Sitorai Mohi Xossa amaliy bezak sanʼati muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sitorai Mohi Xossa amaliy bezak sanʼati muzeyi — Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi filial hisoblanadi.


Muzey ekspozitsiyasining tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Sitorai Mohi-Xossa“ qurilishi va foydalanilish tarixi;
  2. „Sitorai Mohi-Xossa“ hovlilari („Havli berun“-tashqari hovli, Dolon- usti berk yoʻlak, „Havli durun“-ichkari hovli va boshqa bino hamda xonalar, Yozgi koʻshk, Hovuz, darvozaxona).
  3. Hazinaxona.
  4. Salomxona.
  5. „Xalq amaliy bezak sanʼati“ ekspozitsiyasi.
  6. „Milliy kiyimlar“ ekspozitsiyasi.
  7. Oshxona.
  8. Koʻshk, hovuz.
  9. „Badiiy kashtachilik“ ekspozitsiyasi.
  10. Janubiy Darvozaxona.

Muzey binosi tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxorodan 4 km shimolda Samarqand yoʻlining yoqasida Buxoroning soʻnggi amirlari mangʻitlar sulolasining shahar tashqarisidagi eng koʻrkam yozgi saroyi Sitorai Mohi-Xossa qad koʻtargan. Saroyning dastlabki imoratlari amir Nasrulloxon hukmronligi davri (1826—1860)da qurilgan. XIX asrning oxirida navbatdagi amir Muzaffarxon hukmronligi davrida (1860—1885) mashhur saroy meʼmori Ostonaqul Hafizov saroyning yangi loyihasini yaratgan va saroy majmuasi qurilishini davom ettirgan. Biroq bu yerda saroy va xushmanzara bogʻ barpo qilish amir Abdulahadxon hukmronligi davrida (1885—1910) amalga oshirilgan. Bu saroy qurilishiga saroy meʼmori usta Ibrohim Hafizov rahbarlik qilgan. Abdulahadxon saroyi qurilishida usta Nasrulloboy va usta Ostonqullar ham ishtirok etishgan. Yozgi saroyning asosiy binolari soʻnggi Buxoro amiri Mir Sayyid Olimxon hukmronligi davrida (1911—1920) qurilgan va shu davrdan boshlab saroy majmuasi yangi va eski saroyga ajratiladigan boʻlgan[1].

Ekspozitsiyaning tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hovli berun (tashqari hovli)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saroyning shimolida joylashgan oʻymakor darvoza rasmiy kirish joyi boʻlgan, janub tomondagi darvoza esa saroy yumushlari uchun kirib-chiqiladigan boʻlgan. Qalʼa devorining tashqarisida shimol tomonda amir sarbozlari uchun ikki qavatli askarxona (kazarma) binolari, birinchi qavatda otlar saqlangan, ikkinchi qavatda otliq sarbozlar-sipohlar yashagan; otlar yuviladigan hovuz; saroy uchun elektr quvvati (5 kvt) etkazib beradigan elektr stansiya uchun tosh uylar, tosh quduqlar qurilgan. Bogʻning shimoliy-gʻarbiy burchagida alohida did va yuksak sanʼat bilan yangi saroy qurilgan. Yangi saroyga asosiy kirish darvozasi uning shimoliy-gʻarbiy tomonida joylashgan. Saroy ichkarisiga hashamatli qilib qurilgan mahobatli darvozaxonadan kiriladi. Darvozaxona koshin va rangli shishalar bilan bezatilgan muhtasham toqli, ikki burchagida koshinli guldastalar qurilgan peshtoq bilan bezatilgan. Darvozaxonaning tepasida qorovulxona (boloxona) barpo etilgan boʻlib, pastki qavatining yon tomonlarida soqchilar sergak turadigan hujralar mavjud. Bu yerdagi eng qimmatli narsa qayragʻochdan ishlangan ikki tabaqali oʻymakor darvoza hisoblanadi. Darvozani gʻijduvonlik mohir durezgar Usta Joʻra Xarrot va Qori Choʻbinlar goʻzal oʻzbek milliy naqshlarini solib, yogʻoch oʻymakorligi uslubida bajarganlar. Darvozaxonadan tashqari hovli (hovli berun)ga kiriladi. Uning uch tomoniga engil qilib yogʻochdan qurilgan, qirma naqshlar bilan ganchkorlik uslubida bezatilgan chorkunj ustunli ayvonlar joylashgan. Darvozaxonadan kirishda oʻng qoʻlda kichkina ichki hovlili yana bir bino boʻlib, u xazina deb atalgan. Xazina Yangi saroy bilan tutashgan. Qarama-qarshi tomonda, burchakda „G“ harfi shaklida qurilgan dolon boʻltb, uning darvozasi nisbatan oddiyroq qilib bezatilgan gujum daraxtidan yasalgan. Dolonning usti Samarqand teragidan tayyorlangan yoʻgʻon toʻsinlar va toldan yasalgan vassalar bilan yopilgan. Dolonning qayrilma yoʻlagidan saroyning asosiy ichkari hovlisi (hovli durun)ga kiriladi.

