Kontent qismiga oʻtish

Shimoli-Sharqiy Sibir o'lkasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shimoli-Sharqiy Sibir oʻlkasi- Lena daryosining quyi oqimidan sharqda, Aldan daryosining quyi oqimidan shimolda joylashgan va sharqda Tinch okean havzasining suvayirgʻich togʻ massivlari bilan chegaralangan hududni oʻz ichiga oladi. Bu oʻlkaning maydoni 1,5 million kvadrat kilometrni tashkil etadi.

Shimoli-Sharqiy Sibir oʻlkasi relyefi chekka togʻ tizmalaridan, markazi togʻlik va yassi togʻliklardan hamda pastekisliklardan iborat. Oʻlka paleozoy va mezozoyning birinchi yarmida Verxoyansk-Chukotka geosinklinal dengiz havzasining bir qismi boʻlgan. Mezozoyning ikkinchi yarmida tektonik harakatlar natijasida burmali strukturalar hosil boʻlgan. Hozirgi relyef shakllari paleogen va neogen davrida yuz bergan koʻtarilishlar natijasida shakllangan.

Shimoli-Sharqiy Sibir iqlimi sovuq va keskin kontinental. Hudud arktika va subarktika iqlim mintaqasida joylashgan. Oʻrtacha yillik harorat −10 °C dan past boʻlib, baland togʻlarda va Novaya Sibir orollarida −15 °C ga teng. Qish 6-8 oy davom etadi va yanvarning oʻrtacha harorati −40 °C atrofida boʻladi. Eng sovuq joy Oymyakon boʻlib, bu yerda yanvarning oʻrtacha harorati −48 °C, −50 °C ni tashkil etadi va eng past harorat Oymyakonda −71 °C gacha tushgan. Yoz oylari nisbatan iliqroq, iyulning oʻrtacha harorati +14 °C dan +16 °C gacha, ayrim kunlari +35 °C gacha yetadi. Yillik yogʻin miqdori tekisliklarda va togʻ oraligʻi botiqlarida 200-300 mm, past togʻlarda 400-500 mm, baland togʻlarda 600-700 mm ni tashkil etadi.

Ichki suvlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hududda Shimoliy Muz okeaniga quyiladigan yirik daryolar mavjud. Eng katta daryolar Kolima, Indigirka va Yana daryolaridir. Kolima daryosining uzunligi 2129 km, havzasining maydoni 643 000 km². Indigirka daryosi 1980 km uzunlikda va havzasi 360 000 km² ni tashkil etadi. Yana daryosi esa 1490 km uzunlikda va havzasi 238 000 km².

Tabiat zonalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlkada tundra va shimoliy tayga siyrak oʻrmonlari hukmronlik qiladi. Tundra zonasida gileyli zax tuproqlar tarqalgan boʻlib, ular qiyoq-mox, momiqbosh-mox va lishaynik oʻsimliklar bilan qoplangan. Shimoliy tayga siyrak oʻrmonlari Dauriya tilogʻochidan tashkil topgan. Togʻli hududlarda balandlik mintaqalari rivojlangan. Oʻrmonlar mintaqasi shimoliy togʻli hududlarda 200-400 m balandlikda joylashgan. Togʻ tayga zonasidan yuqorida yer bagʻirlab oʻsadigan qalin kedrzorlar va togʻ tundrasi joylashgan. Eng baland massivlarda sovuq sahrolar hukmronlik qiladi.

Oʻlkaning faunasi Shimoliy Amerika faunasiga oʻxshash. Kolima havzasida yashaydigan sut emizuvchilarning koʻpchiligi Alyaskadagi hayvonlar bilan yaqin. Yirtqich hayvonlardan Bering ayigʻi, Bering tulkisi, Sharqiy Sibir silovsini, rosomoxa, Sharqiy Sibir boʻrisi kabilar mavjud.

  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]