Abdulvohid Burhonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdulvohid Burhonov (taxallusi Munzim (Mirzo Abdulvohid Munzim)) (1875, Buxoro — 1934, Dushanba) — Buxorodagi jadidlik harakati, Yosh buxoroliklar tashkiloti asoschilaridan biri. 1908-yil oktabrda Buxoroda dastlabki yangi usuldagi maktabni ochdi. Samarqandga borib, Mahmudxoʻja Behbudiy va Abduqodir Shukuriydan yangi usul maktablarida oʻqitish tajribasini oʻrgandi. Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy bilan birgalikda "Tarbiyai atfol" ("Bolalar tarbiyasi") maxfiy jamiyatini tuzishda qatnashdi. Jamiyat buxorolik maʼrifatparvar va ziyolilar oʻrtasida ilgʻor demokratik gʻoyalarni targʻib etib, xalqning siyosiy ongini uygʻotish uchun kurashdi. B. 1917-yildan Yosh buxoroliklar partiyasi MKning raisi. Buxoroda Xalq respublikasi oʻrnatilgach, BXSR MIK raisining oʻrinbosari, xalq maorifi noziri, sogʻliqni saqlash noziri (1920—24). Buxorolik 44 talabani Germaniyaga olib borib, Berlindagi oʻquv yurtlariga joylashtirdi (1921). 20-yillarda ilmiy va publiiistik faoliyat bilan shugʻullandi. 30-yil boshida "Tojikistoni surx" gazetasida ishladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ayniy S, Asarlar, 1j., T., 1963; Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997.