Tabiiy tanlanish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Biologiya
Evolutsiya
Hayot daraxti
Hayot daraxti
Mexanizm va jarayonlari

Moslashish
Genetik dreyf
Gen koʻchishi
Mutatsiya
Tabiiy tanlanish
Turlanish

Tadqiqotlar va tarix

Dalillar
Tarixi
Zamonaviy sintez
Ijtimoiy taʼsiri

Evolutsion biologiya sohalari

Kladistika
Ekologik genetika
Evolutsion rivojlanish
Odam evolutsiyasi
Molekular evolutsiya
Filogenetika
Populatsion genetika

Tabiiy tanlanish - organizmlar evolyutsiyasining asosiy harakatlantiruvchi omili. Tabiiy tanlanish haqidagi taʼlimot Ch. Darvin tomonidan yaratilgan (1858— 59). Olimning fikricha, Tabiiy tanlanish — yashash uchun kurashning natijasi boʻlib, foydali individual oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning yashab, nasl qoldirishi, foydasiz oʻzgarishlarga ega boʻlgan organizmlarning esa qirilib ketishi, yaʼni moslashgan formalarning yashab qolishi va moslashmagan formalarning nobud boʻlishidan iborat biologik jarayon. Irsiy oʻzgaruvchanlik Tabiiy tanlanishning taʼsiri uchun zarur zamin hisoblanadi. Tabiiy tanlanishning bevosita natijasi esa organizmlarning tashki muxitning muayyan sharoitiga moslanishi mukammallashishidan iborat. Tabiiy tanlanish tufayli organizmlar xilmaxilligi orta boradi; progressiv evolyutsiya jarayonida organizmlar tuzilishi ham mukammallashib boradi; muhit sharoitlariga yetarli darajada moslasha olmagan turlar esa nobud boʻladi.

Tabiiy tanlanish haqidagi Ch.Darvin konsepsiyasi S.S.Chetverikov, R.Fisher, S. Rayt, I.I.Shmalgauzen, J.Xoldeyn, F.G.Dobrjanskiy va boshqa olimlarning ishlarida yanada rivojlantirildi. Tabiiy tanlanishning genetik mohiyati populyatsiyada ixtisoslashgan muayyan genotiplarning saqlanib, genlarning keyingi avlodga uzatilishida tanlanib ishtirok etishidan iborat. Tabiiy tanlanish alohida olingan fenotipga yoki genga taʼsir etmaydi, balki genotipning tashqi muhit bilan oʻzaro taʼsiri natijasida shakllanadigan (qarang Genotip) muayyan fenotip (tirik organizmning barcha belgilari yigʻindisi)ga taʼsir qiladi. Tabiiy tanlanish organizmlar oʻzgaruvchanligining bevosita sababchisi boʻlolmaydi, lekin mutatsiyalarning tezligi va yoʻnalishiga taʼsir koʻrsatadi. Bu jarayon Tabiiy tanlanish ning ijodiy roli deyiladi. Tabiiy tanlanish taʼsiri yirik populyatsiyalarda aniq bilinadi. Populyatsiyadagi individlar sonining kamayib borishi bilan tasodifiy omillarning ahamiyati ortib boradi. Tabiiy tanlanish ayrim organizmlarga taʼsir qilish (individual tanlanish) bilan birga organizmlar guruhiga ham taʼsir koʻrsatadi (guruhli tanlanish). Bu jarayon alohida organizm uchun foydasiz, lekin ular guruhi uchun foydali boʻlgan belgilarning saqlanib qolishiga imkon berishi mumkin. Shu tariqa yuksak hayvonlarda altruistik belgilar shakllanadi, mas., qushlarning qichqirigʻi ularning oʻzini dushmanga oshkora qilib qoʻyganidan ayrim individga zararli boʻlsada, xavf toʻgʻrisida ogohlantiruvchi signal boʻlgani tufayli turning boshqa individlari uchun foydali hisoblanadi. Tabiatda Tabiiy tanlanish bir necha yoʻnalishda taʼsir qiladi va har xil natijaga olib keladi. Shuning uchun Tabiiy tanlanish harakatlantiruvchi tanlanish, dizruptiv tanlanish, turgʻunlashtiruvchi tanlanish, jinsiy tanlanish kabi xillarga ajratiladi. Antidarvinizmga mansub turli konsepsiyalar Tabiiy tanlanish ni evolyutsiyaning asosiy omili sifatida tan olishmaydi (yana qarang Sunʼiy tanlash).

Tabiiy tanlanish nasldan naslga oʻta oluvchi foydali belgilarning organizmlar populatsiyasi avlodlarida yoyilishi va zararli belgilarning kamayishiga sabab boʻluvchi jarayondir. Tabiiy tanlanish fenotip orqali ishlaydi, yaʼni yashab qolib, nasl qoldira oluvchi organizmlar fenotipi (foydali fenotip) kengroq tarqalib, shu populatsiyadagi boshqa organizmlar fenotipini siqib chiqaradi. Agar bu fenotiplar genetik asosga ega boʻlsa, tegishli genotipning keyingi avlodlardagi chastotasi oshadi. Vaqt oʻtishi bilan bu jarayon organizmlarning muayyan ekologik panalar uchun moslashishi va alal-oqibat yangi turlar kelib chiqishiga olib kelishi mumkin.