Kontent qismiga oʻtish

Robert Oppenheimer

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
J. Robert Oppenheimer
Tavalludi 22-aprel 1904-yil
New York shahri, AQSh
Vafoti 18-fevral 1967-yil(1967-02-18)
(62 yoshda)
Princeton (New Jersey), AQSh
Fuqaroligi AQSh[1][2][3]
Sohasi Nazariy fizika
Ish joylari
Tezis sarlavhasi Zur Quantentheorie kontinuierlicher Spektren
Akademik rahbarlari Max Born
Mashhur shogirdlari
Mashhur ishlari
Mukofotlari
Turmush oʻrtogʻi

Julius Robert Oppenheimer (1904-yil 22-aprel New York — 1967-yil 18-fevral, Prinston) — amerikalik fizik. Harvard universitetini tugatgan (1925), Cambridge va Gyottingen universitetlarida ham oʻqigan (1925—1927-yillar). Leyden va Syurixda ishlagan (1928—1929), Kaliforniyadagi universitet va texnologiya instituti professor (1929), Prinstondagi Fundamental tadqiqotlar instituti direktori (1947-yildan)[4]. Ilmiy ishlari kvant mexanika, kosmik nurlar fizikasi, nisbiylik nazariyasi, elementar zarralar fizikasi, neytron yulduzlar nazariyasiga oid. Ikkinchi jahon urushi yillari (1939—1945)da Los-Alamosdagi yadro labaratoriyasiga rahbarlik qilgan, atom bombasining yaratilishida faol ishtirok etgan. Vodorod bombasini joriy etishga qarshilik koʻrsatgani va atom energiyasidan faqat tinch maqsadlarida foydalanish tarafdori boʻlgani uchun 1954-yilda maxfiy ishlar bilan bogʻliq boʻlgan barcha vazifalaridan chetlatilgan[5].

Robert Oppenheimer 1904-yilning 22-aprelida Nyu York shahrida, badavlat oilada tugʻilgan. 1922-yilda Garvard universitetiga oʻqishga kirib, taʼlimning keyingi bosqichlarini Yevropaning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida davom ettirgan. Xususan u Kembrij, Gettingen, Syurix va Leyden universitetlarida tahsil olgan. Oppenheimer Kembrijda oʻqiyotganida, buyuk fizik Ernest Rezerford (1871-1937) laboratoriyasida bir muddat ishlagan va oʻsha yerda nurlanib qolgan. Gettingenda esa, kvant mexanikasi nazariyasi ustida ishlayotgan Verner Geyzenberg (1901-1976) bilan birga ishlagan. Oppenheimer 1927-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va AQSHga qaytib, Pasadenadagi Kaliforniya texnologiya universitetida oʻqituvchilik qila boshlaydi. 1928-yilda u Berklidagi Kaliforniya universitetida adyunkt-professor unvoni bilan, nazariy fizika boʻyicha tadqiqotlar olib borishga kirishadi, bir vaqtning oʻzida texnologiya universitetidagi oʻqituvchilik faoliyatini ham olib boradi.

Keyingi bir necha yil mobaynida olib borgan ilmiy izlanishlari tufayli, Oppenheimer, 1930-1940-yillarning AQSHdagi eng yetuk nazariyotchi fizik olimi darajasiga koʻtariladi. U fanning turli sohalarida — astrofizika, kosmik nurlar, kvant tunnel effekti hodisalari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bordi. Oppenheimerfan tarixida birinchilardan boʻlib, qora tuynuklarning mavjudligi haqida fikr bildirgan edi. 1936-yilda Robert Oppenheimer professor unvoniga erishgan.[6]

Urushni boshlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1939-yilga kelib, jahon siyosiy sahnasi beqaror tusga kirdi. Fashistlar Germaniyasi allaqachon imi-jimida qalab yuborgan urush olovi, 1-sentyabr sanasida Polshaga rasman urush eʼlon qilinishi bilan, alangalanib ketdi. Bu paytga kelib, AQSH maxsus xizmatlarida ommaviy qirgʻin qilish xususiyatiga ega boʻlgan atom bombasi haqida axborot mavjud edi. Uning tayyorlash texnologiyasi olimlarga maʼlum boʻlib, faqat reaksiya zanjirini uzviyligini taʼminlaydigan radioaktiv moddaning kritik massasini qanday qilib ixcham oʻlchamlarga joylay olish masalasi ochiq qolayotgan edi.

