Tarixi Nofeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tarixi Nofeyi
Muallif(lar) Muhammad Ali Baljuvoniy
Tarjimon(lar) Shodmon Vohidov, Zoir Choriyev
Til fors
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 2001-yil

Tarixi Nofeyi (Foydali tarix) – tarixiy asar. Muallifi Muhammad Ali Baljuvoniy. Mazkur asar 1923–1927-yillar davomida yozilgan[1]. Asar XIX–XX asr boshlarida Buxoro amirligi siyosiy tarixini yoritib beruvchi manbalardan biri hisoblanadi[2]. Muhammad Ali Baljuvoniy Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsil olgan, bir muddat davlat ishlarida ham faoliyat olib borgan[3]. U umring oxirida Oqbuloqdara qishlogʻida oʻtkazadi va 70 yoshida vafot etadi[3]. Tojikistonlik olim Ahror Muxtorov asarning asarning arab yozuvidagi tabdil nashrini 1994-yil Dushanbeda chop ettirgan[3]. Asarni 2001-yilda esa Shodmon Vohidov va Zoir Choriyev oʻzbek tiliga ilmiy-izohli lugʻati bilan birgalikda nashr ettirgan[4]. Muhammad Ali Baljuvoniy mazkur asarini 1923-yilda Samarqanddagi Tillakori madrasasida yozishni boshlagan boʻlsa, 1927-yil Baljuvonda tugatadi[4]. Asar 15 bob va xotimadan iborat boʻlib, 1-11 boblarda XX asr boshlarida Buxoro amirligida yuz bergan siyosiy jarayonlar bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirilgan[4]. „Tarixi Nofeyi“ asarida Amir Abdulahadxon va Amir Olimxon davrida sodir boʻlgan voqealar, Buxoro amirligining agʻdarilishi va sovet hokimiyatining oʻrnatilishi, qizil armiya bosqinchiligi davrida vayron boʻlgan yodgorliklar, Amir Olimxonning Afgʻonistonga ketishi va boshqa maʼlumotlar keltirilgan[4]. Tarixchi olim Halim Toʻrayev soʻzlariga koʻra asarda Buxoro amirligining zaif tomonlarini ochiq tanqid qilingan. Mazkur asarda Buxorodan tashqarida boʻlgan Buxoro amirlarining saroy va chorboʻgʻlari haqida maʼlumotlar uchratish mumkin. Jumladan Karminadagi Chorbogʻi Charmgari, Chorbogʻi Mirzo, Chorbogʻi Olchin, shuningdek Shahrisabz va Qarshidagi chorbogʻlar nomlari keltirilgan[5].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Тўраев 2023, s. 142-151.
  2. Муҳаммад Али Балжувоний 2001, s. 3.
  3. 3,0 3,1 3,2 Муҳаммад Али Балжувоний 2001, s. 4.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 Тўраев 2023, s. 151.
  5. Тўраев 2023, s. 152.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Муҳаммад Али Балжувоний. Тарихи нофеий. Тошкент: Академия, 2001 — 122 bet. 
  • Тўраев Ҳ. Бухоро тарихи ёзма манбалари. Бухоро: Durdona, 2023 — 204 bet.