Səməd Vurğun
Səməd Yusif oğlu Vəkilov | |
---|---|
![]() | |
Tavalludi |
21-mart 1906-yil Yuxarı Salahlı, Qazax uyezdi, Ozarbayjon |
Vafoti |
27-may 1956-yil (50 yoshda) Boku, Ozarbayjon |
Taxallusi | Vurğun |
Kasbi | Shoir, dramaturg, adabiyotshunos, tarjimon |
Ijod qilgan tillari | ozarbayjoncha |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi, Ozarbayjon Demokratik Respublikasi va SSSR |
Taʼlimi |
Qazax oʻqituvchilar seminariyasi Moskva davlat universiteti |
Mukofotlari |
![]() ![]() ![]() ![]() ![]() ![]() ![]() ![]() ![]() |
Turmush oʻrtogʻi | Xavər Vəkilova |
Bolalari |
Aybəniz Vəkilova Yusif Səmədoğlu Vaqif Səmədoğlu |
Ota-onasi |
Yusif (otasi) Məhbub (onasi) |
Qarindoshlari | Aişə (buvisi) |
Imzosi | |
![]() |
Səməd Vurğun (Asl ismi: Səməd Yusif oğlu Vəkilov; 21-mart 1906-yil, Yuxarı Salahlı, Qazax uyezdi – 27-may 1956-yil, Boku) – ozarbayjonlik shoir, dramaturg, tarjimon, adabiyotshunos, Ozarbayjonning ilk xalq shoiri (1956). Ikki marta „Stalin“ mukofotini (1941 va 1942-yillarda) qoʻlga kiritgan. Ikki marta Lenin ordeni bilan mukofotlangan. 1941—1948-yillarda Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida faoliyat olib borgan. 1945-yilda Ozarbayjon SSR Oliy Soveti deputati, Ozarbayjonning xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar jamiyati raisi boʻlgan. 1954—1956-yillar oraligʻida Ozarbayjon SSSR Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti boʻlgan.
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Səməd Yusif oğlu Vəkilov 1906-yil 21-martda Qazax tumanining Yuxarı Salahlı qishlogʻida tugʻilgan[1][2][3]. Shoirning bolaligi shu qishloqda oʻtgan. Boshlangʻich taʼlimni Yuxarı Salahlıdagi rus-tatar maktabida olgan.
Səməd 6 yoshligida onasi Məhbub xonim olamdan oʻtgan. Onasining vafotidan soʻng Səməd otasi Yusif ogʻa va buvisi Aişə xonim qoʻl ostida ulgʻaygan. Shoirning ona tomondan bobosi Mehdixan ogʻa Köhənsal taxallusi bilan mashhur xalq shoiri boʻlgan. Buvisi esa Ozarbayjonning atoqli shoiri va davlat arbobi Molla Panah Vogifning avlodidan boʻlgan.
1918-yilda Firidun bey Köçərli Kavkazorti Muallimlar Seminariyasining Ozarbayjon shoʻbasini Qozogʻistonga koʻchirib, Qazax oʻqituvchilar seminariyasini tashkil qilgan. Maktabga qabul qilingan qishloq bolalari orasida Səməd va Mehdixan Vəkilovlar ham bor edi. Mehdixan Vəkilov – Samadning akasi edi. Ukasi Hacıməmməd va singlisi Nabat bolaligida vafot etgan.
Səməd Vurğun seminariyani tugatgach, Qazax, Quba va Ganjada ozarbayjon tili va adabiyotidan dars bera boshlagan. 20—30-yillarda shoirning sheʼrlari adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar eʼtiborini oʻziga tortdi. 1930-yillarda Aleksandr Pushkinning „Yevgeniy Onegin“, Maksim Gorkiyning „Qiz va oʻlim“, Shota Rustavelining „Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon“, Nizomiy Ganjaviyning „Layli va Majnun“ asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan.
Səməd Vəkilov yoshligida qiziquvchan, sezgir, shu bilan birga oʻta qatʼiyatli, irodali va ziyrak boʻlgan. Uning tugʻma isteʼdodi taʼlim olgan ilk kunlaridanoq yaqqol namoyon boʻla boshlagan. Oʻsha paytlardayoq Vogif, Molla Vəli Vidadi, Pushkin, Lermontov, turk shoirlari Tevfik Fikret, Namiq Kamal, Mehmed Emin ijodi bilan yaqindan tanishgan[4].
1922-yilda shoirning otasi, oradan bir yil oʻtib buvisi vafot etgan. Shundan soʻng, Səməd va Mehdixanni xolasi Xanqızı Vəkilova oʻz qaramogʻiga olgan.
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shoirning butun borligʻida asta-sekin sheʼriyat hukmronlik qila boshlagan. Xalqini, Vatanini, diyorining sirli tabiatini sevgani uchun „Vurğun“ taxallusini olgan. Boshqa bir versiyaga koʻra, sevgan qiziga bagʻishlab yozgan sheʼrlariga „Vurğun“ taxallusi bilan imzo chekkan va shu tariqa mashhurlikka erishgan.
1929-yilda Samad Vurgun Ikkinchi Moskva universitetining adabiyot fakultetiga oʻqishga kirgan. Moskvada oʻqigan yillarida ham ijodini toʻxtatib qoʻymagan. Oʻsha yillarda yozgan siyosiy va lirik sheʼrlari 1930-yilda nashr etilgan „Şairin andı“ nomli birinchi kitobida jamlangan.
1930–1940-yillarda Vurğun ijodida oʻsish davri hisoblanadi. 1934-yilda shoirning „Könül dəftəri“, 1935-yilda „Şeirlər“ nomli kitoblari nashr etilgan. ayni paytda shoir Ozarbayjon sheʼriyatini koʻplab yot soʻzlardan tozalab, Ozarbayjon adabiyoti va dramaturgiyasini yangi asarlar bilan boyitgan. Birgina 1935-yilning oʻzida Səməd Vurğun 7 ta doston va 100ga yaqin sheʼr yozgan. 1933-yilda yozilgan „Ozarbayjon“ sheʼri ozarbayjon adabiyoti durdonalaridan biridir. Bu sheʼrida shoir oʻz Vatanining qadimiy tarixi, tabiatining qoʻzalligi, xalqining mehr-oqibati, bagʻrikingligi va mehmondoʻstligini tarannum etgan.
1933-yilda Səməd Vurğunning shaxsiy hayotida yangilik yuz bergan. Abdulla Shaigning qayin opasi – Xavər xonim bilan turmush qurgan.
1936–1937-yillarda yangi asarlar yozish bilan birga tarjimonlik faoliyatini ham boshlagan. Pushkinning "Yevgeniy Onegin" sheʼriy romanini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Ushbu tarjimasi uchun shoir Pushkin qoʻmitasi tomonidan „A. S. Pushkin medali“ bilan taqdirlangan. Soʻng, Shota Rustavelining „Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon“ asarining bir qismini mohirona tarjima qilgani uchun Gruziya SSR Markaziy Qoʻmitasining tarafidan mukofotlangan. Shu bilan bir qatorda, Taras Shevchenko, Ilya Chavchavadze va Jambul Jumayevning koʻplab sheʼrlarini ozarbayjonchaga tarjima qilgan.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1955-yil oktyabr oyida Sovet delegatsiyasi tarkibida Vyetnamga safar qilgan Səməd Vurğun yoʻlda sogʻligi yomonlashib, ortga qaytishga majbur boʻlgan. Pekindagi kasalxonada tekshiruvdan oʻtkazilgan. Bir necha haftadan soʻng oʻz vataniga qaytgan. Kasalligi kundan-kunga kuchayib boravergan.
1956-yil mart oyida Səməd Vurğun 50 yoshga toʻlgan. Yubiley munosabati bilan Ozarbayjon SSR rahbariyati „Ozarbayjon xalq shoiri“ unvonini taʼsis etgan va bu unvon ilk marta Səməd Vurğunga berilgan. 12-may kuni Opera va balet teatrida SSSR adabiy jamoatchiligi va xorijiy mehmonlar ishtirokida shoirning tantanali yubiley kechasi boʻlib oʻtgan. Yubiley tantanalaridan ikki hafta oʻtib, 1956-yil 27-may kuni soat 19:30da shoir vafot etgan. 28—30-may may kunlari janoza marosimi Ozarbayjon Davlat filarmoniyasi binosida boʻlib oʻtgan. Səməd Vurğun 30-may kuni Bokudagi 1-Faxriy xiyobonga dafn etilgan. Dafn marosimida Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi delegatsoyasi, xorijlik mehmonlar va ozarbayjon xalqi ishtirok etgan[5][6].
