Sardor Komilov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Sardor Komilov
Tugʻilishi 14-avgust 1978 (1978-08-14) (41 yosh)

Sardor Komilov — oʻzbekistonlik jurnalist, blogger, rejissor, Sayyod koʻngilochar blogi asoschisi va muharriri. Sayyod taxallusi bilan ijod qiladi. 2003-yildan beri onlayn faoliyat yuritib keladi.

Komilov 1978-yil 14-avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan. Ilk jurnalistlik faoliyatini uzforum.com forumida boshlagan, keyinchalik „Darakchi“ gazetasida ishlagan. 2008-yil Sayyod vebsaytiga asos solgan. Ortiq Otajonov, Ulugʻbek Otajonov, Ali Otajonov va boshqa xonandalarning bir necha klipiga rejissorlik qilgan. Komilov xayriya ishlari bilan ham shugʻullanib keladi.

Hayoti[tahrir]

Sardor Komilov 1978-yil 14-avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan.[1] 2012-yil oila qurgan.

Ijodi[tahrir]

Komilov ilk jurnalistlik faoliyatini uzforum.com forumida boshlagan, keyinchalik „Darakchi“ gazetasida ishlagan. Komilov „Darakchi“ gazetasining „Chuv tushdi“ hamda „Sugʻdiyona“ gazetasining „Koʻngil“ loyihasi muallifidir.

Sayyod[tahrir]

Komilov 2008-yil Sayyod vebsaytiga asos solgan. Hozirgi kunga kelib Sayyod oʻzbek tilidagi koʻngilochar vebsaytlarning biriga aylangan.[2] Oʻzbekistonda .uz domenini muvofiqlashtiruvchi UZINFOCOM tashkiloti mulozimi Nozim Daliyevga koʻra, 2011-yil davomida Sayyod.uz saytiga har oy 26 829 ziyoratchi kirgan. Ammo Komilov bu raqamlar notoʻgʻriligini, aslida tashriflar soni bundan ancha yuqori ekanligini bildirdi.[3]

2013-yil oxirida ismi ochiqlanmagan oʻzbek qoʻshiqchisi va uning produseri oʻrtasidagi kelishmovchilik boʻyicha jinoiy ish ochildi, bu ishga Sayyod saytining aloqasi borligi aytildi. Buning ortidan Komilov Internetdagi faoliyatini toʻxtatishini bildirdi. 2014-yilning yanvar oyida bir guruh yoshlar Komilovning uyi oldida uni qoʻllab namoyish oʻtkazdi.[3]

2013-yilning noyabr oyida Komilov Twitterda Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan bahslashdi. 2-noyabr kuni Komilov Karimovadan intervyu berishini soʻradi. Bunga Karimova „Soxta piar ortidan quvmang…yana eksklyuziv intervyu soʻrab…buning uchun professional darajaga yetish lozim“, deb javob berdi.[4] Muhokama davomida Karimova turli muammolarga duchor boʻla boshlagan paytda Sayyod saytida uni qoʻllab yozilgan maqola keyinroq gʻoyib boʻlgani aytildi. Karimova bunga salbiy munosabat bildirdi. Pirovardida Komilov Karimovadan kechirim soʻradi va Sayyod saytida avval chop etilgan maqola qayta tiklandi.[4]

Rejissorlik faoliyati[tahrir]

Komilov 2008-2009-yillarda Ulugʻbek Otajonovning produseri sifatida faoliyat yuritgan. Otajonovning „Labingda“, „Turnalar“, „Ona“, „Sen baxtli boʻlasan“ kliplariga rejissorlik qilgan. Bundan tashqari, Ali Otajonovning „Sevdim“, „Kelinchak“ va „Masalan“ kliplariga, Ortiq Otajonovning „Kuylar“ klipiga rejissorlik qilgan.

Human Rights Watch xodimi bilan insident[tahrir]

Sardor Komilov 2019-yilda Human Rights Watch tashkiloti xodimi Steve Swerdlovni Toshkent mehmonxonasida agressiv ohangda soʻroqqa tutdi. Tashkilot voqeani „agressiv ogʻzaki hujumi“ deb atab, Komilov harakatlarini qoraladi.[5] Komilov hodisa aks etgan videoni YouTubeda eʼlon qildi. Ammo keskin tanqidlar ortidan videoni platformadan oʻchirib tashladi.

Manbalar[tahrir]

Havolalar[tahrir]