Saylov
Saylov — ovoz berish orqali davlat organlari, mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish vositasi. Fuqarolarning oʻz saylov huquqini amalga oshirishi — ularning davlatni boshqarishda ishtirok etishining eng muhim shakllaridan biri. Saylov oʻtkazish tartibi va qoidalari, odatda, har bir davlatning konstitutsiyasi va boshqa konstitutsiyaviyhuquqiy hujjatlarda belgilanadi. Saylov turli koʻrinishda boʻladi. Unda aholi qatnashishi yoki ularning vakillarigina ishtirok etishi mumkin. Saylov ochiq yoki yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Qaysi organ saylanayotganligiga qarab parlamentga yoki prezidentlikka saylash, parlamentning umumiy yoki bir qismi uchun saylov oʻtkazilishiga qarab yalpi yoki qisman saylov boʻlishi mumkin. Hududiga qarab umumdavlat yoki mahalliy; oʻtkazilish vaqtiga qarab navbatdagi yoki muddatdan oldingi; bir partiyali, koʻp partiyali yoki partiyasiz; muqobillik asosida va nomuqobil (agar yagona nomzod koʻrsatilsa); toʻgʻri yoki koʻp bosqichli; asosiy yoki qoʻshimcha saylov oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan, mamlakat Prezident saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishlicha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi 3-oʻn kunligining 1-yakshanbasida oʻtkaziladi. Saylovlar umumiy, teng, toʻgʻridantoʻgʻri S huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi (yana qarang Saylov tizimi, Saylov huquqi)[1].
2021-yil 8-fevral kuni qabul qilingan „Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi qonunga binoan saylovlar oktyabr oyida oʻtkazilishi belgilandi. Yaʼni Prezidentlikka saylov, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilandi (ilgari dekabr oyida edi)[2]. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan qonunning konsepsiya variantida saylovlarni mart oyiga koʻchirish haqidagi taklif ham boʻlgan. Fuqarolar bilan oʻtkazilgan seminar tadbirlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali kelib tushgan takliflarda ham mart, may, avgust va sentabr oylari qayd etilgan. Biroq saylovlarni oktyabr oyida oʻtkazish boʻyicha 70 foizdan ortiq taklif fuqarolardan kelganligi bois shu oyga koʻchirilgan.[3]
Saylovlarning statistik tahlili bilan shugʻullanuvchi fan psefologiya deyiladi.
Oʻzbekistonda saylovlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasida Prezident saylovi, hokimiyatning vakillik organlari saylovi umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining 18 yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.[4]
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Ўзбекистонда сайловлар октябрь ойида ўтказилиши белгиланди“. Bugun.uz. 2021-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 9-fevral. (Wayback Machine saytida 2021-07-09 sanasida arxivlangan)
- ↑ „Ўзбекистонда сайловлар октябрь ойига кўчирилганига изоҳ берилди — видео“. Bugun.uz. 2021-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 11-fevral. (Wayback Machine saytida 2021-07-09 sanasida arxivlangan)
- ↑ Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, XXIII bob
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |