Kontent qismiga oʻtish

Sangruntov togʻlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sangruntov togʻlari — Qizilqum choʻlining janubi-sharqi (Navoiy viloyati)dagi togʻlar. Qozoqtov togʻlarining baland qismi. Sangruntov togʻlari shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa 25 km choʻzilgan. Balandligi 350-400 m, eng baland joyi 613 m (shimoli-gʻarbiy qismida). Janubi-sharq tomon pasayib boradi. Togʻlar denudatsion jarayonlar taʼsirida kuchli yemirilgan. Tektonik jihatdan antiklinal struktura. Sangruntov togʻlarining balanddagi qismlari paleozoy davri slanets, qumtosh, konglomerat, alevrolit, ohaktosh, mergel, gil, qum kabi togʻ jinslaridan tashkil topgan. Ular orasida granit, diorit, granodiorit va boshqa togʻ jinslari tarqalgan.

Iqlimi keskin kontinental, qishi sovuq, yozi issiq. Yiliga 100-150 mm yogʻin tushadi. Doimiy oqar daryolar yoʻq. Sangruntov togʻlari yon bagʻir va etaklarida surqoʻngʻir tuproqlar bor. Oʻsimliklardan shuvoq, burgan, teresken, toshburgan, saksovul oʻsadi. Yaylov sifatida foydalaniladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil