Pavlovniya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Pavlovniya daraxti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pavlovniya — (lot. Paulównia) yoxud Odam ato daraxti, — Povlovniyadoshlar (Paulowniaceae) oilasiga mansub, daraxt[1].

Taʼrifi. Pavlovniya — bargi toʻkiladigan, baland boʻyli daraxt.

Bargi yirik, taxminan 70 sm.

Guli tojsimon, nim pushti, och siyohrang boʻladi.

Tanasining diametri 1 metrgacha yetadi.

Urugʻi paxta chanogʻiga oʻxshash, qobiq bilan qoplangan boʻladi.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pavlovniya haqida mil. avv. 2600-yillardagi manbaalarda ayrim maʼlumotlar uchraydi. Uning vatani Yaponiya va u yapon tilida „hayot“ degan maʼnoni anglatuvchi Kiri nomi bilan tanilgan. Kiri har doim muqaddas daraxt va omad ramzi hisoblangan. Yaponiyaliklar uyining yonida pavlovniya ekib, uning shoxlariga baxt qushi — „feniks“ (Humo qushi) qoʻnadi va bu oilamizga baxt keltiradi, deb ishonishgan.

1823-yilda nemis tabiatshunosi Filip Frans fon Zibold Yaponiyaga tashrifi chogʻida vataniga Kiri daraxtining urugʻlarini olib keladi. Bu yangi oʻsimlikni Gollandiyaning sevimli qirolichasi sharafiga uning nomi bilan atamoqchi boʻladi. Ammo „Anna“ deb ataluvchi oʻsimlik mavjudligi bois, uning sharifiga, yaʼni otasi Pavel I ning nomiga atab „Pavlovniya“ deya nomlaydi[2].

Oʻsish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pavlovniya oʻsayotgan muhitiga qarab, har-xil balandlikda qad rostlaydi, maksimal 30 metrgacha yetishi mumkin[3]. Pavlovniya Oʻzbekistonning quruq va issiq iqlimiga ham tezda moslashadi. U hatto tarkibida 2% gacha ohak boʻlgan quruq tuproqlarda ham oʻsadi. 5 yil ichida ushbu daraxt kutilgan balandlikka erishishi mumkin[4].

Xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pavlovniya juda tez fursatlarda qayta tiklanish xususiyatiga ega. Ildizining umr koʻrish muddati 70-100-yilni tashkil qilib, sakkiz yil davomida 4 va hatto 8-9 marotaba kesilganda ham qayta unib chiqish imkoniyatiga ega. Yogʻochi esa qimmatbaho xomashyo sifatida turli sohalarda keng qoʻllaniladi[5].

Sanoatda qoʻllanilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pavlovniyaning xushboʻy gullaridan parfyumeriya sanoatida, kosmetika sohalarida ham foydalaniladi. Pavlovniyaning gektaridan 800 kg.gacha yoki undan ham koʻproq asal olish mumkinligi isbotlangan. Bahorning ilk kunlaridan mayga qadar qiygʻos ochilgan gullaridan bitta asalarilar oilasi 10-15 kg.gacha asal yigʻib oladi. Ushbu asalning sifati ham oliy navli boʻlib, tibbiyotda juda koʻplab kasalliklarni davolashda yordam beradi. Yogʻochi oʻtga chidamli (400 °C gacha bardosh beradi), zararkunandalarga qarshi tura oladi. Pavlovniyaning namga bardoshliligi ham yuqori. Undan tayyorlangan yogʻoch eshik-romlar mana shu xususiyati bilan yogʻingarchilik mavsumida shishib qolmaydi va chirimaydi[6].

Povlovniya Oʻzbekistonda[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taxminan 2009-2010 yillarda Bolgariyadagi Plovdiv universitetida faxriy doktor sifatida maʼruza oʻqigan oʻzbekistonlik olim, biologiya fanlari doktori, professor Alisher Toʻrayev oʻsha yerda koʻrgani „pavlovniya“ nomli gʻaroyib daraxtga qiziqib qoladi. Bolgarlarning pavlovniya daraxtidan olinadigan pilet yoqilgʻisidan muqobil energiya manbai sifatida foydalanishi olimning koʻproq diqqatini tortdi. Aksariyat davlatlarda gaz muammosi mavjud boʻlgan oʻsha kezlari professor Toʻrayev Pavlovniya daraxtini yurtimizga olib kelib, birinchilardan boʻlib mahalliy sharoitda oʻstirishni yoʻlga qoʻydi[7]. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi „Respublikada tez oʻsuvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori asosida mamlakatimiz tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlar hamda oʻrmon fondining suv tanqis yoki tuprogʻi shoʻr boʻlgan yerlarida pavlovniya plantatsiyalarini tashkil etilib, koʻkalamzorlashtirish yoʻlga qoʻyilgan[8].

