Kontent qismiga oʻtish

Porso Xoʻjayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xoʻjayev Porsodan yoʻnaltirildi)

Xoʻjayev Porso, Porso Xoʻja Hasan (1867-yil, Buxoro — 1937.25.10, Toshkent) — Buxorodagi jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri, Buxoro XSR va Oʻzbekiston SSR davlat va jamoat arbobi, pedagog.[1]

Hayoti va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Porso Xoʻjayev 1867-yil Buxoro amirligining poytaxti Buxoro shahrida tavallud topadi. Buxoroda madrasa tahsilini oladi. 1890-yillardan jadidchilik gʻoyalariga qiziqa boshlaydi. 1905-yildan Buxorodagi jadidchilik va Yosh buxoroliklar safida yangi usul maktablari ochish va jadid gazetalarini chiqarish, koʻplab qiroatxona va kutubxonalar tashkil etishda faol qatnashgan. 1918-yil martdan Samarqand, Shahrisabz, Qarshi, Buxoroda amirlik tuzumiga qarshi kurashda ishtirok etgan.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, Xatirchi va Karmana viloyatlari inqilobiy qoʻmitasi raisi (1920—21-yillar), BXSR dehqonchilik noziri va nozir oʻrinbosari (1921-yil), Buxoro markaziy kasaba ittifoqi raisi (1922-yil), BXSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi raisi (1922-yil avgust — 1924-yil noyabr) sifatida faoliay olib borgan. 1925-yildan Buxoro shahar ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, Buxoro okrugida yer islohoti boʻyicha komissiya raisi boʻlib, 1929-yildan Toshkentda koʻchib oʻtgan.

Porso Xoʻjayev BXSRning rahbar arboblari bilan birgalikda millatchilik va sovet davlatchiligiga qarshi harakatlarda ayblanib, 1937-yil 14-oktabrda otishga hukm qilingan va shu yilning 25-oktabrida, 70 yoshida Toshkentda otib oʻldirilgan.[2] 1962-yil 26-noyabrda oqlangan.

Porso Xoʻjayev Buxoro Xalq Sovet Respublikasining 1-darajali Qizil yulduz ordeni bilan taqdirlangan.[3]





  1. Sultonov, Farxod; Bozorboyev, Farruh. O'zbekiston hukmdorlari. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007-yil — 78 bet. 
  2. . Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, Moskva, 1926-yil. 
  3. Xo'jayev, Fayzulla. Buxoro inqilobining tarixiga oid materiallar, Toshkent, 1997-yil.