Yapon milliy yozuvi Kananing paydo bo'lishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Heyan davri adabiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

IX asr o‘rtalarida bo‘g‘inli yozuv –kananing kashf qilinishi xitoy tili o‘rniga yapon tilida ijod qilish imkonini berdi. Yozuvning kashf qilinishi erta o‘rta asrlar – Heyan davri (IX-XII)ga toʻg‘ri keladi. Heyan davri Yaponiyada tinchlik osoyishtalik davri boʻlib, oʻzining jamiyati, ijtimoiy muhiti, oʻsha davr dunyosi, madaniyati, adabiyoti bilan ajralib turgan. Adabiyotlar shu davr zodagonlari va shu zodagonlar uchun yaratilgan boʻlib, unda oʻsha davr xayoti va odamlari dunyoqarashlari aks etgan. Saroy hayoti va oʻsha davr muhitini Sey Syonagon oʻzining “Qaydnomalar”ida keltirgan[1]. Saroy adabiyoti gullab yashnagan va epik janr -monogatari janri rivoj topgan bu - Heyan davrida oʻziga xos shakli va mazmun jihatidan ajralib turuvchi janrlar: “Yaponiyaning eski va yangi she’rlari toʻplami” (古今和歌集, “Kokinvakasyu”) antologiyasidagi (905yilda yozilgan) oʻziga xos tanka poetikasi yaratilgan; “Ise haqidagi hikoya”(伊勢物語, “Ise monogatari”) (931yilda yozilgan) da oʻz aksini topgan Heyan romanining maxsus shakli shakllangan; “Tosadan shaharga sayohat kundaligi” (土佐日記, “Tosa nikki”, 935yilda yozilgan) dagi nikki janri va “Bosh tomondagi qaydlar” (枕草子, “Makura-no sosi”, 996yilda yozilgan) asaridagi dzuyxisu janrlari paydo boʻladi. Heyan davri monogatarilari keyinchalik Yaponiya adabiyotining rivojlanishiga oʻz ijobiy ta’sirini koʻrsatgan. Heyan davri ayollari har tomonlama iqtidorlarini namoyon qilganlar. Ularning she’riyatda tutgan oʻrinlari beqiyosdir. Ayollar yaratgan asarlarda ayollarga xos goʻzallik, joziba, noziklik aks etib turagan. Shunday qilib, ayol va sevgi bilan bog‘liq boʻlgan barcha narsalar heyanliklarni hayratga solgan, ilhomlantirgan, his-tuyg‘ularini uyg‘otgan. Shuning uchun ham biz oʻsha davrda yaratilgan ko’pgina asarlarning bosh mavzusi ayol va sevgi haqida ekanligini koʻramiz. Shu fikrning dalilini nafaqat Heyan davrining gultojisi balki butun dunyoda nodir asarga aylangan – “Gendzi-monogatari” qissasi misolida topamiz. Murasaki Sikibu oʻzining “Gendzi haqidagi qissa” (源氏物語, “Genji monogatari”)sida saroy ayollari yuqoriga intilishlardagi kurashda qanday xislatlarga ega boʻlishlari kerakligini koʻrsatadi. Qizlarning tumush qurishlari oila mavqeini mustaxkamlaydi deb ishonib, ularni yoshliklaridan kelajakdagi oilaviy hayotga tayyorlab borganlar. Koʻp qizlari bor oilalar oʻzlarini baxtli oila deb xisoblaganlar. Xitoy tilini bilishdan tashqari, qizlar erkaklar bilgan narsalarni oʻrganishlari lozim edi. Ziyoli oilalar qizlari musiqa asboblarida oʻynay olganlar, rasm chizganlar, chiroyli yozganlar va albatta yapon she’riyati namunalarini yoddan bilishdan tashqari oʻzlari ham she’r yoza olganlar. Buning tasdig‘ini biz Mitisuna –no xaxa “Kundalik”larida koʻrishimiz mumkin.[2]