Havli durun (ichki hovli)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro amirligining Rusiya vassaliga aylangani saroy qurilishi uslubida ham oʻz ifodasini topgan. Amir Olimxon qurilishlarni loyihalashtirishda rus muhandislari Sakovich va Margulis xizmatidan foydalanganligi tufayli, koʻpchilik binolarning tashqi koʻrinishi ovroʻpocha boʻlib, ichki bezaklar esa milliy uslubda bajarilgan. Ichkari hovlidagi saroyning asosiy qismi “P” harfi shaklida 1912—1914-yilarda barpo etilgan qabulxona binosi boʼlib, uning Fapb tomonida “Oq xona”-(xonai Safed), dahlizxona, xobxona, naqqoshlik bilan ishlangan kutish zali, janub tomonda esa oynavonli ayvon “Choyxona”, ziyofatlar zali, mirzaxona va shaxmat xonalari shimol tomondan hashamatli ayvon joylashgan. Аyvonni mayin oʼymakori naqshlari bilan bezatilgan ingichka ustunlar koʼtarib turibdi. Natijada ichki hovli (roʻyi havlii darun)ni binolar uch tomondan oʻrab turadi. Hovli sahniga yassi olti burchakli gʻisht parchinlari yotqizilgan boʻlib, oʻrtasida doirasimon kichkina favvora bor.


Ekspozitsiyalardagi eksponatlar toʻgʻrisida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi xonada ot bezak anjomi zardoʻzi douri(zul)lari, „Shohnoma“ gilami, Venesiya oynalari qoʻyilishi lozim. Ikkinchi xonada (xobxona) karavotlar, zardoʻzi namoyonlar va soyabon, yumshoq mebellar qoʻyilishi lozim. Uchinchi xona (Oq uy): tokchalarda Xitoy va Yaponiya chinni buyumlari, yumshoq mebellar va Turkman gilamlari (qizil oyoq) qoʻyilishi lozim. Toʻrtinchi xona (kutish zali) tokchalarda Xitoy va Yaponiya chinni buyumlari, Rossiya mebellari qoʻyilishi kerak. Beshinchi xona (koridor): ipakdan toʻqilgan joynamoz (Eron), tuya junidan toʻqilgan „Solori“ hamda „Bashiri“ gilamlari, Italiyaning Vinesiya shaxridan keltirilgan oyna va koʻchma pech (Rossiya) qoʻyilishi lozim. Oltinchi xona (shaxmat xonasi): saroy hamda Rossiyadan keltirilgan zargarlik buyumlari, mexanik soat (Germaniya), shaxmat qutisi, karta oʻynash stoli, kumush taqvim va tagliklar (Rossiya) qoʻyilishi lozim. Yettinchi xona (ziyofatlar xonasi): Rossiya hamda Buxoro zargarlik buyumlari, muzxona, Buxoro soʻngi hukmdorlari portretlari (2 ta), bronzadan ishlangan haykallar (3ta) va kumushdan ishlangan Yermak haykali hamda Rossiyadan keltirilgan taom tashishga moʻljallangan aravacha va tagliklar (2 ta) qoʻyilishi lozim. Sakkizinchi xona (mirzaxona): Rossiya va Yaponiya oynalari, mexanik yogʻoch seyf hamda shkaf, yozuv stoli, haykallar uchun tagliklar (2ta) qoʻyilishi lozim. Toʻqqizinchi xona (choyxona): Xitoy va Yaponiya hamda Rossiyaning Garner fabrikasi chinnilari qoʻyilishi lozim. Xonalar ichki bezalish uslublari haqida ham tushuncha berilishi kerak.

„Xonai Hasht“-sakkiz xonalik koʻshk. Saroyning asosiy binosi qurib bitkazilgach, bogʻ ichida koʻshk va shiyponlar barpo etishga kirishilgan. Ayniqsa, 1915-yilda bunyod etilgan „Xonai Hasht“-sakkiz xonalik koʻshk loyihasiga koʻra haqiqiy ovroʻpocha koʻrinishi bilan diqqatni tortadi. Uning mehmonxonasi tomi mayda oq tunuka bilan gumbazsimon qilib yopilgani, arka shaklidagi derazalar tashqaridan qaraganda ovroʻpolik boylarning uylarini eslatadi. Ammo, koʻshkka kiraverishdagi ayvonchaning qarama-qarshi devorlari va shifti yuqoriga qarab tarvaqaylab ketgan ajoyib guldastalar bilan bezatilgan boʻlib, chinakam sharqona uslubdagi sanʼat namunasidir. Koʻshkning markazida sakkiz burchakli „Xonxona“ joylashgan. U naqqoshlik sanʼati bilan bejirim bezatilgan. Devor va shiftiga oltin va kumushdan hal berib „kundal“ naqshlari tushirilgan. Koʻshkni bezatish ishlariga 4 kg 250 gr tillo sarflangan.

