Munojotxon Yoʻlchiyeva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yoʻlchiyeva Munojotxon Abduvaliyevna (26 noyabrda 1960, Buloqboshi tumani) — xonanda. Oʻzbekiston xalq artisti (1994). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1985). Anaʼnaviy xonandalik va maqom sanʼati sirlarini M. Mirzayev va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Sh. Mirzayevlardan oʻrgangan. Oʻzbekiston teleradioqoʻmitasining „Maqom“ ansamblida (1980—82), M. Qoriyoqubov nomidagi Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1982 yildan, 1996 yildan „Oʻzbeknavo“)da xonanda. Repertuaridan maqom yoʻllari („Saraxbori Navo“, „Saraxbori Dugoh“, „Moʻgʻulchai Navo“, „Talqini Ushshoq“ va b.), oʻzbek mumtoz va xalq ashulalari („Ushshoq“, „Munojot“, „Chorgoh“, „Tanavor“, „Oʻzgancha“, „Girya“ va b.), katta ashulalar („Ey, dilbari jononim“, „Ishqing oʻtigʻa“ va b.), oʻzbek bastakorlari asarlari — „Nihon etdi“, „Mehnat ahli“ (M. Mirzayev), „Bul ajab“, „Qayondir“, „Raʼno kibi“ (Sh. Mirzayev) va b. oʻrin olgan. Hofiza oʻzining noyob ovozi, chuqur hissiyot va dardli nolalarga boy ijrosi, oʻziga xos, yurakdan kuylash uslubi bilan ajralib turadi. Bastakor va sozanda Sh. Mirzayev boshchiligidagi musiqachilar guruhi bilan Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika mamlakatlarida bir necha marta gastrolda boʻlgan. Y. ijro etgan ashulalari gramplastinka (Toshkent, 1981) va kompakt disk (Fransiya, 1995; Germaniya, 1997)larga yozilgan. Uning ijodiga bagʻishlangan 2 film („Oʻzbekkinoxronika“ studiyasi, 1982; „Oʻzbektelefilm“ studiyasi, 1983) va 3 videofilm ("Oʻzbekteleradiokompaniyasining „Videofilm“ studiyasi, 1987, 1993, 2000) suratga olingan. „El-yurt hurmati“ ordeni bilan mukofotlangan (1998). „Sharq taronalari“ 1-xalqaro musiqa festivalida 1-mukofot sovrindori (1997).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar[tahrir]