Sirt taranglik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Sirt taranglik — ikki xil faza (jism) lar chegaralanish sirtining termodinamik tavsifi. Suyuklikning hajmi oʻzgarmagan holda qaytar izotermik sharoitda uning sirtini bir birlikka oshirish uchun sarflangan ish bilan ifodalanadi. Bu kattalik J/m2 yoki N/m larda oʻlchanadi. Yangi sirtni hosil boʻlishida bajarilgan ish sirt qatlamidagi molekulalarning oʻzaro tutinish kuchlarini yengib, suyuqlik ichkarisidan yangi molekulalarni sirt qatlamiga oʻtib qoʻshilishlariga sarf boʻladi. Natijada suyuklikning sirt qatlamiga qoʻshilgan molekulalar qoʻshimcha potensial energiyaga ega boʻladi. Muvozanat holat potensial energiyaning eng kichik qiymatiga mos kelgani uchun, oʻz holiga qoʻyib berilgan suyuqlik sirti eng kichik boʻlgan shakl — shar shakliga ega boʻlish uchun intiladi, yaʼni suyuklik oʻzini qisqarishga intiladigan elastik choʻzilgan parda ichiga solib qoʻyilgandek tutadi. Odatda, "oʻz holiga qoʻyib berilgan" suyukliklar emas, balki Yerning tortishish kuchi taʼsiri ostidagi suyuqliklar kuzatiladi. Bunday holda suyuklik tortishish kuchlari maydonidagi energiya va sirt energiyasi yigʻindisidan iborat boʻlgan umumiy energiya eng kichik boʻladigan shaklni oladi. Suyuklikning mayda tomchilarida sirt energiyasi ustunlik qiladi va tomchilar shakli sferik shaklga yaqin boʻladi. Agar sirtni hosil qiluvchi fazalar hajmi molekula oʻlchamlariga karaganda yetarli darajada katta boʻlsa, Sirt taranglik sirtning kattaligi va shakliga bogʻliq boʻlmaydi. Aralashmalar Sirt taranglikiga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Mas, suvda sovun eritilganda uning Sirt tarangliki (0,073 N/m) kamayib 0,045 N/m gacha tushib qoladi. Metall eritmalarining Sirt tarangliki koʻpchilik suyuqliklarga nisbatan katta boʻladi, mas, platinaning Sirt tarangliki 2300 K da 1,82 N/m ga, simobniki esa uy temperaturasida 0,484 N/m ga teng . Ftoruglerodli suyuqliklarning Sirt tarangliki eng kichik qiymatga ega. Tra koʻtarilgan sari suyuklikning zichligi bilan uning tuyingan bugining zichligi oʻrtasidagi farq kamayib boradi. Shunga mos ravishda Sirt taranglik x,am kamayib boradi. Kritik trada Sirt taranglik nolga teng .

Suyuklikgaz (bugʻ) yoki suyukliksuyukliklarning oson harakatlana oluvchi ajralish chegaralarida Sirt taranglikni bir necha usulda, mas, vertikal naycha uchidan uzilayotgan tomchi massasiga koʻra, suyuklikka botishi mumkin boʻlgan gaz pufagining maksimal bosimiga koʻra, yassi sirt ustidagi suyuqlik tomchisi yoki gaz pufagi shakliga koʻra bevosita aniklash mumkin. Qattiq jismlarning molekulalari (yoki atomlari) erkin siljiy olmasligi tufayli, ularning Sirt taranglikini ulchash qiyinroq. Shuning uchun qattiq jismlarning Sirt tarangliki molekulalar yoki atomlarning oʻzaro taʼsirini oʻrganish yoʻli bilan bilvosita aniklanadi. Tirik organizmlarda Sirt taranglik butun hujayra yoki uning boʻlaklariga muayyan shakl beruvchi omillardan biridir. Sirt taranglikning kattaligi va uning turli sharoitlarda oʻzgarib borishi koʻpchilik hodisalarni, mas, kapillyar hodisalarnp vujudga kelishiga sababchi boʻladi.