2-bino ekspozitsiyalardagi eksponatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi xona (daxlizxona): Oddiy aholi kiygan erkaklar va ayollar hamda bolalar kiyimi, paranji, milliy matolar, rossiyalik fotosuratchilar tomonidan olingan fotosuratlar qoʻyilishi lozim; Ikkinchi xona: Savdogar erkak va ayol kiyimlari, hojilar kiyimi, sallalar, qishki hamda yozgi bosh kiyimlar, ayollar qalgʻay roʻmollari rossiyalik fotosuratchilar tomonidan olingan fotosuratlar qoʻyilishi lozim, Uchinchi xona: Rossiyadan keltirilgan oyna; Toʻrtinchi xona: boy xonadon ayollari kiygan milliy kiyimlar, bosh kiyimlar, zardoʻzi doʻppilar, peshonabandlar, belbogʻlar, kultapoʻshaklar, toʻf va jamalaklar, tokchalarda Fransiya fayans va Xitoy hamda Yaponiya chinnilari qoʻyilishi lozim; Beshinchi xona (xonxona): Hukmdorlar kiygan zardoʻzi toʻnlar, chalvarlar, oyoq kiyimlari, tagliklar (2 ta), kamarlar qoʻyilishi lozim. oltinchi xona daxliz, ettinchi xonada teri, yogʻoch, ipak iplarda tikilgan bolalar, ayollar, erkaklarga tegishli oyoq kiyimlari, kelin-kuyov liboslari qoʻyilishi kerak. Sakkizinchi xona: kandakorlik, zargarlik buyumlari, ot anjomlari qoʻyilishi lozim.


Koʻshk, hovuz, Kanizakxona binosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yangi saroy majmuasidagi navbatdagi binolardan biri 1918-yilda barpo etilgan kanizakxona va yozgi koʻshk ham yuksak meʼmorlik sanʼati namunalaridir. Ikki qavatli bu bino amirning shaxsiy hayoti bilan bogʻliq boʻlib, unda hukmdorning ayollari istiqomat qilishgan. Kanizakxonaga janub tomonidan tutashib ketgan hovuz ajoyib manzarani hosil qilib, uning yuzida binoning aksi tushib, qoʻshaloq inshoot tasavvurini paydo qiladi. Bundan tashqari, hovuz jazirama yoz oylarida binoning xonalariga rohatbaxsh salqinlik tarqatadi. Binoning old tomonida „Xonai Xob“, yaʼni yotoqxona joylashgan boʻlib, uning oʻrta qismida alohida eshikdan kiriladigan kattaroq hajmdagi „Xonxona“ joylashgan, bu amirning shaxsan oʻziga tegishli boʻlgan xona boʻlib, hukmdor shu uyda hordiq chiqargan. Saroy koʻshklari orasida bir tomondan yogʻoch minorachaga tutashib ketgan shiypon oʻziga xos qurilish uslubi bilan diqqatni tortadi. Shiypon ustiga olti burchakli minoracha orqali aylanma zinapoya bilan chiqiladi. Shiyponning birinchi qavati gʻishtdan, ikkinchi qavati esa engil qilib yogʻochdan qurilgan. Minoracha esa „azoncha“ bilan tugaydi. Saroyning shimol qismida amirning shaxsiy hayotiga aloqador yana bir inshoot bor. Bu ikki qavatli haram binosidir. Uning xonalari va ayvoni ichkari hovli tomoniga qaragan. Haramning janub tomonida „salloti“ gʻishtdan katta uy, gʻapb va sharq tomondan birinchi qavatda „choʻpkori“ uslubida qurilgan kichikroq uylar, shimol tomonida ayvon joylashgan. Ushbu binoda „XIX asr oxiri—XX asr boshlari oʻzbeklar turmush tarzi (etnografiyasi) va kashtachilik“ muzeyini tashkil etish ehtiyoji tugʻildi. Xonalarda Gʻijduvon sopolsozligi buyumlari, Buxoro, Shofrikon, Gʻijduvon, Vobkent, Nurato, Shahrisabz, Jizzax, Samarqand, Pskent, Xoʻjand, Boysun kashtachilik maktablari mahsulotlari — soʻzanalar, juzgir, douri, oynaxalta, shonaxalta, nimsoʻzani, belbogʻchalar namoyishga qoʻyilishi kerak. Shuningdek, oʻzbeklar uyi intereri orqali xona bezatishda foydalanilgan devoriy namoyonlar, koʻrpa- toʻshak, sandali(tancha), beshik kabi buyumlardan hamda mahalliy sopol idishlar va Xitoy, Yaponiya, Rossiya chinni idishlaridan namunalar qoʻyish orqali ekspozitsiya boyitiladi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Р.Муини. Архитектурные Памятники Бухары. Toshkent: Гафур Гулям, 2007 — 64 bet. 
  2. Jumayev Q. Sitorai Mohi Xossa. Toshkent: Fan, 2005 — 66 bet.