Kamakura davri adabiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

XI asrning ikkinchi yarmidan uzoq ichki qonli urushlar davri boshlanib, Heyan saroy zodagonlari oʻrniga endi davlat hokimiyati teppasiga samuraylardan iborat harbiy-feodal qatlam (bushi) keladi. Bu bilan ularning mamlakatning madaniy xayotidagi hukmronliklari davri ham nihoyasiga yetadi. Kamakura davri (XII-XIV asrlar) deb nomlanuvchi bu davr ichki nizolar va yirik feodal qabilalari oʻrtasida hokimiyat uchun kurash oʻtkir tus olganligi bilan Heyan davridan tubdan farq qiladi. Kamakura davrining kirib kelishi bilan bu muhitda yangi xalq eposi – qahramonlar haqidagi hikoyalar yaraladi. Bunday muhitda yuzaga kelgan vaziyat, harbiy qatlam dunyoqarashi ushbu davrda paydo boʻlgan “gunki” nomini olgan jangovar epopeya, yoki, aniqrog‘i, tarixiy-qahramonlik hikoyalarida toʻliq gavdalanadi. Bular – ichki urushlar paytidagi harbiy sarkardalar taqdiri haqida hikoya qiluvchi harbiy hikoyalardir. “Gunki” janri Kamakura davrining asosiy janri hisoblanib, bu janrda “Hyogen-monogatari”(保元物語), “Xeydzi-monogatari” (平治物語), “Genpey-Seysuyki” (源平盛衰記) va “Xeyke-monogatari” (平家物語)lar yaratilgan bo‘lib, bularning barchasi Kamakura davrida bo‘lgan ichki to‘qnashuvlar haqida bayon qiladi. She’riyatda renga janri keng tarqaladi. Kamakura davrining oxirlari va Muromoti davrining boshlarida yangi she’riy antologiya – “Shin-kokinvakashu” (新古今和歌集) yaratiladi. Bu davrda dzuyxitsu janri ham rivojlanishda davom etib,Kenko Xoshining “Tsuredzuregusa” (徒然草) asari yaratiladi. XVII asr oʻzining jamiyat va mamlakat madaniy hayotidagi yangi koʻrinishlar va adabiyotdagi jiddiy siljishlar bilan xarakterlanadi. XVII asr boshlariga kelib kuchli markazlashgan hokimiyatning barpo etilishi bilan oʻrta asr ichki urushlariga barham berildi. Mamlakatda tinchlikni oʻrnatish bilan shahar sivilizatsiyasi rivojlanadi. Jamiyat hayotida endilikda shaharliklar – savdogar va hunarmandlar muhim oʻrin egallaydi. Bu davrda yangi madaniyat paydo boʻla boshlaydi. XVII asr boshlariga kelib buddaviylik ibodatxonalari oʻzining iqtisodiy va haqiqiy siyosiy ta’sirini yoʻqotadi. Yaponiya davlat mafkurasi sifatida sun neokonfusiyasi egallay boshlaydi. Edo davri adabiyoti (1603-1868) Tokugava adabiyoti sifatida ham mashhur. “Edo adabiyoti” birmuncha adashtiruvchi termin hisoblanadi. Chunki adabiyotning oʻchog‘i - Kioto va Osaka shaharlari hisoblanadi. Yapon adabiyotshunoshlari odatda kinsei bungaku (erta zamonaviy adabiyot) iborasini ishlatishadi.[3] Bu davrning yirik yozuvchilaridan biri Ixara Saykaku boʻlib, uning asarlarida rivojlangan oʻrta asrdagi oddiy shaharliklarning hayoti aks etadi. Dramaturgiya sohasida esa Chikamatsu Mondzaemonning ijodi katta ahamiyatga ega boʻlgan. Chikamatsu tarixiy va maishiy dramalar janri – jidaigeki va seva-mononi yaratgan. Bu davr she’riyatida yetakchi janr sifatida – xokkular yaratila boshlanadi. Bu janrda nodir asarlar yaratgan shoirlardan – Matsuo Bashyo, Yosa Buson, Kobayashi Issalar boʻlgan.

Meydzi davri adabiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

1868-yil Meydzi inqilobidan so‘ng, murakkab siyosiy jarayon boshlandi. Bu jarayon esa mamlakatni tez suratda “yevropalashtirish”, mamlakatda jamiyatni tubdan yangi siyosiy va iqtisodiy tomondan isloh qilish bilan belgilandi. Davlatni “yevropalashtirish” uchun birinchi navbatda adabiyotni izchil rivojlantirish ekaligiga e’tibor qaratilib, adabiyotda publisistik janrda ijod qilish yo‘lga qo‘yildi. XIX asrning o‘rtalaridan yapon adabiyotida sentimental roman janri vujudga keldi, yevropalik mualliflarning asarlari tarjima qilina boshlandi. Shimey Futabatey “Suzuvchi bulutlar” romani bilan yapon adabiyotida tanqidiy realizmga asos soldi. Roka Tokutomi, Nasume Sosekining asarlarida ham tanqidiy realizm g‘oyalari o‘z aksini topdi.

XX-asr adaviyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

XX asr yapon adabiyotini ikki davrga: 1945-yilgacha bo‘lgan davr va undan keyingi davrga ajratish mumkin. XX asrning boshi yapon adabiyotida ko‘plab oqimlar paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Realizm vujudga keldi. Realizm kurtaklari Futatabey Shimey va Subuochi Sheyo asarlarida paydo bo‘ldi. XX asrning 10-20-yillari oxirida yosh neorealist yozuvchilar (yangi realizm vakillari) guruhi yapon adabiyotida alohida o‘rin egalladi. Bu guruh a’zolari adabiyotdan borliqni aniq aks ettirish, tipologik tahlil qilish va muallif nuqtai nazari bo‘rtib ko‘rinishini talab qilar edilar. Neorealist yozuvchilar ijodida mahorat va mazmunning teranligi birinchi o‘rinda haqqoniy aks ettirishi mumkin, degan fikrga olib keldi. Buning uchun yozuvchilarga o‘z dardini to‘kib solish taklif qilindi.[4] Bundan tashqari bu davrda naturalistik metod ham keng tarqaldi. Uning yorqin vakillari Kunikida Doppo va Tayama Kataylar edi. Biroq, shu bilan bir vaqtda yapon adabiyotida naturalizm g‘oyalariga qarshi bo‘lgan nuqtayi nazarni himoya qiluvchi yozuvchilar paydo bo‘ldi. Ularning orasida romanist Mori Ogay, Nasume Sosekilar bor edi. O‘sha davrning qiziqishlari keng va rang-barang ijodkorkaridan biri Akutagava Ryunoskedir. O‘sha davrda yashab ijod qilgan juda ko‘p yozuvchilar qatori, Ryunoskening ijodiy yo‘liga ham chet el adabiyoti kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Akutagava Yevropa, shu jumladan, rus adabiyotining bilimdoni edi. O‘zining bu bilimlaridan Ryunoske ijodiy faoliyatida keng foydalandi. Xususan, Dosstoyevskiy, Gogol, Chexov, Tolstoy kabi rus mumtoz adabiyoti vakillarining asarlari Akutagavada kuchli ta’surot qoldirdi, uning adabiy didi shakllanishiga ko‘maklashdi. Rus adabiyoti ta’sirida Akutagava Ryunoskening “Batat bo‘tka”, “Bog‘”, “O‘rgimchak to‘ri”, “Do‘zax azobi” kabi va boshqa asarlari paydo bo‘ldi. An’anaviy oqim vakillari va Yaponiyani zamonaviylashtirish tarafdorlari o‘rtasidagi kurash jarayonida ziyolilar mamlakatni yangilash yo‘llarini izlar edilar. Soseki, Kavabata, Akutagava kabi adiblar bu baxsda aniq va izchil pozitsiyani egalladilar – ular G‘arbdan o‘rganish, undan taraqqiyotga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan barcha narsalarni o‘zlashtirish, biroq, shu bilan bir vaqtda, o‘z milliy zaminida qolish tarafdori edilar. Ular yozgan maqolalari va xatlarida G‘arb adabiyotining nufuzli vakillari asarlarini qay darajada chuqur o‘rgangani, ba’zan hatto ularni tanqid qilganliklarini, ularni teran anglab yetishga urinishganini ko‘rsatadi.