1938-yilda Germaniyada(!) nemis olimlari — Otto Gan (1879-1968) va Frits Shtrassman (1902-1980) Uran yadrosini neytronlar bilan bombardimon qilish orqali yadroviy parchalanishiga erishishgan edi. Biroq ular yadroning parchalanishi davomida, bir yadroga tegishli zarrachalarning boshqa yadrolarni ham bombardimon qilib, oʻz navbatida ulardan ajralib chiqqan zarrachalar ham keyingi boshqa yadrolarni bombardimon qilib parchalanishga majbur qiladigan reaksiya zanjirining uzviyligini taʼminlay olishmadi. Otto Gan va Frits Shtrassmanlarning tajribalaridan keyin, Uran-235 atomining reaksiya zanjirini uzviy borishi uchun yetarli miqdorini qanday qilib nisbatan kichik hajmdagi joyga joylashtirish, yaʼni kritik massasini aniqlash qolgan edi. Mazkur tajribalar shundoqqina natsistlarning burnini tagida, fashizmning qoʻl uzatsa yetadigan joyda amalga oshirilganini oʻylasam, baʼzan, insoniyatni baloning kattasidan xudoni oʻzi saqlagan ekan deb oʻylab qolaman. Agar oʻshanda atom bombasi fashistlarning qoʻliga tushib qolganida bormi…

Manxetten loyihasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urush avj olib, dahshatli, dushman uchun eng maksimal talafot yetkaza oladigan qurolga ehtiyoj paydo boʻldi. Bu borada AQSHning oʻsha vaqtdagi prezidenti Franklin Delano Ruzvelt tomonidan, „Manxetten loyihasi“ kodli nomi ostida maxsus dastur qabul qilindi. Bu dastur, atom bombasining tezroq yasalishi va AQSHning bunday qudratli qurolga ega boʻlishini koʻzda tutar edi. 1942 yilda qabul qilingan „Manxetten loyihasi“ga olimlardan aynan Oppenheimer loyiha rahbari etib tayinlandi. (shuningdek harbiy rahbar — Lesli Grouvs ham bor edi). Mazkur loyihaga Oppenheimer oʻz davrining eng yetuk olimlarini jalb qildi. Xususan Enriko Fermi va Nils Borlar ham ushbu loyihada ishtirok etishdi. „Manxetten loyihasi“ boʻyicha asosiy amaliy ishlar 1942-1945 yillarda Oukridj (Tennisi shtati) va Los-Alamos (Nyu Meksiko shtati) ilmiy markazlarida olib borildi. Uzoq va mashaqqatli mehnat natijasida 1945-yilga kelib Oppenheimer va uning jamoasi tarixdagi ilk atom bombasini tayyorlashga erishdi. 16 iyul 1945-yilda Nyu Meksiko shtatining Alamogordo shahridan 80 km shimoliy-gʻarbda atom bombasining birinchi marta portlatish-sinov amaliyoti oʻtkazildi. Bu sinovdagi atom bombasi portlatish loyihasiga Oppenheimer „Uchlik“ (Trinity), portlash amaliyotining oʻziga esa, Klementina deb kodli nomlash biriktirgan edi. Insoniyat tarixidagi birinchi atom bombasi, (uning nomi — „Baqaloq“ edi) portlashi, Alamogordo vaqti bilan tonggi soat 530 da roʻy berdi. Bomba 33 metrlik temir-beton konstruksiyasi ustiga joylashtirilgan boʻlib, olimlar jarayonni 8 km masofadan turib kuzatib borishdi. Jarayonning dahshatini oʻz koʻzi bilan koʻrgan fizik olim Otto Frish taassurotini quyidagicha bayon qilgan edi: „…keyin men sukunat ichra quyosh porlayotganini koʻrdim. Bu shunday manzara edi“. „Baqaloq“ ning portlashi, sahro uzra quyosh oʻta pastlab chiqqandek taassurot uygʻotib, dahshat namoyon qilgan edi. Otto Fishning soʻzlariga quyidagi fotosurat ham dalolat berib turibdi.

