Turdixon Boydadayeva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Turdixon Boydadayeva
Tavalludi 1933-yil
Vafoti avgust 2021-yil (88 yoshda) Fargʻona tumani Logʻon qishlogʻi
Fuqaroligi

SSSR bayrogʻi SSSR

Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi paxtakor - terimchi
Faoliyat yillari 1945-1978 yillar (44 yil)
Partiyasi

KPSS (1957–1991 yillarda)

Oʻzbekiston Xalq Demokratik Partiyasi; (1991–yildan)
Millati tojik
Unvoni
Mukofotlari V.I.Lenin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan joriy qilingan medal SSSR Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining „SSSR xalq xo'jaligidagi muvaffaqiyatlari uchun" kumush medali“"O'ninchi besh yillik barabanchi" ko'krak nishoni

Turdixon Boydadayeva (ruscha: Байдадаева Турдихон; 1933-yil—2021-yil avgust) – paxtakor oʻzbek terimchi ayoli, Fargʻona tumanidagi „Alisher Navoiy“ nomli jamoa xoʻjaligi brigadiri, Mehnat Qahramoni (11.01.1957)[1]. 1991-yildan Oʻzbekiston Xalq Demokratik Partiyasi aʼzosi.

Tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turdixon Boydadayeva 1933-yil Fargʻona viloyati, Fargʻona tumanidagi Logʻon qishlogʻida oddiy dehqon oilasida tavallud topgan. 1948-yilda qishloqdagi „Yetti yillik oʻrta maktab“ni tamomlagan.

Turdixon mehnat faoliyatini 1945-yildan „Schors“ nomli jamoa xoʻjaligida ishchi – terimchilikdan boshlagan. Elliginchi yillarda yirik jamoa xoʻjaliklarini tashkil etish borasida boshlangan harakatlar natijasida ushbu jamoa xoʻjaligi ham qishloqdagi boshqa mavjud kolxozlar bilan birlashtirilib, „N. S. Xrushchev“ nomi beriladi. 1961-yil fevral oyidagi jamoa xoʻjaligining hisobot yigʻilishida jamoa xoʻjaligining nomi „Alisher Navoiy“ deya oʻzgartiriladi. Uning mehnat faoliyati ham ayni shu davrda koʻzga koʻrina boshlaydi.

Turdixon Boydadayevaning mehnta faoliyatida elliginchi yillar anchayin samarali kechadi. Elliginchi yillarda u oʻsha davrdagi koʻpming kilogrammchilar safiga qoʻshiladi va tez fursatda oʻz mehnati bilan dong tarata boshlaydi. Bu vaqtda u, ishchi – terimchilikdan zveno boshligʻi darajasiga koʻtariladi hamda oʻz jamoasi bilan paxta yetishtirishda yuqori natijalarga erisha boshlaydi. Jumladan, u oʻz jamoasi bilan 1956-yilda 14 gektar yerdan 29 sentner, 1957-yilda esa 30 sentnerdan ziyodroq paxta yetishtiradi. Bu oʻsha vaqtda Oloy togʻ tizmasi etagida joylashgan bahori kech, kuzi erta keladigan Logʻon qishlogʻi sharoitida yaxshi natija sifatida qayd etiladi[2].

U nafaqat paxta yetishtirishda, balki terimchilikda ham ulkan zafarlarga erisha olgan ayollardan biridir. Misol tariqasida, u 1955-yilda 18 tonna, 1956-yilda 24 tonna paxta teradi. Ushbu xizmatlarini inobatga olib, 1957 – yil 11 – yanvar sanasida qishloq xoʻjaligi sohasida koʻrsatgan qahromonona xizmatlarini inobatga olgan holda Turdixon Boydadayevaga „Sotsialistik Mehnat Qahramoni“ unvoni beriladi[3].

Oltmishinchi va yetmishinchi yillarda ham uning mehnati va faoliyati bilan barchaga oʻrnak va namuna boʻlishda davom etdi. Bu vaqtda u zveno boshligʻidan brigadirlikka koʻtariladi. Paxta yetishtirishdek mashaqqatli mehnatni sir –asrorini puxta egallaganligi bois, 1965 – yilda Moskva shahriga „Butunittifoq Xalq Xoʻjaligi Yutuqlari Koʻrgazmasi“da ishtirok etish uchun yuboriladi. Brigadir sifatidagi mehnat faoliyati davomida Turdixon Boydadayeva 1965–1970 – yillar oraligʻida jami 70 tonna, shundan 1970-yilning oʻzida 16 tonna paxta teradi.

