Shayx Darvesh madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Shayx Darvesh madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Muhammad Darveshbiy devonbegi
Binokorlik tashabbuschisi Muhammad Darveshbiy devonbegi
Asosiy sana:
1669—1670-yillar
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 27 ta


Shayx Darvesh madrasasi (Choʻbin madrasasi, Choʻbin kappa madrasasi, Hammomi kappa madrasasi) — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Shayx Darvesh madrasasi 1669—1670-yillarda Hammomi kappa guzarida[1], Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdor Abdulazizxon davrida Muhammad Darveshbiy devonbegi ibn Mirzo Muhammadxoja tomonidan bunyod etilgan. Madrasa Shoh Muhammadbiy masjidi koʻchasida joylashgan boʻlgan. Muhammad Darveshbiy devonbegi vafotidan soʻng, madrasa ichkarisiga dafn etilgan. Madrasa sovet inqilobi yillarida buzib tashlangan. Madrasa Choʻbin madrasasi deb ham nomlangan. Abdurauf Fitrat maʼlumotlariga koʻra yillik vaqf mablagʻi 30 ming tagani tashkil etgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Muhammad Darveshbiy devonbegi madrasa uchun Qorabuloq va Turkman qishlogʻi yerlari, Miyonkoldagi Qarohin mavzesida 100 juftigov, Kosagaron masjidi koʻchasidagi 9 ta doʻkon, Shahrud tumanida 50, Xutfaragi Qaroch mavzesida 150, Samjandagi Hofizon mavzesida 50 tanob yerlarni vaqf qiladi. Vaqf hujjatiga koʻra mutavvali madrasaning mudarrisi boʻlgan. Mazkur madrasada 1 mudarris talabalarga taʼlim bergan. Madrasa hujralarida esa 2 nafardan talaba istiqomat qilgan. Mazkur hujjat hijriy 108-yil zulqaʼda oyida (1670-yil mart-aprel) oyida tuzilgan. Madrasa mutavvalisi oʻsha paytda Xoja Abdulloh ibn Xoja Abdurahmon boʻlgan. Hujjatlarda madrasada mudarrislik qilgan oʻqutuvchilar va ularning maoshlari toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Jumladan mulla Abdulloh maoshi 50 tilla, mulla Abdushukur maoshi 35 tillani tashkil etgan[2]. Shayx Darvesh madrasasi 27 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.