Professor Robert Oppenheimer va general Lesli Grouvs atom bombasining ilk sinovidan soʻng portlagan joyni koʻzdan kechirishmoqda

Oppenheimerning oʻzi esa, hodisani kuzata turib, hind eposidagi — „Men — dunyolarni vayron qiluvchi buyuk ajalman“ satrlarini takrorlagan ekan. Atom bombasining portlashi butun osmonni yoritib yubordi va 30 soniyadan keyin, zarba toʻlqini butun hudud boʻylab tarqaldi[7][8].

Raqiblar javobi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu paytga kelib, fashistlar Germaniyasi soʻzsiz kapitulyatsiya bergan boʻlsa-da, uning uzoq sharqdagi ittifoqdoshi — Yaponiya hali urushni davom ettirayotgan edi. AQSHning Pirl-Xarbor portidagi xunrezliklar va boshqa harbiy amaliyotlar yuzasidan Yaponiyaga javob tariqasida, Oppenheimer texnologiyasi asosidagi atom bombani, Xirosima shahriga tashlashga qaror qilindi. 6-avgust, 1945-yili Xirosimaga tashlangan atom bombasining vayronkorlik koʻlami, kutilganidan ham ziyoda boʻlib chiqdi. Xirosima yer bilan yakson boʻldi, hamda, 70 mingga yaqin tinch aholi qurbon boʻldi. keyingi yillar davomida ham, Xirosimaning 60 mingga yaqin aholisi, atom bombasi portlashi natijasida kelib chiqqan nurlanish tufayli halok boʻldi. 3 kundan keyin, ikkinchi atom bombasi Nagasakiga tashlandi. U yerda ham 70 mingdan ziyod aholi qurbon boʻldi. 15-avgust kuni esa Yaponiya ham soʻzsiz kapitulyatsiya hujjatiga imzo chekdi va insoniyat tarixidagi eng dahshatli II-jahon urushi nihoyasiga yetdi. Biroq, Nagasaki va Xirosima shaharlarida keyingi bir necha oʻn yilliklarda ham insonlar nurlanish kasalliklari tufayli halok boʻlishi davom etdi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda gen mutatsiyalari, irsiy oʻzgarishlar paydo boʻla boshladi. oʻsha vaqtlarda atom bombasining bunday asoratlari haqida juda kam bilishar edi. 1945-yilning oktyabr oyida Oppenheimer, kelgusida „Manxetten loyihasi“da ishtirok etishdan voz kechdi.

„Manxetten loyihasi“ da 1942-1946 yillarda ishlagan fizik Edvard Teller (1908-2003) tarkibida vodorodning deyteriy va tritiy izotoplari tutadigan, „vodorod bombasi“ tayyorlash haqida gʻoya ilgari surgan edi. Teller fikriga koʻra, bunday bomba, atom bombasidan ham kuchliroq boʻlib, geliy yadrosi hosil qilinishi bilan kechadigan jarayonda yuzaga chiqadigan katta miqdordagi energiyaning portlash kuchidan foydalanishni koʻzda tutar edi. Bunday jarayon — yadro sintezi deb ataladi. 1949 yil 29 avgustda sobiq ittifoq ham oʻzining ilk atom bombasini sinovlarini oʻtkazganligi haqida axborot berganida, Teller oʻzining vodorod bombasi haqidagi gʻoyalarini yanada qattiqroq targʻib qila boshladi. II jahon urushidan keyin yuzaga kelgan „sovuq urush“ holatida, okeanning ikki tarafida hosil boʻlgan siyosiy qutbli qarama qarshilik tufayli, davlatlar oʻrtasida qurollanish poygasi avjiga chiqqan, dahshatli qirgʻin qurollarining yangi-yangi turlari paydo boʻlayotgan davr edi u. Oppenheimer bunday jarayonning oqibati yaxshilikka olib kelmasligini hammadan ham koʻproq anglar edi. Bu paytga kelib u Atom energiyasi boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning raisi lavozimida faoliyat olib borayotgandi. 1949-yilning oktyabrida u vodorod bombasining tayyorlanishi borasida oʻzining noroziligini rasman bildirib, „bunday bombaning portlash kuchi chegara bilmaydi va u aholini qirgʻin qilishda, atom bombasidan ham koʻproq talafot yetkazishi mumkin“ deb taʼkidladi.

