olib borgan. Bu yerdan Qoʻtirbuloq makonidan topilgan tosh buyumlarga oʻxshash buyumlar topildi. Bundan arxeologlar bir—biriga yaqin qoʻshni boʻlgan ibtidoiy odamlar yashagan degan xulosaga keldilar. Makon ijtimoiy jihatdan ibtidoiy toʻda-ovchi guruh kishilariga mansubligi aniqlandi. Lekin bu yerdan soʻnggi mustye davriga oid tosh qurollari ham topilgan[3].

Qazishma ishlari davomida Zirabuloq makonining bir qismi qishloq xoʻjaligi sohasini kengaytirish uchun oʻzlashtirib yuborilgani maʼlum boʻldi. Shu sababli makon katta zarar koʻrgan. Madaniy qatlamlar yoʻq boʻlib ketgan. Biroq baʼzi joylarida birlamchi qatlamlar saqlanib qolgan.

Madaniy qatlamlar bilan bogʻliq tuproq qalinligi ayrim uchastkalar hududida 1 metrdan 1.5 metrgacha yetgan. Qazishma ishlari natijasida hududdan 1000 dan ziyod topilmalar topilgan. Bu ashyolar tarkibida qirgʻichlar, har xil kattalikdagi oʻzaklar, nayza tigʻlari, randalar, pichoqsimon paraqalar, qurollar boʻlgan. Mehnat qurollarining yasalish tartibidan makon oʻrta paleolit davrining rivojlangan bosqichiga oidligi aniqlangan. Jamoa aʼzolari oddiy, kapasimon chaylalarda yashagan. Ibtidoiy ot, tuya, buqa, fil, qulon, bugʻu kabi jonivorlarni guruhlarga birlashib ov qilishganlar.

Zirabuloq makonidagi ibtidoiy odamlar yasagan buyumlarda foydalanilgan texnik uslublar Teshiktosh, Omonqoʻton, Obirahmat, Qoʻtirbuloq oʻrta paleolit davri jamoalarinikiga oʻxshashligi ayon boʻlgan.

  1. Д. М. Джуракулова, С. Т. Мирсоатова, А. Ш. Умаров (2018). „КАМЕННЫЙ ВЕК ДОЛИНЫ ЗАРАФШАНА И ЕГО ИЗУЧЕНИЕ СОВМЕСТНЫМИ МЕЖДУНАРОДНЫМИ ЭКСПЕДИЦИЯМИ“ (PDF). O'zbekiston arxeologiyasi. 2-jild, № 2. 29-bet. ISSN 2181-032X. Qaraldi: 30-sentabr 2023-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format () CS1 maint: multiple names: authors list ()
  2. Ergashev, O „Zirabuloq makoni haqida bilasizmi?“. Qaraldi: 30-sentabr 2023-yil.
  3. Egamberdiyeva N. Arxeologiya. Toshkent, 2011: Fan va texnologiya nashriyoti — 29-bet. ISBN 978-9943-10-465-5.