Sulton Saydalin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sulton Saydalin
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1889-yil
Almati
Vafoti 1943-yil

Sulton Saydalin — davlat va jamoat arbobi. Sulton Saydalin 1889-yil Almatida tavallud topgan. Uning asl ismi Sayyid Sulton Sayyid oʻgʻli. Otasi Sayyid Ali Sayyid Mahmud oʻgʻli Almatidan Qoʻqon uyezdi Konibodom qishlogʻiga koʻchib keladi va oʻzining 4 tanob yerida bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Sulton Saydalin 1904-yilgacha eski maktabda tahsil oladi. Keyinchalik u rus-tuzem maktabida oʻqiydi. 1905-yil u Almati shahrida A. T. Chernixning notarial idorasida yugurdak sifatida ishlaydi. Bu yerda u rus tilini oʻrganadi, idorada tarjimon sifatida ham faoliyat koʻrsata boshlaydi. Sulton Saydalin 1908—1909-yillarda Avliyootada Sayyid Vali Toʻrayev degan chorvador boyning savdo idorasida boshqaruvchi sifatida ishga kiradi. U Toshkentga koʻchib kelib, 1909—1914-yillarda mingboshi Sayyid Mahmud Muhiddinovga kotib boʻlib ishga kiradi. 1913-yilda hatto bir muddat Toshkent shahar politsiya boshligʻining tarjimoni oʻrnida ham ish olib boradi. 1917-yil Turkiston taraqqiyparvarlar topshirigʻi bilan Sulton Saydalin Xitoyning Xarbin shahriga yoʻl oladi. Xarbinda ikki oy boʻladi va ukasi istiqomat qilayotgan Konibodomga yoʻl oladi[1]. 1923—1924-yillarda Fargʻona viloyatida kompartiya qoʻmitasi kotibi Sulton Segizboyev tomonidan Sulton Saydalin viloyat boʻlimi rahbari lavozimiga tayinlanadi. 1923-yil maydan „Fargʻona“ gazetasining mas’ul muharriri sifatida ishlaydi. Sulton Saydalin 1927-yilgacha Fargʻona viloyati moliya boʻlimi rahbari vazifasida ishlaydi. Sulton Saydaliyev 1927—1930-yillar davomida Qoʻqonda selxoznik boshqaruvchisi lavozimida faoliyat koʻrsatadi. U faoliyati davomida 1930—1931-yillarda Tojikiston SSR Kommunal bank boshqaruvchisi, 1931—1932-yillar yer ishlari xalq komissari oʻrinbosari, 1932—1933-yillar Stalinobod sozzembankk boshqaruvi raisi boʻlib ishlagan. U 1943-yil Toshkent yaqinidagi Chirchiq lagerida vafot etadi[2].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240 bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII qism. Toshkent: „Akademnashr“, 2019 — 400 bet.