Sojiylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sojiylar (879 - 929) — Janubiy Ozarbayjonda hukmronlik qilgan turkiy sulola. Bu sulola vakillari Afshin laqabiga ega boʻlishgan. Sojiylar Markaziy Osiyodagi Ustrushona viloyatidan boʻlgan qadimiy turklarga mansub edi. Sojiylar davlati poytaxti dastlab Marogʻa shahri, keyinroq Ardabil boʻldi.

Sulolaning tashkil topishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arab qoʻshinining koʻplab mashhur sarkardalari, jumladan, al-Afshin Haydar ibn Kovus ushbu urugʻga mansub. Umaviylar, keyinroq Abbosiylarning Vizantiya imperiyasiga qarshi toʻxtovsiz urushlari chegarani mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyodan Ozarbayjonga va Shimoliy Anadolu (Anatoliya)ga koʻplab turk qabilalarini koʻchirishga majbur qildi. Natijada turk jangchilari Abbosiylar qoʻshinining asosiy negiziga aylandi. Sojiylar sulolasi asoschisi Abu Soj Devdod abbosiylar qoʻshinining eng tajribali sarkardalaridan edi. U hurramiylarga qarshi olib borilgan urushda bevosita ishtirok etib Madoin va Vositdagi isyonlarni bostirgan, keyinroq Ahvoz va Kufaga noib boʻlgandi. Koʻrsatgan xizmatlari uchun Sojiylarga Ozarbayjon berildi.

Muhammad ibn Soj hukmronligi davri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Sojning oʻgʻillari Muhammad va Yusuf ham mahoratli sarkardalardan sanalgan. Sojiylar hukmronligi davrida Ozarbayjonning janubiy qismida mustaqil davlat tashkil topdi. Sojiylar davlatining oʻz puli bor edi.IX asr oxiridan Muhammad ibn Abu Soj nomi zarb qilingan tangalar muomalaga kiritilgan. Muhammad 889-yili abbosiylarning Armaniston va Ozarbayjondagi noibi boʻldi. Oradan koʻp oʻtmay oʻzini mustaqil hukmdor deb e’lon qildi, biroq ma’lum muddat Bagʻdodga boʻysunishga majbur boʻldi. 901-yili oʻlatdan vafot etdi. Muhammadning oʻgʻli Devdod hokimiyatni meros qilib oldi. U bungacha otasining Armanistondagi noibi edi. Lekin Devdod oʻsha yiliyoq amakisi Yusuf tomonidan agʻdarildi.

Yusuf ibn Soj hukmronligi davri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yusuf hukmronligi davrida Sojiylar davlati yanada kuchaydi. Uning davrida Ozarbayjon yana biroz muddat qaram boʻldi. Abbosiy hukmdor Muqtadir Yusufga qarshi katta qoʻshin bilan bordi va uni 120 OOO dinor hajmida oʻlpon toʻlashga majbur qildi. Bir necha yildan soʻng urush qaytadan boshlandi. Yusuf 918-yili abbosiylar qoʻshinini yengib Rayni oldi. 919-yili Ardabil ostonalarida yangi toʻqnashuv yuz berdi. Bu safar Yusuf magʻlub boʻlib asirga tushdi va Bagʻdodga olib borib zindonga tashlandi. Uning oʻrniga davlatni 4 yil gʻulomi Sobuq boshqardi. 923-yili Muqtadir har yili 500 OOO dinor miqdorida oʻlpon toʻlash majburiyatini yuklab Yusufni ozod qildi. Biroq keyingi yili Yusuf mustaqillikka erishdi va abbosiylardan Hamadonni tortib oldi. 928-yili qarmatlarga qarshi yurish jarayonida halok boʻldi.

Tanazzul[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taxtga jiyani Abul Musofir chiqdi. U 929-yili vafot etdi. Ba’zi ma’lumotlarga koʻra, Abul Musofirni Ardabilda zaharlab oʻldirishgan, boshqa ma’lumotlarda oʻzining soqchilari isyon koʻtarib oʻldirgani aytiladi. Taxt avval isyonchi gʻulomlar sardori Muflih Yusufiyga, 932-yili amir Daysam ibn Ibrohimga oʻtdi. 957-yili Sojiylar davlati hududi Daylamiylar qoʻshini tomonidan istilo qilindi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolari.Toshkent: Akademnashr, 2013 123-124-betlar

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

https://en.m.wikipedia.org/wiki/Osrushana

https://en.m.wikipedia.org/wiki/Khaydhar_ibn_Kawus_al-Afshin

https://en.m.wikipedia.org/wiki/Al-Muqtadir