Yetmak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yetmak (Acanthophyllum) — chinniguldoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻsimliklar bir necha turlarining umumiy nomi. Oʻzbekistonning adir va togʻ yon bagʻirlarida A. gypsophiloides va A. paniculatum oʻsadi. Boʻyi 50—80 sm, barglari qarama-qarshi, shapaloq, qalami yoki nashtarsimon. Barg bandi va sershox poyasi tuksiz yoki mayda tuk-chalar bilan qoplangan. Gullari mayda, shoxlarining uchida ikkitadan joylashgan. Gulbargi 5 ta, och pushti, changchisi 10 ta, 2 qator joylashgan. Mevasi bir urugʻli. Urugʻi och jigarrang yoki qoʻngʻir, qattiq qobikli. Ildizi burama oʻq ildizdan iborat boʻlib, 2 m dan ortiq chuqurlikka boradi.

E. ildizining tarkibida 10—30% saponin moddasi, shuningdek, aglikonogipsogen, 3 molekula ksiloza va bir molekula glyukuron kislota, galaktoza, ramnoza, furoza va arabinoza kabi moddalar bor. Ildizidan aholi nisholda tayyorlashda koʻpirtiruvchi modda sifatida foydalanib keladi. Ye. oziq-ovqat, qandolat va vinochilik sanoatida, tibbiyotda (balgʻam koʻchiruvchi va organizmni mustahkamlovchi dorilar tayyorlashda) qoʻllaniladi, toʻqimachilik sanoatida gazlamalarni okartirish, ipak va jun gazlamalarni yuvish uchun ham ishlatiladi. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil