Epopeya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Epopeya (epos va yun. — yarataman, ijod qilaman) — umumxalq muammosi tasvir etilgan yirik hajmli epik asar. Qadimgi (yoki qahramonlik) E. hamda yangi zamon E.si kabi bosqichlarga boʻlinadi. Badiiy soʻz taraqqiyotining ilk bosqichida E. xalq qahramonlik eposining koʻrinishlaridan biri hisoblangan. E.ning xalq ogʻzaki ijodi negizida yuzaga kelgan mumtoz namunalari sirasiga yunonlarning "Iliada" va "Odisseya", hindlarning "Mahabharata" va "Ramayana", fransuzlarning "Roland haqida qoʻshiq", nemislarning "Nibelunglar haqida qoʻshiq", oʻzbeklarning "Goʻroʻgʻli", "Alpomish" va boshqalar asarlari kiradi. Bu xil E.lar mazmuni murakkab va koʻp qirrali boʻlib, unda muayyan xalqning shakllanish davridagi turmushi, buyuk qahramonliklar, xalq taqdirida roʻy bergan keskin oʻzgarishlar aks etadi. E. qahramonlari qiyofasida u yoki bu xalqning orzuintilishlari, qudrati va ulugʻvorligi oʻz ifodasini topadi. Badiiy fantaziya darajasiga koʻtarilgan obrazlilik, tasvirlanayotgan hodisalarning favqulodda moʻʼjizaviyligi, bayonning batafsilligi, syujet qamrovining keng va koʻlamdorligi, badiiy tasvir vositalarining yorqin hamda taʼsirchanligi qadimiy E.ga xos badiiy-estetik belgilardir.

Keyinchalik yozma adabiyotning ayrim vakillari E.ga xos miqiyos va koʻlamdorlikni oʻzlarining individual ijodlariga koʻchirishga urinib, hajman yirik, mazmunan xalq hayotidagi muhim hodisalarni aks ettiruvchi asarlar yaratishga tutindilar (Vergiliy, "Eneida"; T. Tasso, "Ozod qilingan Quddus"; Volter, "Genriada" va boshqalar).

Uygʻonish davriga kelib, Yevropada ijtimoiy munosabatlarning keskin oʻzgarishi yangi davrning tabiati va ehtiyojlariga mos keladigan E. yaratilishini talab etdi. Natijada Dante, Rable, Servantes va boshqalar buyuk ijodkorlar tomonidan E.ning qadimiy koʻrinishlaridan ham shaklan, ham mazmunan farq qiladigan va yangi zamon talablariga javob bera oladigan yorqin namunalari yaratildi ("Ilohiy komediya", "Gargantyua" va Pantagryuel", "Don Kixot" va boshqalar). Forsiy va turkiy adabiyotlardagi "Xamsa" asarlari ham jamiyat oldida turgan oʻta dolzarb hayotiy muammolarning monumental yoʻsinda aks ettirilishi jihatidan E. talablariga javob bera oladi.

Yevropa adabiyotida maʼrifatchilik davrida realistik romanning shakllanishi E.ning yangi tipini vujudga keltiradi. Olamni realistik tarzda ifoda etgan E.lar yuzaga keldi (G.Fildingning "Topib olingan Tom Jons tarixi", Balzakning "Inson komediyasi", L. Tolstoyning "Urush va tinchlik", F.Dostoyevskiyning "Akauka Karamazovlar" singari romanE.lari). Mazkur romanE.larning asosiy xususiyati ularda xalklar taqsirining , muayyan tarixiy jarayonning , umumxalq, umumjahon ahamiyatiga molik muammolarning keng va atroflicha aks ettirilganligida koʻrinadi. 20-asr adabiyotida romanE.ning yaxshi namunalari yaratildi. Oʻzining janr mohiyatiga koʻra, E. xarakteridagi qator monumental asarlar yuzaga keldi (M.Sholoxovning "Tinch Don", A.Tolstoyning "Sarsonliksargardonlikda", U.Folknerning "Qoʻrgʻoncha" va boshqalar). Bu E.larda jamiyat tarixiy taraqqiyotining muayyan jarayonlari hamda oʻsha muhitga xos qahramonlar xarakterining shakllanish yoʻllari butun murakkabligi bilan teran aks ettirilgan.

Qozoqboy Yoʻldoshev, Islom Yoqubov.