Varaqsar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Maqbara
Varaqsar
Varaqsar
Mamlakat  Oʻzbekiston
Joylashuvi Samarqand viloyati Urgut tumani
Asosiy sana:
XI–XII


Varaqsar – Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Rabota Xoʻja qishlogʻining shimoliy tomonida, Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻidagi tepalik ustida oʻrta asrlarda barpo qilingan maqbara[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maqbaraga kirish tomonidagi devorga marmar lavh osilgan boʻlib, unda „Zakariya Varroq maqbarasi, XII asr“, degan yozuvlar bor. Maqbarani koʻzdan kechirishdan shu narsa maʼlum boʻldiki, uning yer sathidan 30–50 santimetrgacha boʻlgan qismi qadimiy boʻlib, qolgan qismi XX asrning 80-yillarida zamonaviy gʻishtlar bilan koʻtarilgan. Maqbaraning sharqiy tomoniga terilgan, gʻishtdan qilingan naqshlarga qaraganda u XI–XII asrlarga barpo qilingan va XX asrga kelib batamom vayron boʻlgan. Maqbaraning ichida toʻrtta qabr saqlangan boʻlib, bu qabrlarda birorta qadimgi yozuv saqlanmagan. Bu yerda mutasaddi boʻlgan odamlar maqbaraga dafn qilingan shahslar haqida biror bir ishonchli tarixiy maʼlumotlarni bilmaydilar. Ilmiy adabiyotlarda ushbu maqbaraga dafn qilingan saxs haqida juda qisqa maʼlumotlar bor. Sharqshunos Vasiliy Bartold „Turkistonning sugʻorilishi tarixidan“ nomli asarida ushbu maqbaraga XII asrda yashagan avliyo Xoʻja Zakariya Varroq yoki undan oldinroq IX asrda yashagan Xoja abu Zakariya Varaqsariy dafn qilingan boʻlishi mumkin, deb yozgan. Vasiliy Bartoldning yozishicha, abu Zakariya Varaqsariyning qabrtoshi Toshkentdagi muzeyda saqlanadi, ammo qaysi muzeyda saqlanishi haqida maʼlumot berilmagan. Shuningdek, Bartold oʻrta asrlar tarixchisi Sam’oniyning asarida ham Xoʻja Zakariya Varaqsariy haqida maʼlumot borligiga ishora qilgan[2].

Boshqa bir tarixiy manba, Muhammad an-Nasafiy as-Samarqandiyning „Kichik Qandiya“ nomli asarida Xoʻja Zakariya Varaqsariyning Xoʻja Rabot nomli qarindoshi boʻlganligini haqida qisqacha maʼlumot berilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Shuhrat Qulmatov, Amriddin Berdimurodov. Samarqand yodgorliklari (oʻzbek). Toshkent: Imon Buxoriy xalqaro markazi, 2017 — 247 bet. ISBN 978-9943-4783-8-1. 
  2. „ИСТОРИЯ РАССЕЛЕНИЯ НАСЕЛЕНИЯ САМАРКАНДСКОГО ОАЗИСА (ПО ДАННЫМ ТОПОНИМИИ)“ (2009-yil 13-iyun). Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.