Tarbiyai atfol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"TARBIYAI ATFOL" ("Bolalar tarbiyasi") — Buxoro jadidlari tashkil etgan maʼrifiy jamiyat (1908—14). Abduvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Hamidxoʻja Meqriy, Ahmadjon Abdusaidov va boshqa asos solishgan. Jamiyat faoliyatida S.Ayniy, Usmon Xoʻja, M.Saidjonov va boshqa muxim rol oʻynagan. Jamiyat aʼzolari soni 100 ga yaqin boʻlib, ularni Muhiddin Mansurov, Sadr Ziyo moddiy jihatdan qoʻllabquvvatlagan. "Tarbiyai atfol" isteʼdodli yoshlarni xorijiy mamlakatlarga oʻqishga yuborish, usuli jadid maktablarini har tomonlama qoʻllabquvvatlash, bu maktablar uchun oʻquv qoʻllanmalari va darsliklar yaratish, xorijdagi talabalarga moddiy yordam koʻrsatish ishlari bilan shugʻullangan. Jamiyatning saʼyharakati bilan, mas., 1908 yilda Istanbulda buxorolik va turkistonlik yoshlardan 14 kishi tahsil olgan. Jamiyat koʻmagi bilan Fitratning "Munozara", "Hind sayyohi bayonoti" va "Sayha" asarlari, shuningdek, S.Ayniy, A.Burhonov, Ikrom domla va boshqalarning kitoblari Turkiyada nashr etilib, Turkistonda tarqatilgan. Jamiyat maʼrifatparvarlik ishlari bilan birga ijtimoiy masalalarga ham eʼtiborni qaratdi. Jamiyat aʼzolari Buxoroda maʼrifatni yoyish, Fitratning Turkiston jadidchiligining dasturi hisoblangan asarlarini targʻib etish bilan birga Buxoro amirligida xukm surgan diniy fanatizm va bidʼatga qarshi targʻibottashviqot ishlarini olib bordi, shuningdek, amirlikdagi har qanday yangilikni boʻgʻishga qaratilgan tadbirlarga qarshi norozilik kayfiyatini izhor etib turdi.

Adabiyot[tahrir]

  • Ayniy Sadriddin, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Xoʻjayev Fayzulla, Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Ergashev B.X., Ideologiya natsionalno-osvoboditelnogo dvijeniya v buxarskom emirate, T., 1991 Qahramon Rajabov.