Sulaymon eshon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sulaymon Eshon
Sulaymon Eshon
Buxorodagi mashhur qoʻrboshi
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1877-yil
Buxoro shahridagi Joʻybor guzari
Vafoti 1932-yil

Sulaymon Eshon — (1877—1932) — Sharqiy Buxoro va Oʻrta Buxorodagi qurolli harakatning gʻoyaviy rahbarlaridan biri. Eshoni Sudur nomi bilan ham mashhur boʻlgan[1].

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulaymon Eshon 1877-yil Buxoro shahridagi Joʻybor guzarida diniy ulamo oilasida tavallud topgan. Uning otasi Salohiddin Eshon Buxoro amiri Abdulahadxon davrida saroyda yuqori diniy lavozimda faoliyat koʻrsatgan. Tarixchi Feruz Boboyev yozishicha, Salohiddin Eshon Buxoro amirligidagi eng yuqori diniy unvon- shayxulislom lavozimida ishlagan. Gʻuzor viloyati hokimi Akromxon Toʻra Salohiddin Eshonning qiziga uylangan. Sulaymon Eshon 25 yoshidan boshlab salomatligi sabab poytaxt Buxorodan chiqib, bahovo va dasht yerda joylashgan Gʻuzorda yashay boshlaydi. Sulaymon Eshoning guzarda hovlisi, katta mulki yer-suvi, tegirmonlari va Buxoroda ham hovlisi boʻlgan. Buxoro amiri Amir Olimxon davrida Eshonga sudur, oʻroq va sadr unvonlari berilgan. U xalq oʻrtasida Eshoni Sudur nomi bilan mashur boʻlgan.

Qoʻrboshilik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulaymon Eshon 1921-yil yanvarda boshlangan Sharshauz qoʻzgʻoloniga asosiy rolni oʻynagan shaxslardan biri boʻlgan. Qahramon Rajabov arxiv hujjatlariga asoslanib yozishicha, bu qoʻzgʻolonni bostirish uchun qizil askarlar katta kuch sarflashgan. Qoʻzgʻolon bostirilgach, Sulaymon Eshon yolgʻiz qizini olib, Saroykamar orqali Sharqiy Buxorodan 1921-yil Afgʻonistonga oʻtib ketgan. Sulaymon Eshon va uning qizi dastlab uch yil Xonobodda, bir yil Mozori Sharifda yashagan. Xonoboddagi noqulay ob havo va iqlimning sog‘liqqa zararligi u yerda yashaydigan insonlar o‘rtasida har xil kasalliklarni keltirib chiqargan. Bunday ob-havo sharoitiga ko‘nika olmagan Sulaymon eshon Xonoboddan Mozori Sharifga ko‘chishga majbur boʻlgan. 1925-yil Eshoni Sudur va pochchasi Akromjon Toʻra Mozori Sharifda yashaganlar. Sulaymon eshon Mozori Sharifda ham biror bir ish bilan shug‘ullanmasdan afg‘on hukumatidan moddiy yordam olib turgan. Bu yordamlar ba‘zan pul, ba‘zan natura ko‘rinishida berilgan. Shunday og‘ir vaziyatlarda Afg‘onistondagi o‘zbek muhojirlari Buxoro Xalq Sovet Respublikasidan bir necha marta o‘zlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yordam so‘ragan. Keyinchalik Kobulda Omonullaxon muhojirlarga yaxshi sharoit yaratib berayotgani, qiladigan yordam puli ham ko‘pligi uchun Sulaymon eshon va boshqa muhojirlar Kobulga ko‘chib o‘tishadi. Muhojirlardan 15 nafari Kobul yaqinidagi Qal‘ayi Shamsiyni ijaraga olib yashay boshlaydi. Qal‘ayi Shamsiyda bir necha oila, jumladan eshon qizi bilan kun kechirgan. Eshoni Sudur qizi bilan birga har oyda bir marta Qal‘ayi Fotuga, ya‘ni Said Olimxon huzuriga borib moddiy yordam olishgan. Saroyda yordamni amirning sobiq amaldori Buxoro qo‘shbegisining o‘g‘li Akramxon Eshon G‘oziy tarqatgan.  Eshon uch yil davomida hech qanday faoliyatsiz moddiy yordam bilan yashagan. Qizini Upiyon qishlog‘ida yashovchi Said Abbos ismli eshonga turmushga beradi. O‘zi ham Upiyonga ko‘chib o‘tadi. Eshonning Upiyondagi hayoti yaxshi bo‘lgan. Chunki muridlari unga ko‘plab hadyalar va nazr qilib turgan. Shunday paytlarda atrofdagi muhojirlardan Ibrohimbek Sovet davlati hududiga o‘tib taslim bo‘lmoqchiligi va o‘z yurtida tinch mehnat qilib yashamoqchiligini eshitadi.

Uni qarindoshi sobiq G‘uzor hokimi Akramxon ham, Amir Olimxonning yordamchisi Akramxon eshon G‘oziy ham yurtiga qaytsa o‘lim kutayotgani, sovetlar tomonidan otib tashlanishidan ogohlantiradi. Biroq Sulaymon eshon niyatidan qaytmaydi. 1930-yilda Ibrohimbek huzuriga boradi va uning qarorgohida qoladi. 1931-yil 31-martda Ibrohimbek va uning qoʻshinlari bilan birgalikda Tojikiston SSRga oʻtib ketadi. Denovga borib Xudoynazar komandir vositachiligida Denov GPUsiga borib 1931-yil 1-iyulida taslim bo‘ladi.

1932-yil 10-avgustda oʻn oltilar guruhida Ibrohimbekning asosiy oʻrinbosari sifatida Toshkent shahrida 55 yoshida otib oʻldirilgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rajabov Q. Ibrohimbek qoʻrboshi va safdoshlari jasorati. Toshkent: „Fan“, 2022 — 399 bet. 
  2. Rajabov Q. Turkiston qoʻrboshilari. Toshkent: „Fan“, 2022 — 400 bet.