Tavorixi guzida

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tavorixi guzida — nomli tarixiy asar, muallifi nomaʼlum.


Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Tavorixi guzida“ eski o‘zbek tilida yozilgan asar bo‘lib, asosan, O‘zbekistonning XVI asr boshlaridagi tarixidan hikoya qiladi. Unda, shuningdek, muallifning taʼkidlashicha, O‘g‘uzxon va Alanquvo tarixi, yaʼni turkiy xalqlarning qadimgi tarixi, Chingizxon hukmdorligi va Temuriylar saltanati voqealari ham qisqacha bayon qilingan. Asarning tarixiy voqealar bayoni nuqtai nazaridan eng qimmatlisi, bevosita muallif qalamiga mansub qismi Abulxayrxon va Shayboniyxon tarixlaridir[1]. Asarning muallifi nomaʼlum, lekin Shayboniyxonning saroy tarixchilaridan bo‘lgani matnning o‘zidan bilinadi va uning bevosita topshirig‘i bilan yozilgani uning boshlanishidayoq taʼkidlangan: „Bilgilkim bu kitobning tasnifig‘a, bu tavorixning taʼlifig‘a sabab ul bo‘ldikim… podshohi muazzam sohib as-sayf val qalam imom az-zamon va xalifa ar-Rahmon himmatidin oliy tutub, davlat rikobin bosib, Movarounnahr viloyatini olib, davlat va saodat birla taxtgohida o‘lturub, xutba va siqqa (tanga)ni imom az-zamon va xalifa ar-Rahmon nomi birla muzayyan va mukarram qilg‘onda, muborak xotirig‘a andog‘ keldikim, to guzida tarixlardin intixob qilib, bir guzida so‘zlarni jamʼ etib tartib doirasig‘a kelturgay va ul podshohi kishvaristonning haqiqatin va avlodi kiromining mohiyatin elga bildurgay. Ul sababdin bu faqir, haqir, zaif an-nahif ar-rojiy… g‘a farmon bo‘ldikim… Taqi kitobg‘a „Tavorixi guzida“ — „Nusratnoma“ ot berildi, bu tavorixi zarif to‘qqiz yuz sakkizda jumod ul-avval oyida (1502-yil noyabr) jamʼ etilib bitildi“. Hozirgi vaqtda „Tavorixi guzida“ning birorta ham mukammal nusxasi mavjud emas. Jahon kitob xazinalarida uning nisbatan to‘la va qisqa tahrirdagi o‘nga yaqin nusxalari borligi maʼlum. Nisbatan to‘la ikki nusxadan biri Britaniya muzeyida (№ Or.3222) va ikkinchisi — Rossiya FA Osiyo xalqlari institutining Sankt-Peterburg bo‘limi kutubxonasida (№V-745) saqlanadi. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti xazinasida „Tavorixi guzida“ning to‘rtta qisqa tahrirdagi nusxalari bor. Qayd etilgan nusxalar asosida asarning fotofaksimil matni ham chop etilgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ziyayeva D. Oʻzbekiston tarixiga oid manba va tadqiqotlar (XIX—XX asr boshlari) monografiya. Toshkent: Nurafshon business, 2020 — 456 bet. 
  2. Masʼul muharrir Habibullayev N.N. Oʻzbekiston tarixi (xrestomatiya) 3-jild. Toshkent: Fan va texnologiya, 2014 — 380 bet.