Taklamakon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

TaklamakonXitoyning gʻarbiy qismidagi choʻl, Tarim tekisligining markaziy qismida. Dunyoda eng yirik qum choʻllaridan biri. Maydoni 271 ming km². Uzunligi gʻarbdan sharqqa 1000 km dan ziyod, eni 400 km gacha. Yer yuzasi tekis boʻlib, toʻrtlamchi davrda toʻplangan choʻkindilardan tuzilgan. Shimoliy va sharqqa tomon 1200–1300 m dan 900–1000 m gacha pasayib boradi. Choʻlning gʻarbiy qismida qumtoshlardan iborat bir necha qoyali qator tepalar (Choʻngtogʻ, bal. 1664 m), qumoq va gilli tepaliklar (Mozortogʻ, 1635 m, Toʻxtaqozi, 1560 m) bor. T.ning janubi-gʻarbida barxanlar, shimoli-sharqida bal. 300 m gacha boʻlgan qum uyumlari uchraydi. Chekka qismidagi katta maydonlarni shoʻrxoklar egallagan. Iqlimi keskin kontinental, quruq iqlim. Yiliga 50 mm dan kam yogʻin yogʻadi, baʼzi yillarda umuman yogʻmaydi. Kuchli shamollar esib, qum boʻronlari boʻlib turadi. Kunlundan oqib keladigan daryolar qumga singib ketadi, Xoʻtan daryosigina yozda choʻlni kesib oʻtib, Tarim daryosiga quyiladi. Yer osti suvlari chuqur. Choʻlning katta qismida oʻsimlik deyarli uchramaydi. Daryo vodiylarida terak, jiyda, yantoq, shoʻra, saksovul oʻsadi. Hayvonot dunyosi kambagʻal. Aholi voha va daryo vodiylarida yashaydi, chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanadi. T.da foydali qazilmalardan neft, gaz, kumir konlari, polimetall rudalari topilgan.