SSSRga maxfiy maʼlumotlar yetkazish ayblovi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Biroq, prezident Garri Trumen vodorod bombasi tayyorlash va bu orqali qurollanish poygasida SSSRni ortda qoldirish fikrini maʼqulladi. 1952-yil 1-noyabr kuni, Tinch okeanidagi Marshall orollari Enivetok attolida, tarixda birinchi vodorod bombasining sinov-portlash amaliyoti oʻtkazildi. Portlashdan keyin, tuproqda 1600 metr kenglikdagi krater hosil boʻldi. vodorod bombasining portlash kuchi, Nagasakiga tashlangan atom bombasinikidan 500 barobar katta edi.

Qurollanish poygasida SSSR ham oʻz javobini tayyorlab qoʻygan edi. 1953-yil 12-avgustda shimoliy-sharqiy Qozogʻiston, Semey (Semipalatinsk) shahri yaqinida SSSR ham oʻzining dastlabki, AQSHnikidan ham kuchliroq vodorod bombasining sinov-portlatish ishlarini amalga oshirdi. Bu esa AQSH hukumatida oʻziga xos intrigani keltirib chiqardi.

Hukumatdagilardan koʻpchiligi, Oppenheimening vodorod bombasining tayyorlanishiga qarshilik qilganligi faktini, uning kommunistlar bilan aloqasi borligida, sovet ittifoqiga Los-Alamos maxfiy sirlarini yetkazganlikda va vodorod bombasining tayyorlanishiga qarshilik qilish orqali unga SSSR avvalroq erishishiga intilganlikni roʻkach qilib, Oppenheimerni SSSR foydasiga josuslik qilishda ayblashdi. Bu amalda Oppeneymerni davlat xoini deb eʼlon qilinishi bilan teng edi. 1953-yilning 21-dekabrida Oppenheimer ga nisbatan rasmiy ayblov eʼlon qilindi va uning davlat maxfiy loyihalariga boʻlgan kirish huquqi bekor qilindi.

Oppenheimer oʻz ayblovi boʻyicha koʻrsatma berishga rozi boʻldi. U oʻzining aybsizligini isbotlamoqchi edi. Sud qaroriga koʻra, uning boʻynidagi davlatga xiyonat qilganlik ayblovi bekor qilindi. Biroq, sud Oppenheimerning davlat maxfiy loyihalariga boʻlgan huquqini tiklab bermadi. Shuningdek u atom energetikasi kengashidagi lavozimidan ham mahrum etildi. Oppenheimerga qarshi guvohlik berganlardan eng asosiysi Edvard Teller edi. U sud majlisidagi nutqida, Oppenheimerning „AQSH hukumatiga nisbatan“ xayrixoh ekanligini taʼkidlagan boʻlsa-da, gap oxirida, „Oʻz vatanimning hayotiy muhim qiziqishlarini oʻzim yaxshiroq tushunadigan va demakki, koʻproq ishonadigan odam qoʻliga topshirishni maʼqul koʻrardim“ degan shubhali jumlani qistirib oʻtdi. Uning soʻzlar, Oppenheimerning sud qilinishiga norozilik bildirgan boshqa koʻplab olimlarning gʻazabini qoʻzgʻatdi. Biroq sudda baribir Tellerning soʻzlari hal qiluvchi boʻlib chiqdi. bu AQSHda oʻziga xos iz qoldirgan Makkartizm zamoni edi.