Pavlovniya turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

• Paulownia catalpifoliya — Katalpa pavlovniyasi yoki Yoydoq pavlovniya

• Paulownia elongata — Uzunchoq pavlovniya

• Paulownia fargesii — Farges pavlovniyasi

• Paulownia fortune HEMSL — Fartuney pavlovniyasi

• Paulownia kawakamii — Kavakami pavlovniyasi

• Paulownia tomentoso STEUD — Tolali pavlovniya

• Paulownia Shang Tong — Shang Tong pavlovniyasi[9]

Koʻpaytirish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston sharoitida Pavlovniya nihollaridan koʻpaytiriladi. Professor Alisher Toʻraev pavlovniya nihol va koʻchatini in-vitro usulida tayyorlaydigan Markaziy Osiyoda yagona, „De Nova Agro“ laboratoriyasini tashkil qildi. Laboratoriyada pavlovniya daraxti xaridorlarga ularning talabiga qarab nihol yoki koʻchat shaklida yetkaziladi. Ularning asosiy qismi Qozog'iston, Qirg'iziston, Indoneziya, Ukraina, Rossiya kabi xorij davlatlarga eksport qilinadi.

Sugʻorish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yangi ekilgan nihollar haftada bir marta sugʻoriladi. Birdaniga 1 chelak suv nihol atrifida hosil qilingan doiraga quyiladi. 3 yoshdan keyin ildizi mustahkamlangani bois, sugʻorish talab etilmaydi. Faqat uzoq muddat qurgʻoqchilik kuzatilsa, vaqti-vaqti bilan sugʻoriladi.

Oziqlantirish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻchatlar mavsum davomida 1 yoki 2 marta oziqlantiriladi. Buning uchun organik moddalar (kompost, mol goʻngi, gumus yoki qush goʻngi) va mineral oʻgʻitlar birgalikda ishlatiladi. Oziqlantiruvchi eritma sugʻorish paytida, suvga qoʻshib, quyiladi[10].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%9F%D0%B0%D0%B2%D0%BB%D0%BE%D0%B2%D0%BD%D0%B8%D1%8F, Pavlovniya, 24.07.2022
  2. https://whatflower.ru/houseplants/pavlovniya-adamovo-derevo-opisanie-poleznye-svojstva-posadka-vyrashhivanie-uxod/, Pavlovniya (Adamovo derevo): opisanie, poleznie svoystva, posadka, viraщivanie, uxod, 20.05.2020
  3. https://agrostory.com/info-centre/fans/pavlovniya-derevo-budushchego-/, Pavlovniya — derevo buduщego, Pavlovniya — derevo buduщego, Vadim, 03.12.2018
  4. https://agro-olam.uz/pavlovniya-daraxti-haqida-toliq-malumot/, Pavlovniya daraxti haqida toʻliq maʼlumot, Alisher Toʻrayev, 28.10.2020
  5. https://paulownia.pro/ru/paulownia/, O Pavlovnii. Primenenie i svoyctva, by Paulownia.pro®>
  6. https://leplants.ru/paulownia/, Pavlovniya (Adamovo derevo, Derevo Prinsessi, Drakonovo derevo), Redaksiya LePlants.ru
  7. https://yuz.uz/uz/news/dunyoda-eng-tez-osuvchi-pavlovniya-daraxtini-ozbekistonda-kopaytirish-istiqbollari, Dunyoda eng tez oʻsuvchi pavlovniya daraxtini Oʻzbekistonda koʻpaytirish istiqbollari, Iroda Toshmatova, 26.11.2020
  8. https://xs.uz/uz/post/hududlarda-pavlovniya-plantatsiyalari-tashkil-qilinadi (Wayback Machine saytida 2022-11-14 sanasida arxivlangan), Hududlarda pavlovniya plantatsiyalari tashkil qilinadi, 29.08.2020
  9. https://agro-olam.uz/pavlovniya-daraxti-haqida-toliq-malumot/, Pavlovniya daraxti haqida toʻliq maʼlumot, Alisher Toʻrayev, 28.10.2020
  10. https://flowersbook.ru/sadovye/derevja-i-kusty/pavlovnija.html, Pavlovniya, © 2021 — Ensiklopediya komnatnix i sadovix rasteniy, 14.10.2021