Qolaversa, u qishloqda pillachilik sohasining rivojlanishiga ham oʻzining munosib hissasini qoʻshgan. Masalan, 1970-yilda oʻziga belgilangan vazifa – 156 kg pilla oʻrniga, 256 kg pilla yetishtirib, davlatga topshirgan.

Mehnat faoliyati bilan birga, qishloq va tuman kengashlariga deputat sifatida saylanib, siyosiy va ijtimoiy jarayonlarda ham faol ishtirok etgan. Jumladan, 1971-yilda Oʻzbekiston SSR Komunistik Partiyasining XVIII syezdiga Fargʻona viloyati nomidan nomzod sifatida ishtirok etgan. 1991 – yildan Oʻzbekiston Xalq Demokratik Partiyasi safiga aʼzo boʻlgan. 1978 – yilda nafaqaga chiqadi.

Turdixon Boydadayeva 2021–yil avgust oyida 88 yoshida vafot etgan[4]. Fargʻona tumani Logʻon qishlogʻidagi „Logʻon“ qabristoniga dafn etilgan.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turmush oʻrtogʻi – Sharif Ibragimov „Alisher Navoiy“ nomli jamoa xoʻjaligi brigadiri. Toʻrt nafar farzandi bor[5].

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Unvon va ordenlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1957-yil 11–yanvardagi qaroriga asosan: "Qishloq xoʻjaligi sohasidagi fidokorona xizmatlari" uchun Turdixon Boydadayevaga „Sotsialistik Mehnat Qahramoni“ unvoni berilgan:

Medallari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turdixon Boydadayevani yubiley medali bilan taqdirlash yorlig‘i
  • Shavkatli mehnati uchun.Vladimir Ilich Lenin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan nomli yubiley medali (1970 – yil 24 – mart; Fargʻona tuman Ijroiya Komiteti tomonidan);

Esdalik nishonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • SSSR Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining „SSSR xalq xo'jaligidagi muvaffaqiyatlari uchun" kumush medali“ (1965 – yil 14 – dekabr; 226 – н qaroriga asosan);
  • „1975 yildagi sotsialistik musobaqa gʻolibi“ nomli esdalik nishoni (Butunittifoq kasaba uyushmalari markaziy kengashi Prezidiumining 1975 yil 7 martdagi qarori bilan — 1975 – yil 19 – dekabrda №567 mukofotlangan);
  • "O'ninchi besh yillik barabanchi" ko'krak nishoni (1979 – yil 10 – avgustda №9/36);

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ўзбек совет энциклопедияси. 2 том. Б — ВАҚФ. ТОШКЕНТ: Ўзбекистон ССР Фанлар Академияси Бош Редакцияси, 1972 — 313 bet. ISBN 03 / У16. 
  2. ГЎЗАЛЛИКДА ТЕНГИ ЙЎҚ МАСКАН. Фарғона тумани ташкил топганлигининг шонли етмиш йиллик юилейига бағишланади. Фарғона: «ФАРҒОНА» нашриёти, 1996 йил. 
  3. „Список Героев Социалистического Труда (Баиров — Банцер)“ (24 февраля 2024). Qaraldi: 22-mart 2024-yil.
  4. Boydadayeva, Turdikhan „A Woman Who Matured With Work“. www.mtkenyatimes.com. Shashil Court Westlands & Printed at Mombasa Road, Nairobi by Exponential International Limited (2024-yil 8-mart). Qaraldi: 22-mart 2024-yil.
  5. Maxamadov Abduhoshim. „Log'onimning Tursunoyi“ (2024-yil 2-mart). Qaraldi: 22-mart 2024-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Музалевский М. В. Герои Социалистического Труда. Биобиблиографический словарь. — М.: РИЦ «Кавалер», 2009. — Т. 3. — 181 с.