Samarqand Xalqaro tinchlik va birdamlik muzeyi
Samarqand Xalqaro tinchlik va birdamlik muzeyi | |
---|---|
Asos solingan sana | 31-dekabr, 1986-yil |
Joylashuvi | Temur Malik 22, Samarqand, Oʻzbekiston |
Direktor | Anatoliy Ionesov |
39°39′3.6396″N 66°57′19.4328″E / 39.651011000°N 66.955398000°E
Samarqand xalqaro tinchlik va birdamlik muzeyi (ruscha: Междунаро́дный музе́й ми́ра и солида́рности) Oʻzbekistonning Samarqand shahridagi joylashgan. 1986-yil 31-dekabrda Xalqaro tinchlik yili munosabati bilan tashkil etilgan. Xalqaro tinchlik va birdamlik muzeyi nafaqat Oʻzbekistonda, balki MDH davlatlari hududidagi mazkur yoʻnalishdagi yagona muzeydir. Umuman olganda, dunyoda 46 ta shunday muzey mavjud. Muzey tinchlik va farovonlik uchun dunyoning hamma xalqlari va davlatlarini birlashtirishga daʼvat etadi. 1989-yilda Oʻzbekiston Madaniyat ishlari vazirligi kollegiyasi qarori bilan muzeyga „Xalq muzeyi“ faxriy unvoni berilgan. Muzey Jenevadagi Xalqaro Tinchlik Byurosi va Xalqaro Tinchlik Muzeylari tarmogʻining aʼzosi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1977-yilda Samarqandda xalqaro esperanto tili va „Esperanto“ xalqaro doʻstlik klubi koʻrgazmasi tashkil etilgan. Jamiyat esperanto tilidagi xalqaro yozishmalar tufayli koʻplab mamlakatlarda doʻstlar orttirgan. Esperantistlar „Tinchlik – sayyora umidi“ xalqaro koʻrgazmalari munosabati bilan Smarqandga materiallar yuborganlar. Taqdim etilgan eksponatlar – plakatlar, chizmalar, otkritkalar, hujjatlar va boshqalarni tashkil etgan.
Maqsadi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1. Fuqarolik diplomatiyasi, sanʼat va badiiy ijod orqali tinchlik, oʻzaro tushunish va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash.
2. Global muammolardan xabardorlik, dunyoning kelajagi va avlodlarning omon qolishi bogʻliq boʻlgan global muammolarni hal qilish uchun shaxsiy javobgarlik tuygʻusini rivojlantirish.
3. Insoniyatning koʻp madaniyatliligi, xilma-xilligi va dunyo yaxshiroq uchun yangi qarashlar namoyishi
Eksponatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muzey Samarqand shahrining markazida, A.Jomiy koʻchasidagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bogʻi hududida joylashgan. 2005-yilga kelib Muzeyda dunyodagi barcha qitʼalardan keltirilgan 20 mingdan ortiq ashyolar saqlanadi. Samarqand Xalqaro tinchlik va birdamlik muzeyi Samarqand shahridagi „Esperanto“ millatlararo doʻstlik klubi aʼzolari tomonidan tashkil etilgan. „Xalq diplomatiyasi“ning turli xil nodir koʻrgazmalari orasida „Jahon dastxati“ loyihasi alohida oʻrin tutadi[1]. Muzey ashyolari orasida plakatlar, bayroq, rasm, vimpel, gobelen, nishonlar, kitob, videofilm, kompakt-disklar, audiokasseta va boshqa koʻplab eksponatlar mavjud. Shuningdek, jahonning mashhur arboblari, siyosatchilari, jamoat, davlat va madaniyat arboblari, xalqlar va mamlakatlar oʻrtasidagi tinchlik tarafdorlari boʻlgan yozuvchilarning dastxatlaridan iborat katta toʻplam mavjud. 142 nafar Nobel mukofoti sovrindorlarining dastxatlari alohida joylashgan. Muzeyda Nagasaki shahri yadroviy portlash epitsentridan bir kilometr uzoqlikda topilgan uy tomidan yonib ketgan koshin parchalari, „Osvensim“ konslageri yerlari tuprogʻi solingan kapsula, Stalingrad jang maydonidan olingan tuproq solingan kapsula, qulagan Berlin devori qoldiqlari, terrorchilik hujumlari va urushlarda odamlarning hayotiga zomin boʻlgan bomba parchalari va zarralari, Amerikaning Pershing 2 oʻrta masofaga uchuvchi yadro raketalari qismlari, nemis kosmonavti Reynxard Furrerning kosmik suvenirlari[2]; tugʻma nogiron boʻlgan fransuz rassomi Denis Legrining goʻzallik va hayotga muhabbat ruhi bilan chizgan rasmlari[3], turli jahon va mintaqaviy qurolli toʻqnashuvlar bilan bogʻliq boʻlgan ob’ektlar urush va mojarolarning halokatli oqibatlarini eslatadi. Ekspozitsiyada bolalarning ham koʻplab tasviriy asarlari qoʻyilgan. Muzeyning hozirgi direktori Anatoliy Ionesov[4]. Anatoliy Ionesov muzey egallagan hudud barcha eksponatlarni namoyish etish uchun yetarli emasligini maʼlum qilgan.
Xalqaro muzeylar kengashi tomonidan Parijda fransuz, ingliz va ispan tillarida nashr etiladigan „IKOM News“ jurnalining 2000-yildagi birinchi sonida Samarqanddagi Xalqaro tinchlik va birdamlik muzeyi faoliyatiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ochildiyev, F. Tarixiy o'lkashunoslik. Toshkent. «Donishmand ziyosi» 2020 — 187-bet. ISBN 978-9943-6446-6-3. Qaraldi: 24-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Директор Самаркандского музея мира и солидарности о проектах и планах“. Qaraldi: 24-sentabr 2023-yil.
- ↑ O'ljayeva Sh. Muzeyshunoslik. Toshkent 2002 — 78-bet.
- ↑ „Samarqanddagi tinchlik va birdamlik muzeyi“. Qaraldi: 2023-yil 24-sentyabr.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Музей Мира и Солидарности“ (ru). meros.uz. 2021-yil 12-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 5-yanvar.