Hurmatini tiklanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oppenheimerning hurmati 1963-yilda yangi prezident Lindon Jonsonning hukumat tepasiga kelishi bilan qayta tiklandi. Undan barcha ayblovlar olib tashlandi va toʻliq oqlandi. Rasmiy uzr soʻrashning ramziy maʼnosida Robert Oppenheimerga Fermi mukofotini prezident Jonsonning oʻzi shaxsan topshirdi. Oradan toʻrt yil oʻtib, Robert Oppenheimer tomoq saratoni kasalligidan vafot etdi.

Ommaviy axborot vositalarida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2023-yilda Openheimer hayotiga bagʻishlangan Oppenheimer filmi suratga olinib keng ommaga taqdim etilgan. Film Christopher Nolan rejissyorligi ostida yaratilgan. Filmda Robert Openheimer rolini taniqli aktyor Cillian Murphy oʻynagan[9].

  1. (unspecified title)
  2. (unspecified title)
  3. (unspecified title)
  4. „Фақатгина атом бомбаси «отаси» эмас. Оппенҳеймер аслида ким эди?“. 2023-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-avgust.
  5. "Robert Oppenheimer" OʻzME. O-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  6. [Robert Oppenheimer - 1904-yilning 22-aprelida Nyu-York shahrida, badavlat oilada tug‘ilgan. 1922-yilda Garvard universitetiga o‘qishga kirib, ta'limning keyingi bosqichlarini Yevropaning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida davom ettirgan. Xususan u Kembrij, Gettingen, Syurix va Leyden universitetlarida tahsil olgan. Oppenheimer Kembrijda o‘qiyotganida, buyuk fizik Ernest Rezerford (1871-1937) laboratoriyasida bir muddat ishlagan va o‘sha yerda nurlanib qolgan ekan. Gettingenda esa, kvant mexanikasi nazariyasi ustida ishlayotgan Verner Geyzenberg (1901-1976) bilan birga ishlagan. Oppenheimer 1927-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va AQSHga qaytib, Pasadenadagi Kaliforniya texnologiya universitetida o‘qituvchilik qila boshlaydi. 1928 yilda u Berklidagi Kaliforniya universitetida adyunkt-professor unvoni bilan, nazariy fizika bo‘yicha tadqiqotlar olib borishga kirishadi, bir vaqtning o‘zida texnologiya universitetidagi o‘qituvchilik faoliyatini ham olib boradi. Keyingi bir necha yil mobaynida olib borgan ilmiy izlanishlari tufayli, Oppenheimer, 1930-40 yillarning AQSHdagi eng yetuk nazariyotchi fizik olimi darajasiga ko‘tariladi. U fanning turli sohalarida - astrofizika, kosmik nurlar, kvant tunnel effekti hodisalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bordi. Oppenheimer fan tarixida birinchilardan bo‘lib, qora tuynuklarning mavjudligi haqida fikr bildirgan edi. 1936-yilda Robert Oppenheimer professor unvoniga erishgan. „J. Robert Oppenheimer“]. britannica. Qaraldi: 2022-yil 3-avgust.
  7. „Ҳаммасига Эйнштейн айбдорми – ядровий қурол устида ишланган «Манҳеттен лойиҳаси» қандай бошланганди?“. 2023-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-avgust.
  8. „J. Robert Oppenheimer“. atomicheritage. Qaraldi: 2022-yil 3-avgust.
  9. Kroll, Justin „Cillian Murphy Confirmed to Star As J. Robert Oppenheimer In Christopher Nolan's Next Film At Universal, Film Will Bow in July 2023“ (en-US). Deadline Hollywood (2021-yil 8-oktyabr). 2021-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 8-oktyabr.