Urushdan keyingi yillarda yapon adabiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urushdan keyingi yillarda yapon adabiyotida keskin oʻzgarish yuz berdi shular jumlasidan, Kavabata Yasunari uchun ham bu juda qoʻl keldi va hattoki 1968-yilda u Nobel mukofoti sovrindori ham boʻldi. 50-yillarning yarmiga kelib adabiyot saxnasiga "uchinchi Avlod" chiqdi. Bular qatoriga S.Yasuoka, D.Yosiyuki, D. Syono, N.Kodzima va boshqalarni misol qilishimiz mumkin. Bu yoʻnalishda avvalgisidan farqli ravishda davlat va hukumat oʻrtasidagi nizolargina emas balki, insoniyatning oddiy hayotdagi turmush tarzi uning ichki dunyosiga koʻproq nazar tashlanadi. Boshqacha qilib aytadigan boʻlsak, "insoniyatning ichki dunyosiga murojaat" yoki "introvert avlod" deb atasak ham boʻladi.[5] 50-yillarning yarmiga kelib adabiyot saxnasiga "uchinchi Avlod" chiqdi. Bular qatoriga S.Yasuoka, D.Yosiyuki, D. Syono, N.Kodzima va boshqalarni misol qilishimiz mumkin. Bu yoʻnalishda avvalgisidan farqli ravishda davlat va hukumat oʻrtasidagi nizolargina emas balki, insoniyatning oddiy hayotdagi turmush tarzi uning ichki dunyosiga koʻproq nazar tashlanadi. Boshqacha qilib aytadigan boʻlsak, "insoniyatning ichki dunyosiga murojaat" yoki "introvert avlod" deb atasak ham boʻladi. Yangilanish davridagi yapon adabiyotidagi eng yirik yutuqlarga A.Kobo, T.Kayko va V.Oe kabi yetuk yozuvchilar erishganlar. Abe Kobo tomonidan yaratilgan "Qumdagi ayol" (1962), "Quti inson" (1973) kabi asarlarida insoniyat jamiyatdagi oʻzini erkin his eta olmasligi zamon prinsiplariga boʻysungan holda hayot kechirishi yozib keltirilgan. Shu bilan bir qatorda T.Kaika ham shu yoʻnalishda oʻz ijodini davom ettirdi. Uning asarlarida inson va jamiyat oʻrtasidagi yangi muammolar yuzaga kela boshladi. K.Oe ham shu yo'nalishda o'z ijodini davom ettirdi. U o'zining "Kechikkan yosh avlod" (1962) asarida ham Oe jamiyat yangilanishi natijasida yuzaga keladigan falsafiy va ma'naviy-etnik muammolar haqida so'z yuritadi va bu jamiyatga juda katta yo'qotishlar olib kelishini taʼkidlab oʻtadi. XX asrning 70-yillarining adabiy tanqidchilarning fikriga koʻra eng yuksak yozuvchilar K.Nakatami va X.Murakami kabi yozuvchilar qayd etilgan. Yapon adabiyoti tarixidagi har bir davrda yaratilgan hikoyalar oldingi davrlardagi hikoyalardan mazmun - mohiyati jihatidan farq qiladi. Shu boisdan ham yapon asarlarini oʻrganishda davrning ahamiyati oʻzgacha. Har bir davrni oʻrganar ekanmiz biz oʻsha davrga tegishli asarlarga murojaat etamiz. Undagi madaniyat va oʻsha davr tarixida qanday voqealar yuz berganini koʻrishimizga yordam beradi.[6]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Shuichi Kato. A History of Japanese Literature (The First Thousand Years) ISBN4-7700-2934-9., 2002
  • Мухтаров Т. Гулямов И. - Литература Японии. Т., 2009
  • Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари.-Т.: “Ўзбекистон” 2002.
  • Хрестоматия по истории японской литературы Том1. Мария Торопигина, К.МаранджянСанкт-Петербург» Гиперион» 2001г
  1. Хрестоматия по истории японской литературы Том1. Мария Торопигина, К.МаранджянСанкт-Петербург» Гиперион» 2001г
  2. Хрестоматия по истории японской литературы Том1. Мария Торопигина, К.МаранджянСанкт-Петербург» Гиперион» 2001г
  3. Shuichi Kato. A History of Japanese Literature (The First Thousand Years) ISBN4-7700-2934-9., 2002
  4. Мухтаров Т. Гулямов И. - Литература Японии. Т., 2009
  5. Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари.-Т.: “Ўзбекистон” 2002
  6. Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари.-Т.: “Ўзбекистон” 2002.