Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sharqshunoslik instituti
Turi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
Maqomi faol
Maqsadi sharq qoʻlyozmalarni oʻrganish va saqlash
Ishga tushgan sanasi 1943-yilda
Joylashuvi Toshkent, Mirzo Ulugʻbek tumani, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 79.
Direktori Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti
Vebsayti http://beruni.uz/

Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti – Oʻrta Osiyo va Xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, fani tarixi, Sharq mamlakatlari rivojining zamonaviy muammolari, mustaqil Oʻzbekiston bilan bu mamlakatlarning koʻp qirrali aloqalarini oʻrganadigan yirik ilmiy tekshirish muassasasi.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943-yil Oʻzbekiston Davlat xalq kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasi)ning Sharq boʻlimi asosida tashkil topgan va 1950-yilgacha Sharq qoʻlyozmalarini oʻrganish instituti deb atalgan. 1950-yilda esa institutda olib borilayotgan ilmiy sohalar qamrovini hisobga olib, Sharqshunoslik instituti deb nomlangan. 1957-yil unga Abu Rayhon Beruniy nomi berilgan. Institutda urush davrida V. I. Belyayev, Ye. E. Bertels, N. V. Dyakonova, A. N. Kononov, N. D. Mikluxo-Maklay, I. P. Petrushevskiy, O. I. Smirnova, keyinchalik esa I. Abdullayev, S. Azimjonova, A. K. Arends, B. Axmedov P. G. Bulgakov, A. Irisov, U. I. Karimov, S. Mirzayev, A. Murodov, A. Nosirov, I. Odilov, M. G. Pikulin, A. Rasulov, M. A. Salye, A. A. Semyonov, M. M. Xayrullayev, A. Oʻrinboyev kabi yirik sharqshunoslar ishladi.

Fondi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sharqshunoslik institutida 80 mingga yaqin alohida asarlarni oʻziga jamlagan 26 mingdan ortiq qoʻlyozma kitoblar (IX-XX asr boshlariga oid) mavjud. Toshbosma va nashr etilgan kitoblarning umumiy soni 40 ming jildni tashkil etadi. Institutning qoʻlyozmalar xazinasida 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlar ham saqlanadi. Ular oʻzbek, arab, fors, tojik, urdu, pushtu, ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uygʻur va boshqalar sharq xalqlari tillarida yozilgan boʻlib, oʻrta asr va undan keyingi davrlar fanining turli tarmoqlariga, yaʼni tarix, adabiyot, falsafa, huquq, islomiy ilmlar va tasavvuf, falakiyot, kimyo, tabobat, geografiya, dorishunoslik, til, musiqa, matematika, maʼdanshunoslik va boshqalar sohalarga oid.

Institut fondida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Bakr Roziy, Imom al-Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy, Moturidiy, Firdavsiy, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Bedil, Xoja Ahror asarlari bilan birga Oʻrta Osiyo xonliklari davriga tegishli bir necha ming hujjatlar, yorliqlar vaqfnomalar toʻplangan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Institutdagi ilmiy tekshirish ishlari qoʻlyozmalarni kataloglashtirish, manbashunoslik, Sharq fani va madaniyati tarixiga oid yozma manbalarni tarjima va tadqiq etish, islomshunoslik, Sharq mamlakatlarining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvoli, ularning Oʻzbekiston Respublikasi bilan mavjud aloqalarini oʻrganishga qaratilgan.

1952—1981-yillarda Institut fondidagi qoʻlyozmalarning 11 jildli „Sobranie vostochnix rukopisey Akademii nauk UzSSR“ („Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari toʻplami“) katalogi, 1998-2000-yillarda qoʻlyozmalarning „Istoriya“ („Tarix“), „Yestestvennnie nauki“ („Tabiiy fanlar“), „Meditsina“ („Tabobat“), „Kratkiy katalog sufiyskix proizvedeniy XVIII-XX vv.“ („XVIII-XX asrlar tasavvufiga oid asarlarning qisqa katalogi“) nomli mavzu kataloglari, Abu Ali ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Abu Nasr Forobiy, Amir Xusrav Dehlaviy asarlari qoʻlyozmalarining kataloglari, „Katalog Xivinskiy kaziyskix dokumentov XIX – nach. XX vv.“ („XIX-XX asr boshlariga mansub Xiva qozilik hujjatlari katalogi“, 2001-yil), 3 jildli „Oriental Miniatures“ („Sharq miniatyuralari“) katalogi (2003-2004-yil) nashr etildi. 1950-1951 (1-nashr), 1979-1982 (2-nashr) yillarda Abu Ali ibn Sinoning „al-Qonun fit-tibb“ („Tib qonunlari“) asari (5 jild, 6 kitobdan iborat, oʻzbek va rus tillarida), 1957-1975-yillarda Abu Rayhon Beruniyning tanlangan asarlari silsilasi (oʻzbek tilida 4 jildli, rus tilida 7 jildda) chop etildi. Al-Xorazmiy va al-Fargʻoniyning matematika va astronomiyaga oid asarlari tarjimalari, Ulugʻbekning „Ziji Koʻragoniy“ kitobining ruscha tarjimasi (1996), islom tarixi va tasavvufga oid Imom al-Buxoriy, al-Margʻinoniy, al-Moturidiy, naqshbandiya va yassaviya tariqati vakillarining asarlari, Amir Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati fani tarixini yorituvchi qator tadqiqot va tarjimalar; tarix, adabiyot, geografiyaga oid bir qancha qoʻlyozmalarning tanqidiy matnlari va tarjimalari, Xorijiy Sharq mamlakatlarining tarixi, adabiyoti, madaniyati tarixi, Oʻzbekistonning bu mamlakatlar bilan boʻlgan diplomatik va madaniy aloqalari boʻyicha monografiyalar, ilmiy maqolalar toʻplamlari, ilmiyommabop risolalar bosib chiqariladi. Institutda 7 ta boʻlim, qoʻlyozmalarni taʼmirlash ustaxonasi va fotolaboratoriya mavjud.

1991-yildan institut „Sharqshunoslik“ nomli ilmiy almanax nashr etadi. 1991-yildan institut Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Turkiya, AQSH, Eron, Kuvayt, Misr, BAA, Hindiston, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarning ilmiy markazlari bilan hamkorlik qiladi. 1981-yilda institut Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofotga sazovor boʻlgan. 2000-yilda institutning qoʻlyozmalar fondi dunyodagi eng boy qoʻlyozmalar majmuasi sifatida YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan[1].

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yaiada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi 2017-yil 24-maydagi 2995-sonli Qaroriga asosan Institut mamlakatimizdagi qadimiy qoʻlyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega boʻlgan zamonaviy yozma manbalarni saqlash, oʻrganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targʻib qilish boʻyicha yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]