Shoirning farzandlari ham adabiyot sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Oʻgʻli – Yusif Səmədoğlu Ozarbayjon xalq yozuvchisi, Vagif Səmədoğlu Ozarbayjon xalq shoiri, qizi Aybəniz Vəkilova xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Xotirasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vafotidan keyin shoirning xotirasi abadiylashtirildi. Bokuda haykal oʻrnatilib, maydon va markaziy koʻchalardan biriga Səməd Vurğun nomi berilgan. Shu bilan bir qatorda, Ozarbayjon davlat akademik rus drama teatri va neft tashuvchi tankerga ham Səməd Vurğun nomi berilgan. Moskva Soveti qarori bilan Moskva va Darband shaharlaridagi koʻchalarga, Dushanbedagi maktabga, Kiyevdagi kutubxonaga, Plovdivdagi texnikumga, Datchadagi koʻchaga shoir nomi berilgan.
Ozarbayjonning barcha hududlarida Səməd Vurğun nomidagi oʻnlab maktablar, madaniyat uylari, koʻchalar hamda bogʻlar mavjud. Bir paytlar respublikadagi koʻplab kolxoz va sovxozlar shoir nomi bilan atalgan. Shahar va qishloqlarda shoir haykallari, byustlari oʻrnatilgan.
1975-yilda Bokuda sovet adabiyoti kunlarida adabiy jamoatchiligi ishtirokida Səməd Vurğun uy-muzeyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtgan. Oradan bir yil oʻtib, 1976-yilda shoir tugʻilgan Yuxarı Salahlı qishlogʻida mazkur uy-muzeyining filiali tashkil etilgan.
Eronlik akademik Cavad Heyət quyidagicha fikr bildirgan:[7]
Akademik Cavad Heyət: Vafotidan avvalroq Məhəmmədhüseyn Şəhriyar qaysi shoirni ustun ko'rishini so'raganimda biroz o'ylanib turib, Səməd Vurğun deb javob berdi.
„Oyna“ gazetasi, Boku, 6-oktyabr, 2012-yil.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Səməd Vurğun. Tanlangan asarlari: I jild – Sheʼrlari;
- Səməd Vurğun. Tanlangan asarlari: II jild – Sheʼrlari;
- Səməd Vurğun. Tanlangan asarlari: III jild – Dostonlari;
- Səməd Vurğun. Tanlangan asarlari: IV jild – Dramalari;
- Səməd Vurğun. Tanlangan asarlari: V jild – Maqolalari, maʼruzalar, nutqlar, ocherklar.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „SƏMƏD VURĞUN HAQQINDA“ (ozarbayjoncha) (2021-yil 21-mart). Qaraldi: 2025-yil 31-may.
- ↑ „Vəkilov Səməd Yusif oğlu (1906-1956)“ (ozarbayjoncha). Qaraldi: 2025-yil 31-may.
- ↑ „Səməd Vurğun: Azərbaycan Şeirinin Parlaq Ulduzu“ (ozarbayjoncha) (2024-yil 23-avgust). Qaraldi: 2025-yil 31-may.
- ↑ AzərTAc. „Demə, Səməd Vurğun gəldi-gedərdir...“ (az). AzərTAc (2025-yil 21-mart). Qaraldi: 2025-yil 22-mart.
- ↑ „Səməd Vurğunun dəfnindən nadir KADRLAR –69 İL ƏVVƏL VİDA MƏRASİMİNDƏ KİMLƏR OLUB? (VİDEO)“ (ozarbayjoncha) (2025-yil 19-aprel). Qaraldi: 2025-yil 31-may.
- ↑ „Xalq şairi Səməd Vurğunun dəfni“ (ozarbayjoncha) (2025-yil 27-may). Qaraldi: 2025-yil 31-may.
- ↑ „Oyna“ gazetasi, Boku, 6-oktyabr 2012-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![]() |
Vikiomborda Səməd Vurğun haqida turkum mavjud |
- 21-martda tugʻilganlar
- 1906-yilda tugʻilganlar
- 27-mayda vafot etganlar
- 1956-yilda vafot etganlar
- Lenin ordeni sohiblari
- Mehnat Qizil Bayroq ordeni sohiblari
- Hurmat Belgisi ordeni sohiblari
- „1941-1945 yillar Ulugʻ Vatan Urushida jasorat bilan qilgan xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlanganlar
- Akademiklar
- Sovet shoirlari
- Ozarbayjon tarjimonlari
- Ozarbayjonlik shoirlar
- Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasi aʼzolari
- Bokuda vafot etganlar