Konsepsiya
Konsepsiya (lot. conceptio — majmua, tizim) — 1) biror sohaga oid qarashlar, tamoyillar tizimi, fakt va hodisalarni tushunish, anglash va izohlashning muayyan usuli, asosiy nuqtai nazar; 2)adabiyotda — biror asarning asosiy gʻoyasi. K. badiiy asar mohiyatini, ijodkorning "meni"ni ifoda etadi. Biroq badiiy asar K.si ayrim holatlarda muallifning subyektiv qarashlaridan keng qamrovli bulishi mumkin. Baʼzan muallif moʻljaliga zid holat yuz bersa ham, mohiyat eʼtibori bilan asar oʻz K.siga koʻra muallifning badiiy-estetik olamiga tegishli boʻladi. Oʻquvchining maʼnaviy-ruhiy saviyasi, tarixiy shart-sharoitdan kelib chiqqan holda badiiy asar K.si alohida taʼkidlanib, ochiq-oydin ifoda etiladi. Inson va borliq mohiyatiga koʻra, K. bir butunlikni tashkil etadi. Masalani muayyan ijodkorning oʻz K.si yoki alohida olingan haqiqiy sanʼat asarining K.si tarzida qoʻyish ham mumkin. Boshqa jihatdan, badiiy asar K.si unda tasvirlangan badiiy-estetik, obrazli dunyo orqali hayotni anglash mexanizmi — usuli boʻlib ham maydonga chiqadi. Umuman, K. badiiy asarning sanʼat, adabiyot va madaniyat tarixidagi oʻrnini hamda oʻquvchilar ommasiga taʼsir etish darajasini belgilaydi. [1]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |